O‘zA O`zbek

22.05.2019 18:52 Chop etish versiyasi

Endi bozordagi narxlar sunʼiy ravishda tushirilmaydi

Endi bozordagi narxlar sunʼiy ravishda tushirilmaydi

Koʻpchilikning xabari bor, joriy yilda birinchi marta kartoshka eksportiga ruxsat berildi. Hozirga qadar uni oʻzimiz xorijdan xarid qilganimizni hisobga olsak, bu yangilik dehqonlarimizni koʻnglidagi orzularidan birini ijobati desak, yanglishmaymiz.

Kartoshkadan boshqa bir qator meva-sabzavotlar, koʻkatlar ham xorijga katta hajmlarda eksport qilinmoqda. 

Ichki bozorda ham bu mahsulotlarning narxi yuqori darajada saqlanib turibdi. Keyingi kunlarda ularning bahosini tushirish uchun nimadir qilinadimi?

Bu borada Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Marketing va eksportga koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi Najmiddin Mirabdullayevning fikrlarini bilan qiziqdik.

– Bu yil bozorda koʻpgina mahsulotlar, jumladan, karam har yilgidan qimmatroq narxda sotilmoqda, – deydi N.Mirabdullayev. – Sababi, ular katta hajmda eksport qilinmoqda. Shunday ekan, bozordagi qimmatchilikdan qoʻrqish kerak emas. Agarda ichki bozorni arzon qilish uchun eksportni toʻxtasak, tomorqa egalarini mehnatdan koʻngli qoladi. Bozorda yana avvalgi yillardagi kabi sunʼiy narxlar, mahsulotni yetishmasligi boshlanadi. Bu esa dehqonga ham, davlatga ham zarar keltiradi. 

Uzoqqa bormaylik, misol uchun, oʻtgan yili piyoz, qalampir va sarimsoqni narxi arzon boʻlib, chirib ketganiga guvoh boʻldik. Dehqon bechora qilgan yerga va urugʻ xarid qilishga sarflagan xarajatini ham qoplay olmadi. 

Qancha-qancha dehqonlar yetishtirgan mahsulotiga xaridor yoʻqligi tufayli axlatga tashladi. Baʼzi birovlar mashina-mashina mahsulotni hokimiyatlar oldiga toʻkib ketganiga oʻzim guvoh boʻlganman. Ichki bozor arzonligini taʼminlash uchun eksportni toʻsish amaliyoti oʻzini oqlamasligini hamma bildi, kuzatdi. Endi “Har bir xonadon tadbirkor“ boʻlgach, narxni ataylab ushlab turish emas, balki ularning kelgusida koʻproq daromad olishga boʻlgan qiziqishini oshirishga harakat qilish kerak. Kelgusida har bir tuman miqyosida mahsulotlarni eksport qilish loyihasi ustida ishlanmoqda.

Ana shunda dehqon va yer egalari koʻproq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirib, eksport qilishga harakat qiladi. Bozorlar ham hech bir toʻsiqlarsiz arzonlashadi.

Sayyora Shoyeva, OʻzA
912