O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Gujarat bosh vaziri Samarqandga keldi

Gujarat bosh vaziri Samarqandga keldi

Samarqand viloyati hokimligida Hindistonning Gujarat shtati ishbilarmon doira vakillari va samarqandlik tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Dastlab viloyat hokimi E.Turdimov Hindistonning Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Rupani boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, ushbu yurtning o‘ndan ziyod yirik kompaniyalar rahbarlariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay investitsiya muhiti, xorijiy investitsiya jalb qilish borasida viloyatda erishilayotgan natijalar hamda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy resurslari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Viloyatdagi tibbiyot, yengil sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi korxonalari, ularning iqtisodiy salohiyati, faoliyati, erishayotgan natijalari, chet el sarmoyasini kiritish uchun mavjud imkoniyat va sharoitlar hindistonlik ishbilarmonlar e’tibor markazida bo‘ldi.

Biznes-forum davomida mehmonlar “Samarqandda ishlab chiqarilgan” nomi ostida tayyorlanayotgan sanoat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari haqidagi ma’lumotlarga qiziqish bildirdi.

– Ushbu forum yurtingizda ochiq iqtisodiy siyosat olib borilayotganining yorqin namunasi, – deydi Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Rupani. – Bu biznes-forumda har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan ko‘plab shartnomalar imzolanishiga hamda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar kengayishiga ishonamiz.

Biznes-forum doirasida Samarqand va Gujarat ishbilarmonlari o‘rtasida qator investitsiya shartnomalari va kelishuvlar imzolandi.

1 131
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA