Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 18:49 Chop etish versiyasi

Investitsiya: amaliyot va samara

Farg‘ona viloyatida qurilishi tugallanmagan va bo‘sh turgan inshootlardan samarali foydalanish, investitsiya kiritish va ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 23-fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Viloyatda qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, aniqlash bo‘yicha Idoralararo komissiya tuzildi hamda avval xususiylashtirilgan 5 ming 49 obyekt qayta xatlovdan o‘tkazildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Inomjon Shokirov. – Xatlov natijasida ularning 341 tasi faoliyatsiz yoki past quvvatda ishlayotgani aniqlandi. Ushbu obyektlarda faoliyatni yo‘lga qo‘yish maqsadida mulkdorlar va tijorat banklari bilan birga 327 loyiha ishlab chiqildi. Loyihalarni amalga oshirish uchun 155,8 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi va 5 ming 918 yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalarning 290 tasi 2017-yilda, 37 tasi esa 2018-yilda ishga tushiriladi.

Quva tumanidagi eski konserva zavodining bo‘sh turgan binosida "Quva Agro invest" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mevani qayta ishlab, tabiiy sharbat ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan 4,2 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha ishga tushirilgach, 70 yangi ish o‘rni yaratiladi. Ayni kunlarda jamiyat tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanib, obyekt dastgohlar o‘rnatilishiga tayyor holga keltirilgan.

Buvayda tumanidagi eski ip yigiruv korxonasi negizida “Prof teks lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan to‘qimachilik korxonasi tashkil etiladi. Buning uchun 14 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilmoqda. Bu loyihaning amalga oshirilishi 200 ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Shu kungacha dasturga kiritilgan 28 investitsiya loyihasi ishga tushirildi. 286 loyihada qurilish-ta’mirlash ishlari boshlandi, 8 tasida dastgohlar o‘rnatilmoqda, qolgan obyektlar bo‘yicha faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 17-yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obyektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida ham viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilayotir.

O‘tkazilgan xatlovlarda viloyat bo‘yicha 60 bo‘sh turgan davlat mulki obyekti aniqlandi. Ushbu obyektlarning 49 tasi savdolar orqali sotiladi, 11 yaroqsiz obyekt buzilib, yer maydonlari yangi tadbirkorlarga ajratib beriladi. Bu, o‘z navbatida, ishbilarmonlarning binoga bo‘lgan talabini to‘laroq qondirish imkonini beradi.

Bularning barchasi xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
858






Все о погоде - Pogoda.uz