Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 15:16 Chop etish versiyasi

Intensiv bog‘lar hosilga kirdi

Intensiv bog‘lar hosilga kirdi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Gold fresh fruits” mas’uliyati cheklangan jamiyatining intensiv bog‘i hosilga kirdi.

Yandama qishlog‘i hududida yastangan qariyb 500 gektarlik intensiv bog‘ nihollari 2016-yilda ekilgan. Bog‘ hududi atigi 12 sentner hosil beradigan paxta maydoni edi. Avvaliga “bu yerda dehqonchilik qilib birov baraka topmaydi, bular ham eplay olmay albatta tashlab ketadi”, deb ishonchsizlik bilan qaraganlar ham bo‘ldi. Tinimsiz mehnat, puxta o‘ylangan loyiha va aniq hisob-kitob o‘z samarasini berdi. Bog‘ hosilga kirdi.

Intensiv bog‘ning 85 foiz yeriga gilos ekilgan. Qolgan qismida olxo‘ri, shaftoli, xurmo, o‘rik, bodom parvarishlanmoqda. Xorijdan keltirilgan gilos ko‘chatlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish bog‘bonning bilimi, malakasi, sabr-toqati va, eng muhimi, yerga mehriga bog‘liq.

– Bog‘da amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi doimiy nazoratda, – deydi “Gold fresh fruits” mas’uliyati cheklangan jamiyati agronomi Ilhom Valiyev. – O‘tgan yili ekkan nihollarimiz deyarli bexato ildiz otib, baravj rivojlanmoqda. Bu maqsadimiz va ishonchimizni yanada mustahkamlab, yangi loyihalar ustida izlanishga undamoqda. Xorijdan keltirilayotgan meva ko‘chatlarini o‘zimizda ko‘paytirish bo‘yicha ham muayyan tajriba orttirdik. Ayni paytda 7 gektar yerda payvandlash yo‘li bilan ko‘kartirilgan 170 ming tupdan ziyod gilos ko‘chati, ularni ekish uchun 94 gektar maydon hozirlab qo‘yilgan. Ko‘chatlar avgust oyi oxirigacha o‘tqaziladi. Loyihaning keyingi bosqichiga ko‘ra, kelgusi yil bahorda 424 gektar maydonga ekish uchun 600 ming tup ko‘chat payvandlashga tayyor qilib qo‘yildi. Ko‘chatlarni shu yerning o‘zida yetishtirishdan ko‘zda tutilgan maqsad katta miqdordagi valyutani tejash bilan birga, mahalliy bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun ko‘chat yetkazib beradigan baza, ilmiy-amaliy o‘quv markazi sifatida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishdir.

Bog‘dagi 2x4 sxemada ekilgan gilos va boshqa meva ko‘chatlari qator oralarida umuman begona o‘t yo‘q. Mas’uliyati cheklangan jamiyatda 80 ga yaqin kishi muqim ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, 3000 ga yaqin mavsumiy ishchi jalb etiladi.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, juda katta maydondagi har bir meva daraxti qatoriga ingichka va yumshoq quvurlar tortilgan yoki qariyb 500 gektar yerdagi bog‘ ustini do‘l, jazirama va turli zararkunandalardan muhofaza qilish uchun maxsus to‘r bilan yopishga mo‘ljallab minglab beton ustunlar o‘rnatilgan. Tomchilatib sug‘orish tarmog‘iga suv komputer bilan boshqariladigan 3 nasos stansiyasi orqali yetkazib beriladi. Oddiy usulda sug‘orilganda gektariga 120 litr suv sarflansa, tomchilatib sug‘orishda bu ko‘rsatkich atigi 40 litrni tashkil etadi, ya’ni suv tejamkorligiga erishiladi.

– Bog‘ uch kunda bir marta, 2-4 soat davomida sug‘oriladi va soatiga bir gektarga o‘rtacha 4 litr suv sarflanadi, – deydi jamiyat ish boshqaruvchisi Erkin Nishonov. – Bunga bog‘ni mineral o‘g‘itlar bilan to‘yintirish ham suv orqali amalga oshirilayotgani qo‘shilsa, o‘g‘it va uni yerga solishda ishlatiladigan texnika vositalari sarf-xarajatlari ham ancha qisqarayotgani ayon bo‘ladi. O‘g‘itning suv bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri daraxtning ildiziga borishi samaradorlikni oshiradi.

Korxonada yangi usul, ya’ni niholni yonboshlatib ekish usuli qo‘llanmoqdaki, bu dastlab kishini hayron qoldiradi. Bundan maqsad nima degan savolimizga E.Nishonov shunday javob berdi:

– Italiyaga tajriba almashgani borganimizda xorijlik bir olim bizning gilos plantatsiyamiz kattaligini eshitib, hayron bo‘ldi. Negaki, uning xuddi shunday meva yetishtiriladigan bog‘i bir gektar atrofida ekan, xolos. Shuncha maydondagi hosilni qanday yig‘ishtirib olasizlar, bu juda katta muammo-ku, deb so‘radi. Mana shu mulohazadan so‘ng turli izlanishlar natijasida ko‘chatni Ufa usulida, ya’ni yonboshlatib ekishni joriy qildik. Bu pishgan gilosni qisqa vaqtda terib olish, bog‘ning umrini uzaytirish va hosildorlikni oshirishning samarali usulidir. Ayni paytda "Uzbek cherry” loyihasi ustida qizg‘in ish olib borilmoqda. Umumiy qiymati 45 million dollar bo‘lgan mazkur loyihaga muvofiq, 2018-yilda giloszor intensiv bog‘ning umumiy maydoni 1000 gektarga yetkazilib, ishchilarimiz soni 500 dan oshadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bog‘dan 10 ming tonna sifatli meva olinib, 30 million dollar atrofida eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

“Gold fresh fruits”ning logistika markazini tashkil qilish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihaga ko‘ra, barpo etiladigan korxonada meva-sabzavotni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, saqlash va qadoqlash yo‘lga qo‘yiladi.

– Davlatimiz rahbarining sohaga alohida e’tibori bizga katta rag‘bat va madad bo‘lmoqda, – deydi “Gold fresh fruits” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisi “GDF” birlashmasi bosh direktori Murodxon Valiyev. – Prezidentimiz joriy yil 7-8-iyul kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida jamiyatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishar ekan, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatma va maslahatlar berdi. Intensiv bog‘larni yanada kengaytirish tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shundan kelib chiqib, 2018-2019-yillarda yana ming gektar intensiv bog‘ yaratishni maqsad qilib quydik, shunda jami bog‘larimiz yer maydoni 2000 gektar bo‘ladi. Bu el-yurtimiz dasturxonining yanada to‘kin bo‘lishi, mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
2 576






Все о погоде - Pogoda.uz