O‘zA O`zbek

06.12.2018 20:55 Chop etish versiyasi

Energetika – yana kun tartibida

Energetika – yana kun tartibida Dunyo neft va gaz bozoridagi oʻyinlar energetik zaxiralar narxining beqarorligini keltirib chiqarmoqda. Bundan energiyani import qiluvchi davlatlar koʻproq jabr koʻrayapti. Keyingi kunlarda Fransiya poytaxti Parij koʻchalaridagi namoyishlar, tartibsizlik va gʻalayonlar fikrimizga misol boʻla oladi. Qatarning neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti – OPЕKdan chiqishini eʼlon qilishi, Rossiya va Saudiya Arabistonining neft qazib chiqarish hajmini qisqartirish bayonotlari, Eronning Ormuz boʻgʻozini berkitib qoʻyish borasidagi tahdidi qarshisida “qora oltin”narxi yana oshib ketdi.

Parijdagi “sariq nimchalilar” gʻalayonidan keyin Fransiya bosh vaziri Eduar Filipp hukumat mamlakatda yoqilgʻi narxi oshirilishiga qarshi moratoriy joriy etilishini eʼlon qilishga majbur boʻldi.

“Bu gʻazab – uni koʻrmaslik yoki eshitmaslik uchun kar yoki koʻr boʻlish kerak”, — deb bayonot berdi Filipp. Sariq nimcha kiygan fransuzlar soliqlar yuki pasaytirilishini, ishiga yarasha haq toʻlanishi talabi bilan chiqdi.

Butun Fransiya boʻylab tartibsizliklar oktyabr oyi oʻrtalaridan benzin narxi oshirilishiga qarshi manifestatsiyalar boshlangan davrga toʻgʻri keldi. Norozilikni “sariq nimchalilar aksiyasi” deb nomlashgani bejiz emas, chunki faollar odatda haydovchilar kiyadigan sariq rangni aks ettiruvchi nimcha kiyib olgan. Politsiya bilan toʻqnashuvlarda jabr koʻrganlarning sanogʻi yoʻq. Atigi bir necha kun ichida kasalxonalarga turli jarohatlar bilan 500 dan ziyod kishi keltirilgan.

051218_violent_protests_france.jpg


Fransiya hukumati 2019-yildan dizel yoqilgʻisi narxini 6,5 foizga, benzin narxini esa 2,9 foizga koʻtarishni rejalashtirayotgandi. Maqsad bitta. Haydovchilarni transportning ekologik toza turlarini tanlashga, ekoavtomobillarga oʻtishga undash boʻlgan. Chunki, Fransiya keyingi paytlarda iqlim oʻzgarishiga qarshi konvensiyalar qabul qilish, muqobil energiyani rivojlantirishning asosiy tashabbuskorlaridan biri sifatida maydonga chiqmoqda. Biroq mamlakatda yoqilgʻi narxining oshishi teskari aks-sado bergani maʼlum. Mazkur voqealar soyasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron reytingi 25 foizga tushib ketdi.

Fransiyadagi noroziliklar oʻzining tashqi koʻrinishiga qaraganda, “rangli inqiloblar”ni eslatadi. Shu nuqtai nazardan gʻalayonda AQSHning ishtiroki bor, qabilida fikr bildirayotgan ekspertlar ham yoʻq emas. Bu kabi iddaolarda ham jon bor. Yuzlariga niqob taqib olgan ekstremistik ruhdagi yoshlar hokimiyat almashinuvi, Makronni hokimiyatdan ketish talabini ilgari surishdi. Gap shundaki, Fransiya Prezidenti ochiqchasiga AQSH Prezidenti Donald Trampni millatchilikda aybladi, “okeanorti mamlakati”dan himoyalanish maqsadida Yevropa armiyasini tuzishga va “koʻhna qitʼa” suverenitetini tiklashga chaqirdi.

Donald Tramp yaqinda oʻzining tvitterda Fransiyadagi vaziyatni kuzatib borish kerakligiga urgʻu berdi. “Fransiyadagi ommaviy va keskin noroziliklarni eʼtiborga olishmayapti, zero, YEI savdoda AQSHga yomon munosabatda boʻldi yoki bizning harbiy yordam uchun ajratgan ulkan yordamimizni mensimadi. Mazkur savollar yechimi yaqin kelajakda topilishi kerak”. Aynan shu izohni shantaj sifatida baholashayapti. Ilgariroq Tramp “oʻta past obroʻ-etibori” uchun Makron ustidan kulgandi.

Lexpress gazetasi muxbiri miting ishtirokchilari bilan suhbatlashgan. Unda yangragan fikrlar quyidagicha: “Makron hokimiyatni tashlab ketishi kerak“, “agar biz betaraflar va ovoz bermaganlar sonini hisoblaydigan boʻlsak, Emmanuel Makron qonuniy Prezident boʻlib chiqmaydi“, “bizga inqilob kerak, bizga tushuntirib berishsin, 1500 yevroga qanday yashash mumkin“, “agar politsiya va xavfsizlik xizmati biz bilan boʻlganida edi, hukumat isteʼfoga ketgan boʻlardi“, “biz hukumatni zoʻravonliksiz taʼqib etamiz, faqat buning uchun bizning harakatimizga Soros agentlari qoʻshilib qolmasa“. Bu kabi fikrlar rangli inqiloblar texnologiyasini esga solib yuboradi.

Toʻgʻri, Fransiyadagi prezidentlik saylovida katta miqdordagi saylovchi ovoz berishda qatnashmagan, barcha nomzodga qarshi ovoz berganlar ham koʻpchilikni tashkil etardi. Shuning uchun Makronni avvaldan boylarning Prezidenti, deb atashgan. Uni chinakamiga aholining 24 foiz qoʻllab-quvvatlagan, xolos.

benzin.jpg

Fransiya OAVdagi norozilik ortida amerikaliklar turibdi degan ayblovlar asossiz, desak yanglishmagan boʻlamiz. Bu soʻnggi 3-4 yil mobaynida hukumat olib borayotgan aksilijtimoiy siyosatga qarshi namoyish deyilsa, toʻgʻriroq boʻladi. Gap faqat yoqilgʻi narxida emas, balki shu paytgacha shifokorlar, hamshiralar va taʼlim sohasi xodimlarining norozilik aksiyalari oʻtkazilgan boʻlib, ular ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablagʻlarning kamaytirilishidan norozi boʻlganlar. Politsiya kasaba uyushmalarining chiqishlari ham yuz berganini unutmaslik kerak. Yaqinda Fransiyada ekologik soliq joriy etilgan va yangi mehnat qonunchiligi kiritilgan boʻlib, unga koʻra, endi xodimni osonlik bilan ishdan olish mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, fransuzlar oʻz huquqlari uchun, ijtimoiy davlat nomini demontaj qilish uchun borayotgan jahon hodisasiga qarshi kurash olib bormoqda.

Fransiya hukumatini ham tushunsa boʻladi. Bugun dunyo iqtisodiyoti murakkab ahvolga kelib qoldi. Dunyoga hukmronlik qilish istagidagi kurashlar, oʻzaro savdo urushlari, maʼnisiz sanksiyalar nizolari sayyoramizning moliyaviy va iqtisodiy manzarasini xunuk koʻrinishga olib kelib qoʻydi. Bir tomondan AQSH-Xitoyning savdo urushi, ikkinchi tomondan, AQSH-Rossiya kelishmovchiliklari, AQSH-Yevropa Ittifoqining savdo kelishmovchiliklari oddiy odamlarning turmush sharoitini ogʻirlashtirayapti xolos.

neft.jpg

Eron atrofidagi oʻyinlar ham neft bozoriga taʼsir qilmay qoʻymayapti, albatta. AQSH Eron nefti eksporti yoʻlini toʻsish tahdidini ilgari surayotgan boʻlsa, u holda Eron Fors koʻrfazi boʻylab tankerlar harakatini toʻxtatmoqchi. Rasmiy Tehron hozircha Yevropa yordamiga ishonmayapti.

Eron viloyatlarining biridagi mitingda nutq qilgan mamlakat Prezidenti AQSH sanksiyalari oʻz maqsadiga erisholmasligini bayon qildi. “Hech qanday giperinflyatsiya, hech qanday ommaviy ishsizlik bizga xavf sololmaydi. Jurnalistlar gazetalarda bunday boʻlmagʻur gaplarni yozishni bas qilishlari kerak“, – dedi u miting chogʻida.

Eron oldin ham Fors koʻrfazi davlatlarida qazib olingan neftni tankerlar bilan tashiladigan eng muhim kanal sanaluvchi Ormuz boʻgʻozini yopib qoʻyish poʻpisasini ilgari surgan. 1980-1988 yillardagi Eron-Iroq urushi chogʻida ham mana shunday ohangdagi tahdidlar aytilgandi. Biroq Pentagon Fors koʻrfazida oʻz harbiy kemalarini joylashtirgan holda Tehronni dogʻda qoldirgandi.

Joriy yilning iyulida Hasan Ruhoniy AQSH Prezidentining Tehron bilan imzolangan olti tomonlama yadroviy kelishuvdan chiqish borasidagi bayonotiga javoban, “sher dumi bilan oʻynashmang” iborasini ishlatgandi. Prezidentning bayonotini toʻldirgan Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi boshligʻi oʻrinbosari Ismoil Kovsari mamlakat Qurolli Kuchlari boshqa davlatlar nefti eksporti uchun Ormuz boʻgʻozini berkitishi mumkinligi bilan ogohlantirdi.

Ammo, BMTning 1982-yildagi dengiz huquqiga oid Konvensiyasiga koʻra, Ormuz boʻgʻozi xalqaro suv yoʻli maqomiga ega, boʻgʻozga tutash mamlakatlarning esa boshqa mamlakatlar kemalari va tankerlarining u yerdan oʻtishini cheklashga haqqi yoʻq.

Donald Tramp 5 noyabr kuni 2015-yili imzolangan yadroviy kelishuvdan chiqqanidan keyingi sanksiyalarning ikkinchi paketini joriy etdi. Bu Eron neftiga embargoni koʻzda tutadi. Oradan besh oy oʻtib 8 ta mamlakatga taqdim etilgan imtiyozlar olib tashlanishi kerak. Qarorning ortga surilishi bir shart bilan, u ham boʻlsa ular neft keltirishning muqobil manbalarini qidirib topishi sharti bilan bogʻliq.

Eronni qamalga olishda AQSH maʼmuriyati duch kelayotgan asosiy muammo— bu Yevropaning sanksiyalarni qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortishidir. Yevropa Ittifoqi AQSH sanksiyalarini aylanib oʻtish va dollarda pul oʻtkazish sohasida Amerika monopoliyasiga barham berish uchun maxsus maqsadli mexanizm ishlab chiqmoqchi. Lekin Vashington NATOdagi ittifoqchilarini Eron tahdidi kuchayib borayotgani bilan choʻchitishdan toʻxtamaydigan koʻrinadi. Xususan, AQSH davlat departamentining Eron ishlari boʻyicha maxsus vakili Brayan Xuk oʻtgan hafta Eron 2017-yilning yanvarida yadroviy kallaklarni yetkazishga qodir va Yevropa poytaxtlariga yetib bora oluvchi oʻrtacha olislikdagi raketani sinovdan oʻtkazgani haqida xabar berdi. Shu sababli kuchli bosim ostida Yevropa maxsus mexanizmni ishga tushirolmaydi, degan qarashlar yoʻq emas. Eron rahbariyatining asabiylashayotgani sababi ham shundan.

us_iran_sanctions_23138_c0-0-2000-1166_s885x516.jpg

Bir qarashda Trampning Eronga nisbatan avvalgi Prezident Barak Obamaning tinchlikparvar siyosatidan voz kechgani sababi tushunarsiz. Shu oʻrinda bir necha taxminlarni sanab oʻtish mumkin. Birinchidan, Eron AQSH banklarida muzlatib qoʻyilgan dollardagi pullari qaytarilishini soʻradi. Balki shundandir, Tramp Eronga nisbatan 2012-yildagi vaziyatga qaytmoqchi. Ikkinchisi, bu Eronga qarshi emas, balki Yevropaga qarshi zarba. Chunki kuchli Yevropa dunyoda AQSHga nisbatan kuchli raqobatchi demakdir. Shundoq ham mustahkam aloqaga kirishib ketgan Eron-Yevropa munosabatlariga darz ketkazish Fransiya kabi iqtisodi mustahkam davlatlar pozitsiyasini yemiradi. Uchinchidan, bu Isroilni qoʻllab-quvvatlash intilishi boʻlishi ham mumkin. Negaki, Eron davlatining har qanday sohada kuchayishi Isroil manfaatlariga ziddir.

Mana bu omillar bugun neft narxining oshishiga, dunyo davlatlarida Fransiyadagi kabi gʻalayonlar oʻchogʻining paydo boʻlishiga sabab boʻlyapti. Boz ustiga, Yaqin Sharqdagi yana bir “energetik oʻyinchi” Qatarning neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti – OPЕK aʼzoligidan chiqishi oʻyinni qizitib yubordi.



Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA
1 606