Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 12:54 Chop etish versiyasi

G‘allaorolda dorivor giyohlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona ishga tushdi

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Marjon global” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Mamlakatimizda aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan ta’minlash, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Buni Jizzax viloyatining dorivor giyohlarga boy Baxmal, Zomin va Forish singari tog‘li tumanlarida tashkil etilayotgan ishlab chiqarish korxonalari misolida ham ko‘rish mumkin.

G‘allaorol tumanida ish boshlagan “Marjon global” mas’uliyati cheklangan jamiyati dorivor giyohlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada 6 turdagi dorivor o‘simliklar kukuni va 11 turdagi ekstrakti, 6 xil biologik faol qo‘shimchalar kapsulasi ishlab chiqariladi. Dorivor o‘simliklar hududning o‘zida yetishtiriladi.

– Prezidentimizning 2017-yil 17-iyuldagi “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarimizni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda, – deydi korxona rahbari Akbar Qo‘shoqov. – Mazkur hujjat aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning taqchilligi vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biz ham ushbu imkoniyatlardan foydalanib, qishloqda bo‘sh turgan binoni rekonstruksiya qildik va xorijdan zamonaviy dastgohlar keltirib o‘rnatdik. Korxona to‘la quvvatda faoliyat boshlagach, 90 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Viloyatda “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni bilan hamkorlikda dorivor giyohlardan dori-darmon tayyorlash bo‘yicha bir necha loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, Jizzax shahrida “Karina KAYU”, “Jizzaxmedservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va “Zominfarmservis” xususiy firmasi ishga tushirildi. “Zomin-Farm” maxsus iqtisodiy zonasida ham dorivor o‘simliklar yetishtirish, dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilayotir.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 955






Все о погоде - Pogoda.uz