O‘zA O`zbek

08.08.2018 18:44 Chop etish versiyasi

Davlat xaridlari: u qanday amalga oshiriladi

Davlat xaridlari: u qanday amalga oshiriladi
Davlat tashkilotlari uchun kerakli har bir buyum, u katta yoki kichik bo‘lsin, birja orqali olinayotgani haqidagi so‘zlar qulog‘imizga tez-tez chalinmoqda. Kimdir buni ma’qullasa, yana birov teskarisini aytadi. Aslida nima o‘zgardi, ahvol murakkablashdimi yoki aksincha...

O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining elektron savdo va tijoratni tashkillashtirish bo‘limi mutaxassisi Farrux Shonazarov quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Elektron davlat xaridlari mexanizmi joriy etilishi byudjet tashkilotlarining ehtiyojlari uchun tovar va xizmatlarni xarid qilish jarayonining ochiqligini ta’minlash imkoniyatini yaratmoqda. Bunda xarid qilinayotgan tovar va xizmatlarning narxlari yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi sof raqobat sharoitida shakllanmoqda. Xaridlar jarayonining ochiq-oydinligi hamda yetkazib beruvchilarning aksariyat qismini kichik biznes subyektlari tashkil etayotgani mahsulotlar tannarxini pasaytirish, narxlarni manipulyatsiya qilishning oldini olish hamda ular ustidan olib boriladigan davlat va jamoat nazorati samaradorligini oshirishga ko‘maklashmoqda.

Birjaning xarid.uz axborot portali orqali davlat tashkilotlari va korporativ tashkilotlar xizmatlari va e’lonlarini joylashtiradi. Ular xaridning boshlang‘ich narxining 3 foiz miqdorida garov ta’minoti va komission yig‘imlarni qoplash uchun shartnoma narxining 0,15 foiz miqdoridagi mablag‘ni garov sifatida kiritadi.
Bu ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini oladi. Eng muhimi, esa xizmatlar kafolatlangan. Misol uchun, siz qalam, ruchka, daftar xarid qilmoqchisiz. Buning uchun avvalgidek, bozordan-bozorga yurib, vaqt sarflamaysiz. Balki, o‘tirgan joyingizda, elektron do‘konga qo‘yilgan mahsulotlar orasidan o‘zingizga yoqqan va kerakli narxdagi mahsulotni tanlab, pulini o‘tkazib berasiz. Bunda yetkazib beruvchi o‘z mahsulotini parametrlari, rangi, markasini aniq ko‘rsatgan bo‘ladi va aytgan joyingizga yetkazib beradi. Buning hech qanday murakkab joyi yo‘q, menimcha.

Elektron do‘kon nima va u qanday ishlaydi deydigan bo‘lsak, unga yetkazib beruvchilar o‘z mahsulotlarini joylashtiradi. Buyurtmachilar esa oylik eng kam ish haqining 25 barobarigacha bo‘lgan tovar va 25 million so‘mgacha bo‘lgan ish xizmatlarini ana shu do‘kon orqali xarid qilishlari belgilangan. Bu do‘konda sifat va narx nazorat qilinmaydi. Unda barchasi erkin amalga oshiriladi.

Tovar yetkazib berilmagan yoki noto‘g‘ri yetkazilgan holatlarda shartnoma bo‘yicha pul mablag‘i buyurtmachining hisob varag‘iga qaytariladi. Ijrochining garov ta’minoti mablag‘i buyurtmachining hisob varag‘iga o‘tkaziladi yoki Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning qarori bilan blokdan chiqariladi.

O‘zA
2 626