Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 16:26 Chop etish versiyasi

Farmatsevtika sanoati izchil rivojlanmoqda

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholi va davolash muassasalarini sifatli, xavfsiz va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, xalqimizni arzon, sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Nukusda mahalliy xomashyo asosida dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni takomillashtirish masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda shular alohida ta’kidlandi.

“O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahri, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi dori-darmon va tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar va ularning savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar vakillari, turli vazirlik va idoralar, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli dori-darmon bilan to‘ldirish va aholiga har jihatdan samarali hamda shifobaxsh tibbiy vositalarni yetkazish tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

– Mazkur qarorning qabul qilinishi keyingi paytda dori-darmon vositalari narxining asossiz oshib borayotgani, bir xil dorining dorixonalarda turli narxlarda sotilishi hamda mahalliy dori vositalari o‘rniga xorijda ishlab chiqarilganlarini qo‘llash kabi holatlarning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Q.Kamolov. – Ushbu hujjatda 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab chetdan olib kelinadigan, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilishi belgilandi. Ijtimoiy ahamiyatga molik dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari belgilangan narxlarda sotilmoqda.

Tadbirda dori-darmon va biologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi birlashmalar, korxona va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, xorijlik hamkorlar bilan ishlashni takomillashtirish va dori-darmonlarni chetdan sotib olishni kamaytirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish, ularni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori-darmon va tibbiyot buyumlari namoyish etilgan ko‘rgazma tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
559






Все о погоде - Pogoda.uz