Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 19:31 Chop etish versiyasi

Gulistonda 60 o‘ringa mo‘ljallangan uch yulduzli mehmonxona ish boshladi

“Chehra palas” deb nom olgan ushbu mehmonxona tadbirkor Bunyod Qambarov ta’sischiligida unga tegishli xususiy qurilish firmasi quruvchilari tomonidan bunyod etildi.

Qarovsiz va tashlandiq ahvolga kelib qolgan binoni nol qiymatda sotib olgan tadbirkor sobiq “Kemping”ni uch yulduzli mehmonxonaga aylantirishning uddasidan chiqdi. Mehmonxona faoliyat boshlashi bilan 35 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilingani tadbirkorlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi, – deydi “Chehra palas” mehmonxonasi ijrochi direktori Dilshod Doniyorov. – Endi Sirdaryo viloyatiga ham hech tortinmay, o‘ylanmay xorijlik sayyohlarni taklif etsa bo‘ladi. Chunki 60 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxonamiz xalqaro talablarga to‘la javob beradi. Barcha xonalar jahon standartlari asosida jihozlandi. Har bir xonada internet tarmog‘iga ulangan komputer bor. Xorijdan keladigan mehmonlar hisobga olinib, 2 va 3 xorijiy tilda bemalol gaplasha oladigan, mehmonxona va xalqaro turistlar bilan ishlash bo‘yicha poytaxtdagi mehmonxonalarda malaka oshirib kelgan yoshlarni ishga qabul qilganmiz. Xullas, Guliston xorijlik sayyohlarni kutib olishga tayyor.

Shuningdek, konferensiya zali, 65 o‘rinli restoran va alohida bar mijozlar xizmatida bo‘ladi. Archa va boshqa manzarali daraxtlar o‘tqazilgan mo‘jazgina xiyobon hamda 100 avtomobilga mo‘jallangan avtoturargoh ham barpo etilgan.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
8 272