O‘zA O`zbek

22.05.2019 12:06 Chop etish versiyasi

Ilk pullik yo‘l yurtimizning qaysi hududda qurilishi ma’lum bo‘ldi

Ilk pullik yo‘l yurtimizning qaysi hududda qurilishi ma’lum bo‘ldi

Ko‘pchilikning xabari bor, shu kunlarda yurtimizda pullik yo‘llar haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

Hozirda birinchi “Toshkent-Andijon” pullik yo‘li qurilishi bo‘yicha 2019 yilning iyun oyida Jahon banki bilan konsultatsiya xizmatini ko‘rsatish yuzasidan bitim tuzish ko‘zda tutilgan.

Qurilish tenderi g‘olibini e’lon qilish va u bilan bitim tuzish muddati esa yil oxiriga mo‘ljallangan. 
Ayni kunlarda Jahon bankining ekspertlari yurtimizda bo‘lib, Toshkent-Andijon yo‘nalishida qurilishi kutilayotgan pullik magistral yo‘li bo‘yicha birlamchi izlanishlarni yakunladi.

Natijalar haqida Jahon bankining infratuzilma masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Jeyms Richard so‘zlab berdi.

photo5379918731695729332.jpg

– Izlanish jarayonida magistral yo‘lni uch bosqichda o‘rganish mumkinligini aniqladik. Loyihaning birinchi bosqichida Toshkent-Angren uchastkasini, undan so‘ng Angren-Qamchiq dovoni uchastkasi va so‘nggi bosqichda Qamchiq dovonidan Andijon viloyatigacha bo‘lgan uchastkada tegishli o‘rganishlar olib borish maqsadga muvofiq ekan.

Qayd etish joizki, pullik yo‘llar davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi. Bu borada ham uchta taklifimiz bor. Birinchi, Toshkent-Andijon magistrali bo‘ylab qisqa pullik yo‘lni barpo etish.

Ikkinchi, Toshkent-Andijon magistralidagi mavjud yo‘lni modernizatsiya qilish.

Uchinchi, Toshkent-Andijon magistral yo‘li bo‘ylab yuk avtomashinalari uchun elektron to‘lov asosidagi pullik yo‘lni barpo etish.

Bilasizlar, pullik yo‘lning ham bir qator talablari bor. Xususan, pullik yo‘llardan foydalanish haydovchi uchun har doim ixtiyoriy bo‘lishi, bunday yo‘nalishlarda parallel ravishda, albatta, muqobil davlat yo‘llari, ya’ni bepuli ham bo‘lishi shart.

photo5379918731695729331.jpg

Qolaversa, biror yo‘nalishda faqat pullik yo‘l bo‘lsa-yu, avtomobili bor, ammo mablag‘ to‘lashga imkoniyati yo‘q inson manzilga qanday yetib oladi? Shunga ko‘ra, Qamchiq dovonida yangi tunnel barpo etish kerak.

Uning uzunligi 19 km. bo‘lib, avtotransportlarning harakatlanishi uchun qator qulayliklar yaratiladi. Bundan tashqari, bu kabi loyihaning amalga oshirilishi yo‘lda harakat xavfsizligi yuqori darajada ta’minlanishiga va yuk mashinalarining manzilga yetib borish vaqti ancha qisqarishiga olib keladi.

Bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, 1 kilometr tunnelni qurish uchun 20 million dollardan ortiq mablag‘ sarflanishi mumkin. Tunnelni qurish uchun mo‘ljallangan maydonning geologik joylashuvi, balandligi, puxta o‘rganib chiqilgach, aniq hisob-kitoblarni chiqarish mumkin.

Qayd etish joizki, AQSh, Gruziya, Singapur, Fransiya, Avstriya, Avstraliya kabi davlatlarda yo‘l qurilishi loyihalarining aksariyati aynan DXSh asosida barpo etilmoqda. 

Bundan tashqari, Yevropada DXSh loyihalari asosida qurilgan pullik yo‘llar hajmi 70 foizni tashkil etadi. 

To‘lov miqdori sutkadagi vaqt, hafta kuni yoki yil oyiga qarab turli toifadagi transport vositalari uchun tabaqalashtirilishi mumkin. Yo‘l haqini maxsus punktlarda undirish taklif etilmoqda, yo‘l haqini oldindan to‘lash hollari bundan mustasno.

Sayyora Shoeva, O‘zA
541