O‘zA O`zbek

16.03.2020 Chop etish versiyasi

Fargʻonada narx-navo oʻzgarmagan

Fargʻonada narx-navo oʻzgarmagan

Xabaringiz bor, respublikamizda koronavirus pandemiyasi eʼlon qilingan davrida osoyishtalikni taʼminlash maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi oziq-ovqat va birlamchi isteʼmol mahsulotlari narxlarini qatʼiy nazoratga oldi. Fargʻona viloyatida ham davlat soliq xizmati organlari tomonidan masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda narxlarning oʻzgarishi ustidan nazorat qilish boʻyicha maxsus ishchi guruhlari tashkil etildi.

Bugun mazkur ishchi guruh aʼzolari tomonidan viloyatning barcha dehqon bozorlari va supermarketlarda hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazuvchi subyektlarda bevosita monitoring oʻtkazildi. Bu haqda viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.

Ayni paytda Fargʻona shahridagi Markaziy dehqon bozorida aholi kundalik ehtiyoji uchun zarur boʻlgan kartoshkaning 1 kilogrammi 2,5 ming soʻmdan 4 soʻmgacha, 1 kg. piyoz 2 ming soʻmdan, 1 kg. guruch (lazer turli navlari) 10 ming soʻmdan 13 ming soʻmgacha, 4,2 kg.li paxta yogʻi esa 41 ming soʻmdan sotilyapti.

– Men bu bozordan haftada kamida bir marta oilamizning kundalik ehtiyojlari uchun turli oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilaman, – deydi Fargʻona shahrida yashovchi Rustam Boltaboyev. – Men hozir bir narsaga hayron qolyapman, kecha ayrim odamlarimiz oziq-ovqat narxlari keskin koʻtarilib ketdi, 1 kg. kartoshka 7 ming soʻmdan, 4,2 kilogrammli paxta yogʻi 70-80 ming soʻmdan sotilyapti degan asossiz xabarlar tarqatishdi, barchada xavotir uygʻotishmoqda. Mana amalda koʻrib turibmiz, narx-navolar oʻzgargani yoʻq, oʻtgan hafta necha puldan olgan boʻlsak, bugun ham bozorda oʻsha narxlar. Yurtimizda osoyishtalik, dasturxonimiz toʻkin boʻlib turganda, asossiz xabarlar bilan gʻulgʻula solish yaramaydi, nazarimda.

Soliq idoralarining ishonch telefonlariga bozorlarda un, kartoshka, paxta yogʻi narxlari keskin oshib ketyapti degan murojaatlar ham kelib tushayotganligi bois, Margʻilon shahridagi dehqon bozoridagi narx-navo hamda soliq idoralari tomonidan olib borilayotgan monitoring ishlari bilan qiziqdik.

Maʼlum boʻlishicha, bu yerda ham 1 kg. kartoshka 2,5 ming soʻmdan 4 ming soʻmgacha, 1 kg. piyoz 1,5 ming soʻm, 1 kg. sariq sabzi 500-1000 soʻmdan, 1 kg. mol goʻshti esa 42 mingdan 52 ming soʻmgacha, tuxum (dona) 500-700 soʻmdan, oddiy guruch 5 ming 7 ming soʻmgacha, devzira esa 7 mingdan 15 ming soʻmgacha sotilmoqda.

–Bozorimizda narx-navo koʻtarilgani yoʻq, mana men ham xoʻjaligimizga zarur boʻlgan kartoshka va bosh boshqa mahsulotlari doimgi narxlardan sotib oldim, – deydi margʻilonlik Muborakxon Abdullayeva. –Koʻrib turganingizdek, bozorimiz tinch, doimgidek xaridorlar bilan toʻla, hech kim ortiqcha xavotirga tushgani yoʻq.

Fargʻona va Margʻilon shaharlaridagi bozor va supermarketlarni kundalik ehtiyojlar uchun zarur boʻlgan deyarli barcha oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlaydigan xalq tilida “TRZ bozor” nomi bilan mashhur boʻlgan “Margʻilon umumiy ulgurji savdo kompleksi” MCHJda ham narx-navolar oʻsha-oʻsha, 4,2 kg.li paxta yogʻi 39 ming soʻmdan sotilmoqda, 1 kg un esa naviga qarab 2600 soʻmdan 4 ming soʻmgacha sotilmoqda.

Qoʻqon shahridagi dehqon bozoridagi narxlarda deyarli oʻzgarish boʻlgani yoʻq. 1 kg. kartoshka 2500-3200 soʻm, 1 kg. piyoz 1000-1500 soʻm, sabzi 600-1500 soʻmdan sotilmoqda.

Taʼkidlash joiz, ayrim hududlarda fuqarolar oʻrtasida vahima qilinayotganligi bois oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol meʼyoridan ortiqcha darajada xarid qilinayotganligi holatlari ham kuzatilmoqda. Bunday vahimaga oʻrin yoʻq, chunki, birinchidan bozorlar doimiy tartibda ishlashda davom etadi, oziq-ovqat zaxiramiz yetarli.

Viloyatning barcha bozor va supermarketlarida narx-navolar davlat soliq idoralari tomonidan nazoratga olingan, har bir hududda oziq-ovqat mahsulotlarini oshirilgan narxlarda sotilishining oldini olishga qaratilgan tezkor profilaktik choralarni koʻrilishi davom ettiriladi.

3 440
M.SULAYMONOV, OʻzA