O‘zA O`zbek

11.09.2020 Chop etish versiyasi

Fargʻonada suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmi 48 foizga koʻpayadi

Fargʻonada suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmi 48 foizga koʻpayadi

Energetika vazirligining maxsus shtabi Fargʻona viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini oʻrganmoqda. Aholidan mavsumda tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti borasida koʻp eʼtirozlar kuzatiladi. Xoʻsh, joriy yilda mazkur muammolar oʻz yechimini topadimi?

Ishchi guruh isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti holati bilan tanishdi. Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

– Suyultirilgan gaz isteʼmolchilariga gaz ballonlarini oʻz vaqtida va sifatli yetkazib berish lozim. Bu borada gaz ballon uskunalarini mahalliylashtirish ishlarini boshlash kerak. Buning natijasida gaz ballon zaxiralarini yana-da koʻpaytirishga, bu esa isteʼmolchilarga gaz ballonlarini oʻz vaqtida hamda uzluksiz yetkazib berilishiga xizmat qiladi, – dedi Energetika vaziri, shtab boshligʻi Alisher Sultonov.

Viloyat isteʼmolchilariga 2020-2021-yillar kuz-qish mavsumida jami 1717,2 million kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bu oʻtgan mavsumga nisbatan 241.5 million kub metrga yoki 16,4 foizga koʻp.

Fargʻonada tabiiy gaz isteʼmolchilari soni 320 ming 362 ta boʻlib, shundan 3 ming 571 ta yuridik va 316 ming 791 ta jismoniy isteʼmolchi (xonadon) mavjud.

Viloyatda isteʼmolchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash uchun uzunligi 7 135,2 kilometr boʻlgan gaz quvurlari va 8 367 ta gaz taqsimlash punktlaridan foydalaniladi. Isteʼmolchilarga yana-da sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida viloyatda joriy yilning 1-oktyabridan boshlab 20 ta maxsus texnika va 80 nafar xodimlardan iborat 20 ta brigada faoliyat yurita boshlaydi.

Shuningdek, viloyat isteʼmolchilariga 2020-2021-yillar kuz-qish mavsumida jami 54 ming 751 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu oʻtgan mavsumga nisbatan 17 ming 894,5 tonnaga yoki 48,6 foizga koʻp. Isteʼmolchilarga 21 ta vagon sisterna, 18 ta avto sisterna va 93 ta ISUZU rusumli maxsus avtotransportlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

24 056
M.Sulaymonov, OʻzA