O‘zA O`zbek

12.04.2018 19:36 Chop etish versiyasi

Investitsiyalarni jalb qilishda xalqaro hamkorlik

KPMGning Rossiya va MDH bo‘yicha investitsiya, kapital bozori bo‘limi boshlig‘i Lidiya Petrashova O‘zbekistonda investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilayotgani iqtisodiyotni liberallashtirishda qulay sharoit yaratayotganini ta’kidladi.

Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va mamlakat hududlarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish: muammolar va yechimlar” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar, erkin iqtisodiy zonalar rahbarlari, diplomatik korpus, xalqaro moliya institutlari, milliy va xorijiy ekspertlar, kompaniya va korporatsiyalar – jami 30 dan ziyod xorijiy davlat vakillari ishtirok etdi.

– O‘zbekistonda kechayotgan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi KPMGning Rossiya va MDH bo‘yicha investitsiya, kapital bozori bo‘limi boshlig‘i Lidiya Petrashova. – Bunda davlat boshqaruvining ochiqligini, qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarining ijrosini ta’minlashdagi shaffoflik alohida ahamiyatga ega. Investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilayotgani iqtisodiyotni liberallashtirishda qulay sharoit yaratmoqda. Bugun mamlakat hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya kiritish imkoniyati mavjud. Bu esa boshqaruvning pastdan yuqoriga tamoyiliga to‘liq mos keladi. Tadbir doirasida hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va mazkur jarayonda davlat ishtirokini ta’minlashda xalqaro tajriba mavzuidagi ma’ruza bilan ishtirok etdim.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
4 151