O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Inkassatsiya xizmatini tashkil etish uchun qoʻyiladigan talablar belgilandi

Inkassatsiya xizmatini tashkil etish uchun qoʻyiladigan talablar belgilandi

Markaziy bankning “Tijorat banklari tomonidan tashkil etiladigan inkassatsiya xizmatiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi” Nizomi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Prezidentimizning 2018-yil 30-oktyabrdagi “Tovar bozorlarida savdoni yana-da erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq ishlab chiqildi. Bu haqida Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Nizom ilgʻor xorijiy tajribaga tayangan holda, tijorat banklari tomonidan muqobil inkassatsiya xizmati tashkil etish hamda naqd pul va boshqa qimmatliklarning butligi hamda daxlsizligini taʼminlash orqali inkassatsiya qilinishini yoʻlga qoʻyish maqsadida ishlab chiqildi.

Mazkur hujjatda inkassatsiya xizmati xodimlari, maxsus avtotransport vositalari, inkassatsiya xizmati faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanilayotgan bino va inshootlar hamda inkassatsiya xizmatini tashkil etish boʻyicha qoʻyilgan talablarga muvofiqligini nazorat qilish talablari belgilandi.

Shu bilan birga, Nizomda tijorat banklariga muqobil inkassatsiya xizmatini tashkil etish yuzasidan talablarni soddalashtirish maqsadida tijorat banklari inkassatsiya xizmatini tashkil etishda xizmat qurollaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan hollarda, qonun hujjatlariga muvofiq ulardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan vazirlik va idoralarga qarashli korxona va tashkilotlarning xodimlari shartnoma asosida jalb etilishi, shuningdek, tijorat banklari inkassatsiya xizmati faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi (litsenziya, ruxsatnoma) turkumidagi hujjatni olmagan holda ushbu xizmatni bajarishlari mumkinligi boʻyicha talablar belgilangan.

“Tijorat banklari tomonidan tashkil etiladigan inkassatsiya xizmatiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi”gi Nizom 2020-yil 30-iyundan kuchga kirdi.

11 842
OʻzA