Fermerlarning poytaxtliklarga tuhfasi
Dehqonlarga poytaxt bozorlarida to‘rt ming to‘rt yuz qirqdan ziyod rasta ajratilgan. Misol uchun, Samarqand viloyatidan kelgan o‘ttizga yaqin fermer Yunusobod va Oloy dehqon bozorlarida, andijonlik o‘ttiz beshta fermer Askiya va Eski jo‘va dehqon bozorlarida o‘z mahsulotini xaridorlarga taqdim etmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz turmush farovonligini oshirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtning obodligini bilmoqchi bo‘lsang, bozorlarini borib ko‘r, degan naql bejiz aytilmagan. Bugun shaharu qishloqlarimizdagi bozorlarda xaridor va sotuvchi uchun zarur qulayliklar yaratilgan. Ayniqsa, narx-navo xaridor talabidan kelib chiqib shakllantirilayotgani, sifatsiz va qalbaki mahsulotlar sotilishining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rilayotgani natijasida bozorlarimizda to‘kinlik va fayzu baraka ta’minlanmoqda.
Dehqonu fermerlar, tadbirkorlarning omilkorligi tufayli xalq iste’moli va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tayyorlash hajmi tobora kengayib borayotir. Bozorlarda sohibkorlarimiz yetishtirgan mahsulotlarini o‘zlari sotishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. 2010-yildan kuchga kirgan tartibga ko‘ra, o‘z tomorqasida yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotayotganlar soliqlardan ozod qilingan. Bozorlarda sotuvchilar tosh-tarozi bilan ta’minlangan. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan omborxonalar ishlab turibdi.
Mahsulotning ko‘pligi bozor iqtisodiyotining muhim sharti – raqobatni rivojlantiradi. Raqobat bor joyda narx-navo pasayib, mahsulot va xizmatlar sifati yanada oshadi. Joriy yilning iyul oyidan boshlab dehqon bozorlarini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, xaridorlarga qulaylik yaratish, fermerlar manfaatdorligini oshirish maqsadida poytaxtimiz bozorlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining doimiy yarmarkasi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Republikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, fermerlarimiz yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini daladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorlarga uzluksiz yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada ichki ishlar, bojxona, davlat soliq xizmati va boshqa idoralar hamkorlik qilayotir. Tegishli ruxsatnomalar bilan ta’minlangan mulkdorlar hech bir to‘siq yoki muammoga uchramasdan mahsulotlarini poytaxt bozorlariga yetkazib kelmoqda. Bunda viloyatlardan 159 fermer xo‘jaligi faol ishtirok etmoqda.
Dehqonlarga poytaxt bozorlarida to‘rt ming to‘rt yuz qirqdan ziyod rasta ajratilgan. Misol uchun, Samarqand viloyatidan kelgan o‘ttizga yaqin fermer Yunusobod va Oloy dehqon bozorlarida, andijonlik o‘ttiz beshta fermer Askiya va Eski jo‘va dehqon bozorlarida o‘z mahsulotini xaridorlarga taqdim etmoqda. Shu kungacha aholiga 420 tonnadan ortiq kartoshka, 250 tonna piyoz, 140 tonnaga yaqin sabzi, 610 ming dona tuxum, meva, poliz va go‘sht mahsulotlari yetkazib berildi.
– Fermerlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorlarga jalb etilishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxini sun’iy tarzda oshirishning oldini olish, bozorlar va savdo majmualari hududida sifatsiz tovarlar sotilishiga chek qo‘yishda yaxshi samara bermoqda, – deydi Yunusobod tumani hokimligi bosh mutaxassisi Eldor Turg‘unov. – Jumladan, Yunusobod dehqon bozoriga Samarqand va Toshkent viloyatlari dehqon va fermerlari yigirmadan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini peshma-pesh yetkazib bermoqda. Savdoga qo‘yilgan, laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan mahsulotlarning sifati baland, narxi ancha arzon.
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati boshqarmasi mutaxassisi Bekzod Payshanovning aytishicha, yarmarkada Toyloq, Bulung‘ur va Urgut tumanlaridagi yigirmadan ziyod agrofirma va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan meva-sabzavot, uzum, kartoshka, piyoz sotilmoqda. Bozorda ellikdan ziyod rasta, omborxona, go‘sht va tuxum mahsulotlari uchun sovutgichlar ajratilgani fermerlarga ko‘mak bo‘lmoqda.
– 26 gektar yerda bog‘ va tokzor tashkil etganmiz, – deydi Toyloq tumanidagi “Sultonov Ma’di Shodiyevich” fermer xo‘jaligi rahbari Rustam Ma’diev. – Joriy mavsumda sabzavot ekinlaridan yuqori hosil oldik. Kartoshkaning har gektaridan 26 tonna atrofida hosil yetishtirishga erishdik. Piyoz va lavlagi ham mo‘l bo‘ldi. Ayni kunlarda kechki kartoshka ekishni boshladik. Ularning ham asosiy qismini poytaxtimiz aholisiga yetkazib berishni rejalashtirganmiz.
– Xo‘jaligimiz meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan, – deydi Bulung‘ur tumanidagi “Umar Xoljigitov dala-bog‘lari” fermer xo‘jaligi rahbari Jamol Xoljigitov. – Mahsulotlarimiz narxi arzonligi xaridorlarga manzur bo‘layotir. Bu yerda savdo qilishimiz uchun barcha qulaylik yaratilgan.
Parkent tumanidagi “Qoraqalpoq Abbosxon” fermer xo‘jaligi vakili Gulnora Mirjamolova ham fermer xo‘jaligida yetishtirilgan pomidor, sabzi, lavlagi, piyoz va boshqa mahsulotlar savdosi bilan band.
– Mazkur yarmarka aholini sifatli mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlashda keng imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi xo‘jalik rahbari Elmurod Mirjamolov. – Bozorlarda fermerlar uchun alohida joy ajratilgani, ularning to‘lovlardan ozod qilingani nafaqat fermerlar, balki xaridorlarning ham manfaatdorligini oshirmoqda. Joy xarajati kam bo‘lsa, yo‘lda har xil to‘siqlar bo‘lmasa, mahsulot narxi arzon, sifati yuqori bo‘lishi tayin.
– Sotuvga qo‘yilgan sarxil mevalar biz uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi, – deydi xaridor Rohat Abdishukurova. – Shunday obod va farovon yurtda yashayotganimizdan baxtiyormiz. Ayrim davlatlardagi notinchliklar, turli ofatlar, oziq-ovqat taqchilligi haqida ko‘p eshitamiz. Shukrki, yurtimiz tinch, osoyishta. Turmushimiz farovon, bozorlarimiz to‘kin-sochin. Bunday qulay imkoniyat va sharoit uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz.
Ha, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yurt obodligi, xalq farovonligini ta’minlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.