Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.11.2017 12:24 Chop etish versiyasi

Farg‘ona vodiysida 18 yer osti suv koni mavjud

Suv – hayot manbai. Tiriklik uchun bebaho ne’mat. Sayyoramizdagi barcha suv zaxirasining 97 foizdan ortig‘i iste’mol uchun yaroqsiz bo‘lib, chuchuk suv hajmi juda kam miqdorni tashkil qiladi. Shuning uchun obihayotdan samarali foydalanish eng muhim masalalardan biridir.

Mamlakatimizda suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 18-apreldagi "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatga ko‘ra, aholining ichimlik suvi ta’minotini, suv va kanalizatsiya tarmoqlari ishini yaxshilash, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish hamda yagona nazorat tizimini yaratish maqsadida "Davsuvinspeksiya" va uning hududiy inspeksiyalari tashkil etildi.

Farg‘ona vodiysi yer osti chuchuk suv konlariga boy mintaqa bo‘lishiga qaramay, Namangan, Andijon, Chortoq va Asaka shaharlari suv ta’minotining asosiy qismi Andijon suv ombori va Chortoqsoydan olinayotgan suv hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolaversa, Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari suv ta’minotining asosiy qismi ham Farg‘ona shahridan 10-15 kilometr janubda joylashgan yer osti suv olish inshootlari hisobidan amalga oshirilmoqda. Chunki mazkur shaharlar joylashgan hududlardagi yer osti chuchuk suv konlarining asosiy qismi iste’mol uchun yaroqsiz holga kelib qolgan.

– Farg‘ona vodiysida 18 yer osti suv konlari mavjud bo‘lib, ulardan 6 tasi Farg‘ona viloyati hududida joylashgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Farg‘ona gidrogeologiya ekspeditsiyasi davlat korxonasi direktori R.Begmatov. – Ular bo‘yicha baholangan yer osti suvlarining mintaqaviy zaxiralari bir kecha-kunduzda 9447 ming m3  ni tashkil etadi. Yer osti suv konlarining ijobiy xususiyatlaridan yana biri bu viloyatning aholi zich joylashgan maydonlarida yer osti suvli qatlamlarining o‘ziga xos bosimga egaligidir. Bugungi kunda 2 mingdan ortiq quduq tabiiy favvora asosida faoliyat ko‘rsatib, ulardan yer osti suvlari olinmoqda. Afsuski, suvdan foydalanuvchi mutasaddilarning beparvoligi oqibatida qayd etilgan tik quduqlarning 40-50 foizi hech qanday boshqaruv jo‘mraklarisiz faoliyat ko‘rsatib, ma’lum miqdordagi yer osti chuchuk suvi samarasiz oqib yotibdi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 4 maydagi “2017-2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori suvdan oqilona foydalanishda muhim o‘rin tutmoqda. Mazkur hujjat yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari samaradorligini oshirish va shu asosda mamlakatimiz aholisini suv bilan ta’minlash sifatini yaxshilashga hamda ayrim shahar va tumanlar markazida yer osti suvlari sathi ko‘tarilishining oldini olishga yo‘naltirilgan.

Farg‘ona viloyatida aholining ichimlik suvi ta’minoti holati va bunda suv ta’minoti manbalaridan, ayniqsa, yer osti chuchuk suv manbalaridan oqilona va samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-sentabrdagi “2017-2022-yillarda yer osti chuchuk suvlarini ishlatishni kengaytirish hisobiga Farg‘ona vodiysi aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ish boshlab yuborildi. Mazkur qaror ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida bir kecha-kunduzda 147,3 ming m3  miqdorida yer osti chuchuk suv zaxiralarining ko‘payishi va foydalanishga topshirilishiga, bir kecha-kunduzda 950 ming  m3  miqdoridagi yer osti chuchuk suv zaxiralarining qayta baholanishi va foydalanish muddatining uzayishiga, Farg‘ona, Qo‘qon shaharlari, Beshariq, Quva tumanlari hududlarining meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha drenajlar turini qo‘llash va ulardan foydalanish yuzasidan asosli taklif va chora-tadbirlar ishlab chiqilishiga erishiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 874






Все о погоде - Pogoda.uz