Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.09.2017 16:59 Chop etish versiyasi

Gaz qazib olish hajmi yiliga 5 milliard kub metrga yetadi

Gaz qazib olish hajmi yiliga 5 milliard kub metrga yetadi Qashqadaryo viloyatida Hisor konlari guruhining yangi obyektlari ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi prezidenti V.Alekperov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida barqaror investitsiya muhiti yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida O‘zbekiston iqtisodiyotida xorijiy korxonalar ishtiroki kengayib borayotganini ta’kidladi.

“Janubi-G‘arbiy Hisor” loyihasi doirasida yiliga 4,4 milliard kub metr gazni kompleks tayyorlash quvvatiga ega qurilma, gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi, oltita gaz yig‘ish punkti ishga tushirildi. Obyektlarning ishga tushirilishi Hisor konlari guruhida gaz qazib olish hajmini yiliga 5 milliard kub metrga yetkazish imkonini beradi.

– “Lukoyl” kompaniyasi yirik hamkorlarimizdan biridir, – deydi “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi A.Sultonov. – Mazkur kompaniya bilan hamkorlikda joriy yil oxirida yana bir yirik loyiha “Qandim gazni qayta ishlash zavodi” ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda. Bu mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun qo‘shimcha gaz ishlab chiqarish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Eng muhimi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Albatta, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, mahsulot ishlab chiqarishdan oldin unga xaridor, ya’ni bozor topish lozim. Hozirda ushbu loyihalar bo‘yicha barcha masalalar muhokama qilinmoqda. Bunday istiqbolli yirik loyihalar yurtimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish bilan birga, aholi turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Gaz qazib olish hajmi yiliga 5 milliard kub metrga yetadi

Jahonning yirik neft-gaz korporatsiyalaridan biri bo‘lgan “Lukoyl” mamlakatimizda istiqbolli konlarni qidirish, o‘zlashtirish va uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish kabi qator investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

Kompaniya o‘zining xorijiy loyihalari doirasida qazib olayotgan gaz hajmining yarmidan ko‘pi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda "Lukoyl" boshqaruvi ostidagi loyihalarda to‘plangan mahsulot ko‘rsatkichi 45 milliard kub metrga yetdi.

Mazkur kompaniya mamlakatimiz hududida o‘z faoliyatini “Qandim-Hauzak-Shodi-Qo‘ng‘irot” va “Janubi-G‘arbiy Hisor” loyihalari bo‘yicha mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim asosida olib boradi.

Bugungi kunda "Lukoyl"ning yurtimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi hajmi 6,5 milliard dollardan oshdi. Ushbu ko‘rsatkich kompaniyani mamlakatimizning eng yirik investoriga aylantirdi.

Kompaniyaning mamlakatimizdagi loyihalari boshqaruvchisi sifatida “Lukoyl Uzbekistan Opereyting kompani” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat yuritmoqda. Mas’uliyati cheklangan jamiyatda ayni paytda 3 mingdan ortiq xodim ishlaydi, ularning asosiy qismi mamlakatimiz fuqarolaridir.

Ta’kidlash joizki, "Janubi-G‘arbiy Hisor" va Ustyurt mintaqasi hududiga oid 36-yilga mo‘ljallangan mahsulot taqsimlash bitimi 2007-yilning aprelida kuchga kirgan. “Lukoyl” “Janubi-G‘arbiy Hisor” loyihasiga 2008-yilning mart oyida qo‘shilgan.

2011-yil oxirida Jarquduq-Yangi Qizilcha konlarida ilk gaz qazib olindi. 2014-yil oktabr oyida “Hisorni to‘liq rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq-Yangi Qizilcha gaz-kondensati konlarini loyihalash, yetkazib berish va qurish bo‘yicha to‘liq foydalanishga topshirilishini ko‘zda tutuvchi shartnoma imzolandi.

Gaz qazib olish hajmi yiliga 5 milliard kub metrga yetadi

Asosiy texnologik va ishlab chiqarish obyektlarini qurish, ishga tushirish va sozlash ishlari 2017-yil iyul oyida yakunlangan. Loyiha doirasida 300 kilometr yuqori kuchli elektr uzatish liniyalari, ikkita elektr podstansiyasi, 126 kilometr avtomobil yo‘li barpo etildi. 64 ming kub metr beton quyildi, 12 ming tonna metall konstruksiyalar va 4 ming tonnaga teng uskunalar o‘rnatilib, 286 kilometr teng liniyali quvurlar yotqizildi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
921






Все о погоде - Pogoda.uz