O‘zA O`zbek

27.05.2019 11:04 Chop etish versiyasi

Germaniya – davr sinovidan o‘tgan ishonchli mamlakat

Germaniya – davr sinovidan o‘tgan ishonchli mamlakat

Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya Sovet Ittifoqi tarqalishi bilan Markaziy Osiyodagi o‘z manfaatlarini birinchilardan bo‘lib belgilab oldi.

1994-1995 yillarda yetakchi Yevropa mamlakatlarining mintaqaga oid siyosati Rossiyaning sobiq sovet makonidagi neoimperialistik yo‘nalishini tiyib turish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy siyosatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.

1990 yillar oxiridan boshlab mintaqaviy siyosatda narkotahdidga qarshi kurash ustuvor bo‘ldi, 2001 yilning 11 sentabridan terrorchilik tahdidiga qarshi kurash muhim mavzuga aylandi.

Yevropa mamlakatlari orasida Markaziy Osiyoda eng mustahkam mavqeni Germaniya egallayotgan bo‘lib, u shu kunga qadar tashqi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda o‘ziga xos manfaatlariga ega.

Jug‘rofiy ustuvor tizimda mintaqa joylashuvi tufayli shubhasiz, Markaziy Osiyo Germaniya siyosati uchun muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun Germaniya 1992-1993 yillar mobaynida Yevropa ittifoqi mamlakatlari orasida Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida o‘z elchixonasini ochgan yagona mamlakat bo‘ldi.

Germaniyaning mintaqadagi faolligi 1990-2000 yillarda faqat oshib bordi, Yevropaning boshqa mamlakatlarinikiga qaraganda pozitsiyasini mustahkamlab oldi.

Berlinning bunday strategik tanlovini birlashgan Germaniyaning ikkita jahon urushi tufayli sezilarli zaiflashgan va sovuq urush davrida cheklangan pozitsiyasini yangi xalqaro tartibda mustahkamlash niyati va intilishlari bilan baholash mumkin.

photo5431631198796491341.jpg

Germaniyaning Markaziy Osiyodagi hozirgi mavqei, bu – Berlinning BMT Xavfsizlik kengashidan doimiy a’zolikni egallash masalasidan boshlab, Afg‘onistondagi nemis kontingenti ehtiyoji uchun mintaqa mamlakatlari hududidan foydalanishgacha bo‘lgan masalalar, qolaversa, jahondagi turli siyosiy, harbiy va boshqa manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi tashqi siyosiy kapitali deb tushunish mumkin.

O‘ZBEKISTON BERLINNING NAFAQAT IQTISODIY, BALKI XAVFSIZLIK SOHASIDAGI TAYaNChI HAMDIR

Nemislar Markaziy Osiyodagi siyosatini rivojlantirishda mintaqaning ikkita yetakchi mamlakati – O‘zbekiston va Qozog‘istonga alohida e’tibor qaratib keladi.

Qozog‘iston Germaniya uchun uning iqtisodiy manfaatlari nuqtai nazaridan muhim bo‘lib kelgan bo‘lsa, O‘zbekiston Berlinning nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik sohasidagi tayanchi va asosiy hamkori sifatida ko‘rilgan.

Har ikki mamlakat bilan ayni paytda muntazam siyosiy muloqotlar o‘tkazib kelinadi. E’tirof etish kerak, 2005 yilda G‘arbning ayrim sanksiyalari amal qila boshlagan kezlarda aynan rasmiy Berlin Toshkentni qo‘llab-quvvatlagan Yevropaning yagona davlati bo‘lgan.

Germaniya Markaziy Osiyoga oid siyosati O‘zbekiston qo‘llovisiz muvaffaqiyatli kechmasligini bir necha marta e’tirof etgan. Ayni paytda Berlin bu mamlakatlarning har biriga oid faol diplomatiya siyosatini olib boradi. Shu bilan bir vaqtning o‘zida gumanitar yordam ko‘rsatishda va savdo sherikchilik munosabatlarini yuritishda Berlin Yevropaning barcha davlatlarini ortda qoldiradi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining moyil tashqi siyosiy sheriklarga aylantirish yo‘nalishi Germaniyadagi asosiy siyosiy kuchlarning konsensus predmeti sanaladi.

1998 yilgacha Gelmut Kol boshchiligidagi xristian va erkin demokratlar koalitsiyasi davrida Berlinning mintaqaviy strategiya poydevori qurilgandi. Keyinroq Gerxard Shredyor boshchiligidagi sotsial-demokratlar va Yashillar koalitsiyasi bu yo‘nalishni davom ettirdi.

Kol va Shreder hukumatlari Yevropa Ittifoqining mintaqadagi roli bosiqlikka asoslanishi kerakligi degan fikrda mujassam edi: ya’ni YeI iqtisodiy yordam dasturlarini amalga oshiraverishi kerak, siyosiy jarayonlarga bevosita ta’sir va mintaqaviy xavfsizlik masalalari uchun mas’uliyat Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti zimmasida bo‘lishi kerak.

O‘zgacha yondashuv 2005 yilda, tarkibi XDS/XSS va GSDPdan iborat Angela Merkel va Shtaynmayer boshchiligidagi “katta koalitsiya” tuzilganidan boshlab qabul qilindi. Yangi koalitsiya Germaniyaning YeIdagi raisligidan foydalanib, 2007 yil birinchi yarmida Yevropa Kengashining Markaziy Osiyoga nisbatan YeI strategiyasini qabul qilinishini ta’minlashga erishdi. U YeIning mintaqa mamlakatlariga yordami hajmini ikki marotaba oshirishni, ularni Germaniya bilan savdo-sotiq hamda siyosiy aloqalarga jalb etishni, Ittifoqning mintaqaviy siyosatida siyosiy-diplomatik vositalardan yanada faol foydalanishni ko‘zda tutardi.

Hujjatda aytilishicha, strategiyaning maqsadi Markaziy Osiyoda barqaror, mustaqil va demokratik qadriyatlar va bozor iqtisodiyoti prinsiplariga sodiq mamlakatlarni shakllantirishdan iborat bo‘lgan. Ustuvor vazifalar sifatida xavfsizlik va barqarorlikka ko‘maklashish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash va savdo hamda sarmoyalarga ko‘maklashish maqsadi e’lon qilingan.

Ma’lumki, YeIning qolgan mamlakatlari tashkilotning mintaqadagi siyosiy strategiyasini ishlab chiqish davrida passiv mavqeni egalladi. Hozirgi paytda Germaniya YeIning qonun ustuvorligini ta’minlash sohasidagi tashabbuslarining muvofiqlashtiruvchisi hisoblanadi. Nemislarning taraqqiyot fondlari hisobidan suv resurslarini boshqarish, mintaqaviy savdoni rivojlantirish kabi sohalardagi loyihalar moliyalashtirilmoqda. Bundan tashqari, nemis eksportchi va sarmoyadorlarining O‘zbekiston bozoridagi pozitsiyalarini mustahkamlash mavzusi ham dolzarb vazifadir.

O‘ZBEKISTONNING TAShABBUSI RASMIY BERLINNI QIZIQTIRMOQDA

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning sarmoyalarni rag‘batlantirish, ularga imtiyozlar taqdim etish, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish, demokratik institutlarni rivojlantirish kabi tashabbuslari rasmiy Berlin tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Shavkat Mirziyoevning taraqqiy topgan mamlakatlarga tez-tez taklif etilayotgani zamirida ham ana shu o‘zgarishlar, islohotlardan mamnunlik hissi mujassam. Chunki O‘zbekiston barcha xorijiy sarmoyalar xavfsizligi uchun nihoyat kafolatlar bermoqda. Shu o‘rinda siyosiy jarayonlar va inson huquqlarini ta’minlash muammolariga nisbatan xolis yondashuvi Berlinning mintaqadagi kuchli pozitsiyasi sababini oydinlashtiradi.

Tan olish kerak, rasmiy Berlin ikki tomonlama munosabatlarda masalani siyosiylashtirmaslikka urinadi, rasmiy ohangida ehtiyotkorlik namoyon bo‘ladi, Markaziy Osiyo mamlakatlari muxolifati bilan uchrashuvlar o‘tkazishi mumkin, ammo sanksiya tipidagi keskin choralarga qarshi chiqadi.

Nemislarning yirik siyosiy fondlari – Konrad Adenauer va Fridrix Ebert fondlari ilmiy, ta’lim, ijtimoiy xususiyatdagi loyihalarini amalga oshirish orqali ham davlat institutlari, ham nohukumat tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Biroq nemis siyosatchi va iqtisodchilari Markaziy Osiyoni YeIning Rossiya energiyasiga bo‘lgan qaramligini kamaytirish imkoniyati sifatida ham ko‘rmoqdalar.

Ma’lumotlarga qaraganda, birgina O‘zbekistonda uglevodorod zaxiralari 2.5 milliard shartli yonilg‘ini tashkil etadi, ushbu hajmning 60 foizdan ko‘prog‘i esa tabiiy gaz hissasiga to‘g‘ri keladi. Fan va siyosat bo‘yicha Berlin Fondining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mutaxassisi Sebastian Shikning qayd etishicha, Markaziy Osiyo Germaniya uchun nafaqat bozor va xomashyo olish manbai, balki Yevropaga yangi Buyuk Ipak yo‘lini tortishga urinilayotgan bir kezda Xitoyga salohiyatli tranzit zonasi hamdir.

GERMANIYa TAJRIBASI ASQATADI

Germaniyaning Xitoy bilan ulkan savdo-iqtisodiy aloqalari mavjud. Ularning yangi loyiha bo‘yicha amalga oshirilishi Berlin uchun o‘ta istiqbolli hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston jahon maydonida iqtisodiyot, fan, intellektual salohiyat, zamonaviy kadrlar, yuqori texnologiyalar sohasida raqobatbardosh davlatga aylanish maqsadini o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan ekan, bunda Germaniya tajribasi asqatadi.

O‘zbekiston Germaniyani G‘arb mamlakatlari, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlaridagi manfaatlarini ta’minlashda asosiy kanallardan biri deb biladi. 

O‘zbekiston uchun Germaniya – Yevropadagi yirik iqtisodiy sherik, buning hisobiga o‘tkazilayotgan islohotlarning muhim qismiga aylangan o‘nlab qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. 

Masalan, o‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi 520 mln. Yevroni tashkil etdi, Germaniyaning mamlakatimizdagi sarmoyalar hajmi esa so‘nggi 10 yilda 750 mn. Yevrodan oshib ketdi. Respublikada nemis kapitali ishtirokida 115 ta korxona faoliyat ko‘rsata boshladi. Germaniya Prezidenti Frank Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga safari va davom etayotgan bu kabi muloqotlar xavfsizlikni ta’minlash va mintaqamizda barqaror rivojlanishni ta’minlash ishiga xizmat qiladi. Shu ma’noda, birinchidan, Germaniyaning Markaziy Osiyoda ekologik, energetik, iqtisodiy va harbiy xavfsizlikni ta’minlashdagi rolining faollashuvi muhim. 

Germaniya tomoni mintaqa mamlakatlariga qurib borayotgan Orol dengizi oqibatlarini bartaraf etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv omborlarini, suv ta’minoti va suvni tejash tizimini takomillashtirish, transmilliy tahdidlar – narkotiklarning noqonuniy aylanmasi, uyushgan jinoyatchilik, shuningdek, Afg‘oniston muammosini yechish yo‘lida ko‘mak ko‘rsatishda yetarli salohiyatga ega. 

photo5431631198796491340.jpg

O‘zbekiston Germaniya bilan Afg‘oniston masalasida ijobiy tajriba to‘plagan: 2002 yildan 2016 yilgacha Bundesver kontingenti Termiz shahridagi ob’ektlardan Afg‘oniston Islom Respublikasidagi barqarorlashtiruvchi missiyasini qo‘llab-quvvatlashda foydalangan. 

Ham rasmiy Toshkent, ham Berlin afg‘on mojarosini muzokaralar o‘tkazish va Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish yo‘li bilan yechish tarafdori. Har ikkala mamlakat terrorchilik, ekstremizm va radikallashuvni xalqaro xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rmoqda. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalarida yangi davr boshlanmoqda.

Ikkinchidan, nemis sarmoyalarini jalb etish, Germaniya bilan biznes-muhitni yaxshilash, turizmni rivojlantirish, fermer xo‘jaliklari, kichik va xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, infratuzilmani va tranzit-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun hamkorlikni kengaytirish zarur.

Uchinchidan, demokratik institutlarni mustahkamlash, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishda hamkorlik zarar qilmaydi.

Bugun O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda ijobiy o‘zgarishlar, kuchli integratsion jarayonlar kechayapti. Markaziy Osiyo yaxlit organizmini jahon siyosiy va iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvida Germaniya hamda YeIning boshqa mamlakatlari roli va qo‘llovi har qachongidan muhim. 

Shuning uchun O‘zbekiston Germaniyani xalqaro sahnadagi eng asosiy sheriklaridan biri sifatida ko‘radi, u bilan har tomonlama va o‘zaro manfaatli munosabatlarga katta ahamiyat qaratadi. Chunki Germaniya davr sinovidan o‘tgan ishonchli mamlakat.

Abduvali Soyibnazarov

O‘zA
357