O‘zA O`zbek

26.12.2018 Chop etish versiyasi

Hokim tadbirkorlar bilan uchrashdi

Hokim tadbirkorlar bilan uchrashdi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etgan muloqotda Prezidentimizning 2018 yil 29 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni mazmun-mohiyati va soliq siyosati konsepsiyasini amaliyotga tatbiq qilish borasidagi muhim vazifalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

– Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida soliqqa tortish tizimini tubdan isloh etish, shu jumladan, soliqlar va majburiy toʻlovlarni qisqartirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish koʻzda tutilgan, – dedi Namangan viloyati hokimi X.Bozorov. – Qulay raqobat muhitini yaratish, soliq qonunchiligi barqarorligi va soddalashtirilishini taʼminlash, soliq yuklamasini kamaytirish, respublikamizning investitsion jozibadorligini oshirish hamda soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish konsepsiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Muloqotda taʼkidlandiki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida qabul qilingan yangi soliq konsepsiyasida biznes uchun juda katta imkoniyatlar, xalqaro darajadagi qulay sharoitlar nazarda tutilgan. Xususan, soliq turlari 2019 yildan 19 tadan 15 tagacha qisqarmoqda. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasi 14 foizdan 12 foizgacha, dividendlar va foizlar koʻrinishidagi daromadlar boʻyicha foyda soligʻi stavkasi 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirildi.

– Eʼtiborlisi, soliq yukining kamayishi, soliq sohasidagi islohotlar samarasi oʻlaroq, birgina Namangan viloyatida soliq toʻlovchilar ixtiyorida 458 milliard soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda, –deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari A.Mahmudov. – Bu mablagʻ viloyat iqtisodiyotining oʻsishi, oʻz navbatida ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan 3 milliard soʻmgacha boʻlgan korxonalar qoʻshimcha qiymat soligʻini ixtiyoriy ravishda soddalashtirilgan tartibda, yaʼni korxonalar sotib olingan tovarlar boʻyicha alohida hisob-faktura yuritmaydi va soliqni tovar aylanmasidan kelib chiqib, sohalar kesimida tabaqalashgan holda toʻlaydi. Bunda soliq organlari tomonidan umumbelgilangan soliq toʻloviga oʻtayotgan korxonalarda tushuntirish olib borish, ularga amaliy yordam koʻrsatish zarur.

Shuningdek, tadbirkorlarga qoʻshimcha qiymat soligʻi kichik biznesga ham joriy etilishi natijasida narx-navo oshib ketishining oldi olinishi, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan har bir jarayonda yaratilayotgan qoʻshimcha qiymatga soliqlarni joriy etish orqali narxni toʻgʻri shakllantirish, uning asossiz ravishda oshib ketmasligini taʼminlash zarurligi tushuntirildi.

– Bugungi tadbirda tadbirkorlar uchun yanada keng imkoniyatlar ochayotgan soliq siyosati konsepsiyasining mazmun-mohiyatidan, ahamiyatidan batafsil xabardor boʻldik, – deydi Namangan shahridagi “Jahon Javohiri invest” MCHJ bosh hisobchisi F.Muqimova. – Ishchi-xizmatchilarning daromad soligʻidagi stavkaning yaxlit 12 foizga tushirilishi, shuningdek, sugʻurta badallarining bekor qilinishi tufayli xodimlarning daromadi ortadi, bu esa faoliyatimiz samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Muloqotda tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi, zarur huquqiy maslahat berildi.

5 006
Akromjon Sattorov, OʻzA