O‘zA O`zbek

19.07.2020 Chop etish versiyasi

Dunyoning yarim boyligiga 26 kishi egalik qilmoqda

Dunyoning yarim boyligiga 26 kishi egalik qilmoqda

Dunyoning 26 nafar boy odamlari sayyoramiz aholisining yarmi toʻplagan boylikni qoʻlida saqlamoqda, Yer kurrasining 70 foiz aholisi oʻsib borayotgan tengsizlik sharoitida yashamoqda, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh.

Oʻtgan shanba kuni Bosh kotib Afrikaning janubida umrini aparteid rejimiga qarshi kurashga bagʻishlagan Nelson Mandelaning xotirasiga bagʻishlab videoaloqa orqali maʼruza qildi.

“Tengsizlik hozirgi davrga xos boʻlib borayotgan jihatga aylangan. Dunyo aholisining 70 foizidan ziyodi daromad va boylik orttirishda tengsizsizlikning oʻsib borishi sharoitida kun kechirmoqda. Kurramizdagi yigirma oltita eng davlatmand odamlari qoʻlida toʻplangan boylik sayyoramiz aholisining yarmining boyligiga teng”, — dedi Guterresh.

Bosh kotibning takidlashicha, tengsizlik nafaqat daromadlar, oylik maoshlar va boylik bilan oʻlchanadi. Uning taʼkidlashicha, odamlarning hayotida biror narsaga erishishga boʻlgan imkoniyati “uning jinsiga, oilaviy va etnik kelib chiqishiga, irqiga, nogironligi yoki nogiron emasligiga va boshqa omillarga bogʻliq boʻlib qolmoqda”.

Guterreshning taʼkidlashicha, koʻpchilik uchun, ayniqsa, mahalliy xalqlar, migrantlar, qochqinlar va boshqa turli ozchiliklar uchun bunday tengsizlik kamsitilish, qadrini yerga urish hisoblanadi. Bunday tengsizlik inson huquqiga toʻgʻridan-toʻgʻri tajovuz soladi, dedi u.

“COVID-19 pandemiyasigacha ham dunyodagi koʻplab odamlar tengsizlik ularning hayotiy istiqbolini va imkoniyatlarini yoʻqqa chiqarayotganini tushunib yetgandi. Ular dunyoning muvozanatdan chiqib borayotganiga guvoh boʻlmoqda, oʻzlarini taqdir hukmiga tashlab qoʻyilgan, deb his qilmoqda. Ular mamlakatida olib borilayotgan iqtisodiy siyosat natijasida resurslar yuqoriga, imtiyozli, mavqei baland ozchilikka yoʻnaltirilayotganini koʻrib turibdi”, — deya taʼkidladi Guterresh.

U barcha qitʼalarda millionlab kishilar oʻzlarining ovozlari eshitilishi uchun koʻchaga chiqayotganini eslatdi.

“Bularning barchasiga yuqori va oʻsib borayotgan tengsizlik umumiy omil boʻlmoqda”, — dedi u.

11 511
OʻzA