O‘zA O`zbek

15.09.2020 Chop etish versiyasi

Elektr energiya va tabiiy gaz taʼminoti toʻliq avtomatlashtiriladi

Elektr energiya va tabiiy gaz taʼminoti toʻliq avtomatlashtiriladi

Elektr energiya va tabiiy gaz aholi va isteʼmolchilarning talabini qondirishda eng muhim manba hisoblanadi. Shu bois, ushbu resurslarni nazorat qilish, ulardan oqilona foydalanish va samaradorligini oshirish ham eng muhim talablardan biridir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish hamda nazorat qilish masalalari tahlil qilingani va bu borada ustuvor vazifalar belgilangani ham bejiz emas. Chunki ayni shu resurslar iqtisodiyotimiz tirgagi sifatida mamlakat rivoji va xalqimiz farovon hayotini taʼminlashda munosib oʻrin egallaydi.

Bugungi kunda Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan respublikamiz boʻylab elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlarining jadallik bilan amalga oshirilishi ham bunga yaqqol misoldir.

Elektr energiya va tabiiy gaz taʼminotini avtomatlashtirish isteʼmolchilarga yana-da qulayliklar yaratadi.

Hususan, tizimni avtomatlashtirish, bu – inson omili taʼsirisiz hisoblagich koʻrsatkichlarini qayd qilish, qarzdorlik mavjud boʻlganda tarmoqdan ajratish, qarzdorlik bartaraf etilgandan keyin tarmoqqa qayta ulashning avtomatlashtirilgan mexanizmidir.

– Shu sababli, davlatimiz rahbari yigʻilishda ushbu manbalar hisobi va nazoratini toʻliq avtomatlashtirilgan tizimda tashkil etish zarurligini taʼkidladi, – dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi birinchi oʻrinbosari Jahongir Obidjonov. – Respublika boʻyicha 7 million 400 ming hisoblagich oʻrnatilishi lozim. Hozirgi kungacha bu ishlar 52 foizga bajarilgan. Yil oxirigacha yana 3 million 400 hisoblagich oʻrnatiladi. Bu hisoblagichlarni oʻrnatish va tizimga ulashda bizda hamma imkoniyatlar mavjuddir.

Odatda, elektr energiyasidan foydalanishni yaxshi bilamizu, lekin uning toʻloviga kelganda paysalga solaveramiz. Bunday eʼtiborsizlik sabab sohada qator muammolar paydo boʻlaveradi. Yangi tizim esa ana shu masalada katta yechim hisoblanadi. Masalan, avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgan 7 ta tuman va shaharda toʻlovlar undirilishi 40 foizga oshishiga zamin yaratdi. Ayni kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlar tizimli tashkil etilgan boʻlib, avtomatlashgan tizim 2021-yil 1-martga toʻliq ishga tushiriladi.

– Sohada loyihalarning muhimligi iqtisodiyotimiz rivojiga ijobiy taʼsir etadi, – dedi Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xoʻjayev. – Loyihalar doirasida mamlakatimizda 7 million 400 ming elektr hisoblagich va 3 500 million gaz hisoblagich oʻrnatiladi. Hisoblagichlar yaroqlilik 15-20 yilni tashkil etadi. Taʼkidlash kerakki, bu ishlar natijasida elektr energiya va tabiiy gaz taʼminotida yaxshi oʻzgarishlar boʻladi. Birinchidan, aylanma mablagʻlar tanqisligi sababidan modernizatsiya va rekonstruksiya qilinmayotgan tarmoqlarga koʻproq mablagʻ ajratishga erishiladi. Ikkinchidan, adolat tizimi joriy etiladi. Yaʼni toʻlovni amalga oshiradigan isteʼmolchilarga resurslar yetkazilishi natijasida xizmat sifati yana-da yaxshilanadi.

Tabiiy gaz yetkazib berish va uning nazoratini tashkil etish muhim vazifadir. Ayniqsa, bunda taʼminotda avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish koʻplab yechimini kutayotgan masalalarda qoʻl keladi. Joriy yil yakuniga qadar mamlakatimiz aholisiga 1,2 million dona, kelgusi yilning birinchi yarmida 2,3 million dona zamonaviy gaz hisoblagich oʻrnatiladi.

“Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodir Eshmurodovning taʼkidlashicha, tabiiy gazdan foydalanishda hisob-kitobni toʻgʻri tashkil etish uchun yangi tizimning ahamiyati katta. Ayniqsa, bunda elektron gaz hisoblagichlarni oʻrnatish oʻgʻirlik va taʼmagirliklarga chek qoʻyadi.

– Mazkur vazifalarni bajarishda respublikamizdagi tuman va shaharlarni qizil, sariq va yashil hududlarga belgilab oldik, – dedi B.Eshmurodov. – Qizil hududga kirgan 22 tuman va shaharning birinchi uchtasida gaz hisoblagich uskunasi oʻrnatish ishlari toʻliq yakuniga yetkazilmoqda. Bunda qariiyb 30-35 foiz gazni oʻgʻirlash yoki yoʻqotish holatlariga barham beriladi. Oʻz vaqtida toʻlovni amalga oshirish va sifatli xizmat koʻrsatishga erishiladi. Sariq hududga 131 ta tuman va shahar kiritilgan boʻlib, bu yerda ham aholiga tabiiy gaz yetkazib berishda muammolar mavjud. Hisoblagichlarni oʻrnatish bu masalalarga yana-da foydali yechimdir.

17 918
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA