O‘zA O`zbek

03.08.2018 11:36 Chop etish versiyasi

Hisob-kitoblar yuritilishda aniqlik, shaffoflik kerak

Hisob-kitoblar yuritilishda aniqlik, shaffoflik kerak
“Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritish” nomli uslubiy qo‘llanma keng ommaga taqdim etildi.

Hech kimga sir emaski, bugungi kunda fermer va dehqon xo‘jaliklarida buxgalteriya hisob-kitob yuritilishida ma’lumotlarni umumlashtirish, belgilangan me’yor va normalar asosida olib borilishi, ularning shaffofligini ta’minlashda anglashilmovchiliklar hamda kamchiliklarni kuzatish mumkin.

Prezidentimizning 2018-yil 2-iyuldagi “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ayni shu jihatlarni e’tiborga olinib qabul qilindi.

Mazkur huquqiy hujjatning qabul qilinishi, avvalo, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritishda aniq mexanizimlar asosida ishni tashkil etishga, moliya bozorida iqtisodiy taomillarga to‘la javob beradigan amaliy natijalarni o‘zida qamrab olganligi bilan ham ahamiyatlidir.Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlarini tashkil etish ko‘rsatib o‘tilgan.

Ushbu markaz orqali fermer xo‘jaliklari bo‘yicha buxgalteriya hisobini yuritish, fermer xo‘jaliklari ishchilariga ish haqi va undan majburiy ajratmalar hisoblash, mavsum yakuni bo‘yicha fermer xo‘jaliklarining asosiy vositalari, tovar-moddiy zaxiralari, pul mablag‘lari, debitorlik va kreditorlik qarzlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, soliqlar bo‘yicha hisob-kitoblar, soliq organlari bilan qarzdorlik bo‘yicha solishtirma dalolatnomalarini tuzish hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil etish, moliyaviy va statistika hisobotlarini tuzish va ularning tegishli organlarga taqdim etilishini ta’minlash hamda fermer xo‘jaligining yil yakuniga ko‘ra, daromadlari va xarajatlarini tahlil qilish va keyingi yilga biznes reja tuzishda amaliy yordam berish vazifalari belgilab qo‘yilgan.

Fermer, dehqon xo‘jaliklarida, qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarida ham buxgalteriya hisob-kitob yuritilishining aniq mexanizimlarni hayotga tatbiq etish borasida Respublikamizning ilmiy muassasalari va qishloq xo‘jaligi ixtisosligidagi idoralar hamkorligida ilmiy anjuman, davra-suhbatlari o‘tkazilmoqdaki, bu esa mirishkorlar uchun hisob-kitoblarni ham huquqiy, ham buxgalteriya normalar asosida olib borilishi hamda amaliy va nazariy bilimlar uyg‘unligida ilmiy ma’ruza, uslubiy qo‘llanmalarning yaratilishiga ham zamin bo‘lmoqda.

Jumladan, shu kabi amaliy natijalar asosida Ch.Rizayev va N.Jiyanov hammualliflikda “Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritish” nomli uslubiy qo‘llanma fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini, moliyalashtirishni yuritish hamda boshqarishni hisobga olishda amaliyotchi buxgalterlar, iqtisodchilar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan ishlab chiqarish jarayonida foydalanishga mo‘ljallab keng ommaga taqdim etildi.

Qo‘llanmada fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini tashkil etish va uni amalda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berilishi bilan birga, bugungi kunda amaliyot va nazariyaning bir-biri bilan chambarchas bog‘liqlik tomonlari e’tiborga olinib, tahlil etilgan. Shuningdek, agrar tarmoqni yanada rivojlantirish borasida huquqiy-me’yoriy hujjatlarning sohaga tatbiq etish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tilgan. 

Xulosa o‘rinda aytish mumkinki, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini rivojlantirish va shu orqali xalqimiz turmish farovonligini oshirish, ularning sarxil meva-sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, eksport salohiyatini yaxshilash borasida olib borilayotgan amaliy sa’y-harakatlar ham albatta, aniq buxgalteriya hisob-kitoblar yuritilishi orqali hayotga tatbiq etilishida asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

Najibudin Jiyanov

O`zA
3 154