O‘zA O`zbek

27.12.2018 Chop etish versiyasi

“Ipoteka-bank” ATIB va Rossiyaning “Gazprombank” AJ 2 milliard rubllik hamkorlik bitimini imzoladilar

“Ipoteka-bank” ATIB va Rossiyaning “Gazprombank” AJ 2 milliard rubllik hamkorlik bitimini imzoladilar Jadal amalga oshirilayotgan investitsiya siyosati natijasida Oʻzbekiston iqtisodiy sohadagi koʻp tomonlama xalqaro hamkorlikning faol ishtirokchisiga aylandi.

Xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligiga va istiqbollariga ishonchi va qiziqishi xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda ijobiy omil boʻlmoqda. Maksimal darajada qulay investitsiya muhitini yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlar uchun qonunchiligimizda keng imtiyozlar, yengilliklar hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari tizimi belgilangan. Oʻzbekistonning eng yirik banki hisoblangan “Ipoteka-bank” ATIB va Rossiyaning “Gazprombank” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida imzolangan qoʻshma bitim mamlakatimizga xorijiy kredit liniyalarini jalb etish borasida olib borilayotgan faol ishlarga misoldir.

2018 yil 25 dekabr kuni “Ipoteka-bank” ATIB va “Gazprombank” AJ mamlakatimiz iqtisodiyotining eng muhim sohalarida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish toʻgʻrisida hadli bitimni imzoladilar. Ushbu hujjat tomonlarning keng doiradagi masalalarda, jumladan, togʻ-kon, kimyo va metallurgiya tarmoqlari, agrar sektor, toʻqimachilik sanoati va qurilish sohalaridagi investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish maqsadida hamkorlik qilishini koʻzda tutadi. Bugungi kunda jalb etiladigan investitsiyalar qiymati 30 million AQSH dollari ekvivalentini tashkil etmoqda.

Ushbu bitimni imzolashdan asosiy maqsad metallurgiya va togʻ-kon sanoatini rivojlantirishga, yangi texnologiyalar, ishlab chiqarishni tashkil etishning ilgʻor usullarini joriy etishga, ushbu tarmoqlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish uchun tizimli va uzoq muddatli ragʻbatlarni yaratishga koʻmaklashishdan iborat.

Shuningdek, tomonlar transport, tibbiyot, uy-joy kommunal va ijtimoiy infratuzilmani qamrab oladigan loyihalarni birgalikda ilgari surish va moliyalashtirishdan manfaatdor.

Hamkorlik doirasida tomonlar ularni qiziqtirgan loyiha va dasturlarni sindikatsiyalashgan holda moliyalashtirish operatsiyalarini yanada rivojlantirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

“Ipoteka-bank” ATIBning “Gazprombank” AJ bilan hamkorligi kredit resurslarini jalb etish bilan cheklanmay, tomonlar oʻrtasida tajriba almashishni ham koʻzda tutadi. Bu savdoni moliyalashtirish, jumladan, savdo operatsiyalarini eksportoldi va eksportdan keyingi moliyalashtirish, kafolatlar taqdim etish, ramburs majburiyatlari va savdoni moliyalashtirishning boshqa shakllari boʻyicha Rossiya moliyaviy institutlari tajribasini oʻrganish va “Ipoteka-bank” ATIB tizimida amaliyotga joriy etish imkonini beradi.

“Ipoteka-bank” ATIB va “Gazprombank” AJ koʻplab boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va amalga oshirishni rejalashtirgan.

“Gazprombank” AJ 1990 yilda tashkil etilgan, moliyaviy koʻrsatkichlarga koʻra Rossiyaning uchta eng yirik banki sirasiga kiradi. Bank Rossiya iqtisodiyotining muhim tarmoqlari - gaz, neft, atom, kimyo va neft-kimyo, qora va rangli metallurgiya, elektr energetikasi, mashinasozlik va metallga ishlov berish, transport, qurilish, aloqa, agrosanoat majmui, savdo sohalariga xizmat koʻrsatadi. Bankning eng yirik aksiyadorlari “Gazprom” OAJ va “Gazfond” NPJ hisoblanadi.