O‘zA O`zbek

25.09.2018 Chop etish versiyasi

“E-auksion.uz“ – tadbirkorlik sari shaffof yoʻl

“E-auksion.uz“ – tadbirkorlik sari shaffof yoʻl

Toshkent viloyati Zangiota tumanida ye-auksion.uz veb-saytiga kiritilgan tadbirkorlik loyihalari koʻrgazmasi oʻtkazildi. Unda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, savdo-sotiq va taʼlim kabi qator yoʻnalishlarda 200 ga yaqin loyiha taqdim etildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi masʼullari, faollar, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan fuqarolar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, ayniqsa, sohaga ortiqcha vaqt, qogʻozbozlik va byurokratik toʻsiqlarning oldini olishga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ qarori tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish mexanizmini tubdan takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlardagi byurokratik tartib-taomillar va toʻsiqlarni qisqartirishga xizmat qilmoqda.

Sir emas, tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalari berishda koʻplab huquqbuzarlik holatlari uchrab turar edi. Bu esa yer uchastkalarini berishning tanlov tartibi lozim darajada yoʻlga qoʻyilmaganidan dalolat. Oʻz navbatida, yer uchastkalarini berish boʻyicha materiallarni koʻrib chiqish va kelishishda vakolatli organlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanmasligi hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari choʻzilishiga sabab boʻlar va byurokratik toʻsiqlarni keltirib chiqarar edi.

– Tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yetarli mablagʻ boʻlar, lekin zarur hujjatlarni yigʻish va rasmiylashtirishdagi sansalorlik, byurokratizm, ayniqsa, bu jarayonning hatto yillab choʻzilib ketishi ishtiyoqingni soʻndirib, hafsalangni pir qilar edi, – deydi ishtirokchi K.Nurov. – Shundan kelib chiqib, hozir koʻz va quloqlarimga ishonmay turibman. Nahotki, koʻrgan-kechirganlarimiz tarixda qoldi. Shularni oʻylab, ich-ichimdan “Davring keldi – tadbirkor!“, degan bir nido otilib chiqmoqda.

Darhaqiqat, qarorga muvofiq, doimiy foydalanishga beriladigan yer uchastkalarini ajratish boʻyicha materiallarni yigʻish va vakolatli tashkilotlar bilan kelishish tartib-taomillarini bajarish boʻyicha avtomatlashtirilgan axborot tizimi yoʻlga qoʻyildi. Internet tarmogʻida elektron onlayn-auksionlar tashkil etish markazining e-auksion.uz veb-sayti ishga tushirildi.

Endi elektron onlayn-auksionlarda har qanday shaxsga e-auksion.uz veb-sayti orqali ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Buning uchun elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron arizani berish va loyihaning boshlangʻich toʻlov pulini kiritish kifoya. Bundan tashqari, bevosita auksionni oʻtkazish va gʻolibni aniqlash jarayoni maxsus dastur orqali amalga oshirilishi, unga tashqaridan aralashishning mutlaqo imkoni boʻlmasligi mavjud muammolarni bartaraf etib, tadbirkorlik rivojini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

Koʻrgazmada tadbirkorlik loyihalarini taqdim etish bilan bir qatorda, ishtirokchilarning tumandagi boʻsh yer maydoni va obyektlarda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga oid takliflari qabul qilindi.

4 545
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA