Energiya resurslarini tejash – davr talabi
Milliy matbuot markazida elektr energetika sohasiga investitsiyalar jalb etish, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar tizimini takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Milliy matbuot markazida elektr energetika sohasiga investitsiyalar jalb etish, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar tizimini takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etgan tadbirda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasidan samarali foydalanish, to‘lovlar tizimini takomillashtirish, shuningdek, kompaniya tomonidan chet el investitsiyalari jalb qilingan holda amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama etildi.
“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari R.Raimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida energetika tarmog‘i salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda zamonaviy tejamkor texnologiyalarning joriy etilayotgani samarasida elektr stansiyalari quvvati oshmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 17-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan 26 yirik investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etilayotir. Joriy yilda ushbu loyihalar doirasida yangi sakkizta obyekt ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent, Talimarjon, Navoiy va Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalarida bug‘-gaz qurilmalarini qurish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmini sezilarli oshirish va energiya resurslaridan foydalanishni kamaytirish imkonini beradi.
Mamlakatimizda energiya tizimlarini yanada rivojlantirish, elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash, elektr energiyasini uzatishda yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida magistral elektr tarmoqlari takomillashtirilmoqda. Chunonchi, ayni paytda uzunligi 218 kilometr bo‘lgan “Talimarjon IES – So‘g‘diyona PS” va 130 kilometrlik “Sirdaryo IES – Yangi Angren IES” yuqori voltli liniyalari barpo etilmoqda.
“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun takomillashtirilgan va samarali texnologik uskunalardan foydalanish, shuningdek, mamlakatimiz energetika balansida qayta tiklanadigan energiya manbalarini ko‘paytirish hisobidan atmosferaga zararli moddalar chiqarishni kamaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Matbuot anjumanida qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish va mamlakatimiz energetika tarmog‘ini diversifikatsiya qilishni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Ayni paytda Samarqand viloyatida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Shuningdek, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ham shunday stansiyalar barpo etish rejalashtirilayotir. Elektr energiyasidan oqilona va samarali foydalanish, to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlash maqsadida iste’molchilarga foydalanilgan elektr energiyasini aniq va ishonchli hisoblashni ta’minlaydigan zamonaviy elektron hisoblagichlar bosqichma-bosqich o‘rnatilmoqda.
O‘zbekiston energiya tizimlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, foydalanuvchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz va ishonchli ta’minlash, mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.