O‘zA O`zbek

28.12.2018 Chop etish versiyasi

Ekspert: Investitsiya resurslarini jalb qilish ehtiyoji katta

Ekspert: Investitsiya resurslarini jalb qilish ehtiyoji katta 2018 yil 28 dekabr kuni mamlakatimiz tarixida oʻziga xos tarixiy sana boʻldi. Chunki ushbu kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida kelasi yillar uchun belgilangan yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va rejalarini eʼlon qildi.

Ayniqsa, 2019 yilning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nomlanishi va mamlakatimiz iqtisodiyotiga ishlab chiqarishning asosi hisoblangan investitsiya resurslarini jadal oʻzlashtirish boʻyicha keng koʻlamli vazifalarning belgilanishi aynan hozirgi iqtisodiy holatimiz talabiga juda mos tushdi.

Darhaqiqat, Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, asosiy kapital shakllanishining yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi soʻnggi davrda Xitoyda 43,6 foiz, Indoneziyada 33,4 foiz, Koreya Respublikasida 31 foiz, Turkiyada 30,9 foiz, Hindistonda 30,7 foizni tashkil etgan. Oʻzbekistonda esa ushbu koʻrsatkich 24,9 foizga yetgan . Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof oqimlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi koʻrsatkichi 2017 yilda Yevropa va Markaziy Osiyoda oʻrtacha 3,4 foizni, alohida mamlakatlar misolida Singapurda 19,6 foiz, Irlandiyada 15,4 foiz, Albaniyada 7,9 foiz, Ozarbayjonda 7 foiz, Chexiyada 4,3 foizni, Qozogʻistonda 2,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, mamlakatimizda 0,1 foiz ekani maʼlum qilingan. Bu esa jahon mamlakatlari bilan taqqoslaganda yurtimizga oʻz iqtisodiy koʻlami va hajmiga mutanosib boʻla oladigan yanada koʻproq investitsiya resurslarini jalb qilish ehtiyoji katta ekanini koʻrsatadi. Shuning uchun ham, 2019 yilda barcha manbalar hisobidan iqtisodiyotimizga qariyb 138 trillion soʻmlik, boshqacha aytganda 2018 yilga nisbatan 16 foiz koʻp investitsiyalarni oʻzlashtirishning moʻljallanayotganligi alohida eʼtiborga sazovordir. Ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdorini joriy yilga nisbatan 2019 yilda qariyb 1,5 barobar oshirib, 4,2 milliard dollarga yetkazilishi kutilmoqda.

Oʻylaymanki, murojaatnomada alohida qayd etilgan soliq yukini kamaytirish, biznes yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, “yashirin” iqtisodiyotga barham berish, fond bozorini rivojlantirish, davlat korxonalarini isloh qilish, iqtisodiyot sohalarida raqamli transformatsiyani amalga oshirish kabi strategik vazifalarning puxta oʻylangan reja asosida tizimli ravishda amalga oshirilishi albatta iqtisodiyotimizning yuqori surʼatlarda rivojlanishi va aholi farovonligining oshishiga xizmat qiladi.

Bobur Valiyev, 
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi
 “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy tadqiqot markazi sektor mudiri

9 073
O'zA