O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:55 Chop etish versiyasi

Hamkorlikda Oʻzbekiston – Janubiy Koreya toʻqimachilik texnoparki tashkil etiladi

Poytaxtimizda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va Koreya Respublikasining Geonji Daejin texnoparki hamkorligida Oʻzbekiston – Janubiy Koreya toʻqimachilik texnoparki faoliyatiga bagʻishlangan biznes-brifing boʻlib oʻtdi.

Unda Koreya texnoparki delegatsiyasi vakillari, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, toʻqimachilik korxonalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Brifing davomida Janubiy koreyalik ekspertlar guruhi tomonidan ishtirokchilarga Toshkentdagi toʻqimachilik texnoparki faoliyati va vazifalari, mamlakat toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishdagi oʻrni haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

– Bugungi kunda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti tomonidan mingdan oshiq talabalar mazkur texnopark faoliyatiga jalb etilgan boʻlib, tizimli ishlar olib borilmoqda, – deydi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi boʻlim boshligʻi Sardor Odinayev. –Jumladan, yaqin uch yil ichida yuzdan ortiq talaba, magistr, ilmiy xodimlar Janubiy Koreyaning bir qator universitet va texnoparklarida malaka oshirib qaytdi. Biz texnoparkni rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilab oldik. U nafaqat ilmiy ishlanmalar, balki yangilik, startap gʻoyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bogʻliq boʻladi. Toʻqimachilik texnoparkimiz ochilishi 2019-yilning bahor oylariga rejalashtirilgan.

Brifingda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va Koreya Respublikasining Geonji Daejin texnoparki oʻrtasida toʻqimachilik sohasida hamkorlik boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, tadbirda joriy yilning noyabr oyida Koreya Respublikasida muvaffaqiyatli amaliyot oʻtagan soha mutaxassislariga sertifikatlar topshirildi.



Inobat Ahatova, OʻzA
2 223