O‘zA O`zbek

20.05.2020 Chop etish versiyasi

IJTIMOIY FIKR: Respondentlarning 74 foizi Oʻzbekistonning YEOIIga, 78 foizi JSTga aʼzolikni qoʻllab-quvvatladi

IJTIMOIY FIKR: Respondentlarning 74 foizi Oʻzbekistonning YEOIIga, 78 foizi JSTga aʼzolikni qoʻllab-quvvatladi


Bugungi kunda Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish masalasi qizgʻin bahslarga sabab boʻlmoqda. Albatta, bu masalalarda ijtimoiy jamoatchilik fikri ham muhim hisoblanadi.

Shu maqsadda joriy yil yanvar-fevral oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi fuqarolar oʻrtasida “Oʻzbekistonning YEOII va JSTga ehtimoliy aʼzo boʻlishi taʼsirini baholash” boʻyicha anonim soʻrov oʻtkazdi.

Tadqiqotchilar, olimlar, davlat xizmatchilari, xususiy sektor vakillari, oʻqituvchi va talabalar qatnashgan soʻrovnoma ishtirokchilariga taqdim etilgan soʻrovnoma 10 savoldan iborat boʻlib, u xorij tajribasi boʻyicha ishlab chiqildi.

Soʻrovnomada barcha hududlardan 1300 dan ortiq ishtirokchi faol va aniq javoblari bilan qatnashdi.

Tadqiqot ishtirokchilarining gender tarkibini quyidagicha tahlil etish mumkin. Soʻrovnoma ishtirokchilarining aksariyat qismi, yaʼni 1037 nafari erkaklar (79 foiz), 271 nafari esa ayollarni (21 foiz) tashkil etdi. Ayniqsa, talabalar faol ishtirok etdi (37 foiz), shuningdek, xususiy sektor vakillari (27 foiz), davlat xizmatchilari (19 foiz), oʻqituvchilar (12 foiz), olimlar va tadqiqotchilar (4 foiz), boshqa kasb egalari (1 foiz) ham savollarga aniq javob berdi.

Oʻzbekistonning YEOIIga aʼzo boʻlish soʻrovnomasiga doir natijalar

Respondentlarning 74 foizi Oʻzbekistonning YEOIIga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatladi. Ishtirokchilarning 16 foizi qarshi, 4 foizi betaraf qoldi, 6 foizi javob berishga qiynaldi.

Tadqiqot Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari respondentlari YEOIIga qoʻshilishni eng koʻp (90 foizdan ortiq) qoʻllab-quvvatlashini koʻrsatdi.

Integratsion birlashmaga qoʻshilishga qarshi boʻlganlarning ulushi Andijon viloyatida 32 foiz, Toshkent shahrida 26 foiz, Fargʻona viloyatida esa 21 foizni tashkil etdi.

Ittifoqqa qoʻshilish tarafdorlari erkaklarga nisbatan ayollar oʻrtasida koʻproq, yaʼni 82 foiz ayollar va 73 foiz erkaklar qoʻllab-quvvatlagan. Shuningdek, 20 yoshgacha va 40 yoshdan katta ishtirokchilar ham YEOIIga qoʻshilishni faol maʼqullagan.

Oʻzbekistonning YEOIIga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlamaydiganlarning ulushi 30-39 yoshdagi (23 foiz) fuqarolar orasida yuqoridir. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, qoʻshilishni qoʻllab-quvvatlovchi fuqarolar soni oʻqituvchilar, talabalar va xususiy sektor vakillari orasida (76 foiz) tadqiqotchilar va davlat sektori xodimlariga nisbatan (66 foiz) yuqori.

45 foiz respondent YEOIIga qoʻshilishning asosiy xavfini ittifoqqa aʼzo boʻlmagan davlatlardan keladigan import mahsulotlari cheklanishida koʻradi. 42 foiz ishtirokchini tashqi raqobat oshgani sari ichki ishlab chiqarish va ish oʻrinlari kamayib ketishi tashvishga solgan. Davlat byudjeti daromadlari kamayishi ehtimoli esa respondentlarni eng kam tashvishga solgan (13 foiz).

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlishning eng asosiy afzalliklari sifatida tovarlar va xizmatlar narxining pasayishi, shuningdek, raqobat kuchayishi natijasida mahsulot sifati oshishi koʻrsatilgan (51 foiz). 24 foiz respondent mahalliy mahsulotlar uchun eksport bozorlari kengayishi natijasida yangi ish oʻrinlari yaratilishini ijobiy baholagan.

Soʻrovnoma ishtirokchilarining 15 foizi mehnat muhojirlarining sharoitlari yaxshilanishini inobatga olgan, 10 foizi umumiy mehnat bozori shakllanishi natijasida ishchi kuchining davlatlararo harakati yana-da erkinroq boʻladi, deb baholagan.

Qayd etish kerakki, soʻrovda qatnashgan 200 dan ortiq ishtirokchi YEOII qoʻshilish afzalliklari va xatarlari yuzasidan oʻz izohlarini qoldirgan. Joriy yilning 29-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar tomonidan Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasi koʻrib chiqildi. Unda deputatlar YEOIIda Oʻzbekiston kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini maʼqulladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov oʻz nutqida taʼkidlaganidek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik soʻrov bu borada jamoatchilik fikrini ilmiy tadqiq etish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishiga doir soʻrovnoma natijalari

Soʻrovnoma ishtirokchilarining aksariyati (78 foiz) Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlagan, 8 foizi qarshi ekanini bildirgan, 7 foizi betaraf qolgan, qolganlar javob berishga qiynalgan.

Navoiy, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (84-91 foiz) JSTga aʼzo boʻlish eng koʻp qoʻllab-quvvatlandi. Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishiga qarshi boʻlganlar Toshkent shahri (13 foiz), Toshkent viloyati (18 foiz) va Andijon viloyatida (12 foiz) eng koʻp kuzatildi. JSTga aʼzo boʻlishni qoʻllab-quvvatlovchilar orasida erkaklar va ayollar ulushi teng boʻldi. Tashkilotga qoʻshilishni 20 yoshgacha boʻlgan respondentlarning aksariyati (86 foizi) qoʻllab-quvvatlagan. JSTga qoʻshilishga eng koʻp ovoz bergan oʻqituvchi va talabalar boʻlsa (84 foiz), xususiy sektor vakillari orasida bu fikrni qoʻllab-quvvatlaganlar nisbatan kamroqni tashkil etgan (70 foiz).

Respondentlar JSTga aʼzolikning eng xavotirli tomoni iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari ustidan tashqi nazorat oʻrnatilishi, natijada mazkur sohalar xorijlik tadbirkorlarga oʻtishi mumkin. 44 foiz ishtirokchi ushbu masalada oʻz xavotirini bildirgan.

Respondentlarning 42 foizi tovarlar va xizmatlar importi oshib ketishi mahalliy korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini aytgan, 14 foizini esa davlat daromadlari kamayishi ehtimoli bezovta qilgan.

34 foiz ishtirokchi JSTga qoʻshilishning asosiy afzalligi raqobat muhitining yaxshilanishi, tovarlar va xizmatlar narxlari pasayishi va ularning sifatiga ijobiy taʼsir qilishida, deb biladi.

23 foiz respondent Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi rivojlangan mamlakatlar bilan savdo aloqalari yaxshilanishi, yuqori texnologiyali importning oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, deb hisoblagan.

Respondentlarning 16 foizi milliy ishlab chiqarish hajmi, yangi ish oʻrinlari yaratilishi xorijiy investitsiyalar oqimi va xorijiy korxonalar hisobiga oshadi, deb hisoblaydi.

Soʻrovda ishtirok etganlarning 11 foizi JSTga qoʻshilish Oʻzbekistonning xalqaro imijini yaxshilashini bildirgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati.


6 460
OʻzA