Davlat xaridlari ochiqligi ta’minlanmoqda
O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida davlat xaridlarining elektron tizimidan samarali foydalanilmoqda.
O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida davlat xaridlarining elektron tizimidan samarali foydalanilmoqda.Elektron davlat xaridlari mexanizmi joriy etilishi byudjet tashkilotlarining ehtiyojlari uchun tovar va xizmatlarni xarid qilish jarayonining ochiqligini ta’minlash imkoniyatini yaratmoqda. Bunda xarid qilinayotgan tovar va xizmatlarning narxlari yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi sof raqobat sharoitida shakllanmoqda. Xaridlar jarayonining ochiq-oydinligi hamda yetkazib beruvchilarning aksariyat qismini kichik biznes subyektlari tashkil etayotgani mahsulotlar tannarxini pasaytirish, narxlarni manipulatsiya qilishning oldini olish hamda ular ustidan olib boriladigan davlat va jamoat nazorati samaradorligini oshirishga ko‘maklashmoqda.
Elektron auksion savdolarning yana bir jihati shundaki, dastlabki e’lon joylashtirishning majburiy talabi davlat xaridlari uchun 10 kun qilib belgilangan bo‘lib, bu elektron savdolardagi buyurtmalarga potensial yetkazib beruvchilar sonini sun’iy cheklashga yo‘l qo‘ymaydi. G‘olibni aniqlash ham elektron tizim yordamida avtomatik ravishda amalga oshirilishi xarid jarayonida inson omilini cheklaydi.
– 2011-yildan buyon xarid haqidagi e’lonlarni joylashtirishdan tortib savdolar yakuniy natijasining e’lon qilinishigacha bo‘lgan jarayon elektron savdo tizimi orqali amalga oshirilmoqda, – deydi “O‘zRTXB” aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Hikmatullo Tillaboyev. – Boshqacha aytganda, birjaning maxsus axborot portali ham elektron xaridlar bo‘yicha axborot resursi, ham ko‘p funksional savdo platformasi vazifasini bajarmoqda.
“Dxarid” elektron tizimi amaliyotga joriy etilganidan boshlab davlat xaridlari bo‘yicha tashkillashtirilgan auksionlarda qatnashgan tadbirkorlik subyektlarining umumiy miqdori 4 barobarga oshgan.
Byudjetdan ajratiladigan mablag‘larning tejalishida salmoqli o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqdaki, bu o‘tkazilgan elektron savdolarning samaradorligi yuksalganidan darak beradi. Bunday ko‘rsatkichlarga davlat xaridlari bo‘yicha savdolarda ishtirok etuvchi mahsulot yetkazib beruvchilar orasida raqobat kuchaygani samarasida erishildi. Davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarni uyushtirish jarayonida buyurtmachining bitta buyurtmanomasiga 10 dan ziyod yetkazib beruvchi o‘z takliflarini taqdim etmoqda.
Elektron savdo tizimi muntazam takomillashtirilmoqda. Xususan, 2015-yil 1-iyundan boshlab «Elektron katalog» (catalog.uzex.uz) joriy etilgan. Mazkur loyihaning maqsadi davlat xaridlari tizimi faoliyatini yanada jadallashtirish va soddalashtirish, shuningdek, jarayonga tadbirkorlik subyektlarini kengroq jalb etishdan iborat.
Elektron katalog birjaning axborot portalida tovar (ish, xizmat)larni yetkazib beruvchilarning potensial buyurtmachilarga qaratilgan buyurtmanomasi asosida shakllantiriladi. Buyurtmachilar katalogda joylashtirilgan takliflarni o‘rganib chiqib, o‘zlariga kerak bo‘lgan tovarni tanlab olib, narxlar bilan tanishib chiqish uchun narxlar so‘rovi mexanizmini ishga tushiradi. Shundan keyin potensial mahsulot yetkazib beruvchilar 48 soat mobaynida talab tushayotgan tovarga nisbatan o‘zlarining narxlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi.
Elektron savdo tizimi avtomatik tarzda kerakli tovarga minimal darajada narx qo‘ygan mahsulot yetkazib beruvchini tanlaydi. Tegishli tartibda shartnomani shakllantirib, buyurtmachi va mahsulot yetkazib beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi. Savdolarning g‘olibi aniqlangan vaqtdan boshlab ikki ish kuni mobaynida tuziladigan shartnoma birjada ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shu vaqtdan boshlab shartnomaviy majburiyatlar yuridik kuchga kiradi.
Elektron savdo tizimi orqali 2016-yili 71,6 milliard so‘mlik savdo bitimlari tuzildi. 28,1 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari tejaldi. Maxsus axborot portalining davlat xaridlari vebsayti (dxarid.uzex.uz)da ham tizimli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, vebsaytning zarur ma’lumotlarni qidirish imkoniyatlari kengaytirildi. Birja mutaxassislari bilan qayta aloqa o‘rnatish kanallari joriy etildi. Bir vaqtning o‘zida tizimdan foydalanuvchining shaxsiy kabinetida elektron shakldagi narxlar byulleteni amal qiladiki, bu davlat va korporativ xaridlarning buyurtmachilari va mahsulot yetkazib beruvchilariga tovar bozorlari kon’yunkturasi bilan tanishib olishga imkoniyat beradi.
Elektron savdo tizimini rivojlantirishda interaktiv xizmatlarning joriy etilishi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Shu tufayli doimiy ravishda tizimdan foydalanuvchilar uchun interaktiv uslubda o‘z shaxsiy kabineti orqali tranzaksion operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlari oshirilmoqda. Bahs-munozaraga sabab bo‘ladigan vaziyatlarda mijozlar call-markazga, onlayn rejimidagi maslahatxonaga murojaat etishi yoxud forumda tegishli ma’lumot qoldirishi mumkin. Barcha interaktiv xizmatlar bepul taqdim etiladi.
Elektron xaridlar jarayonining ishtirokchilarini davlat xaridlari tizimidagi yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida O‘zRTXB O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazi, G‘aznachilik va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda muntazam ravishda seminar, trening va “ochiq eshiklar kuni” kabi tadbirlarni o‘tkazmoqda. Ushbu tadbirlar davomida buyurtmachilar va mahsulot yetkazib beruvchilarning davlat va korporativ xaridlarda ishtirok etish huquqlari bilan bog‘liq masalalar muhokama etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yilning 27-iyuldagi “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining maxsus axborot portali hamda davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirish jarayonlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va raqobatdoshligini oshirish hamda xaridlar jarayonida huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Elektron korporativ xaridlar tizimida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning talablariga to‘liq amal qilinishini ta’minlash maqsadida buyurtmachi korxonalarga raqobatni cheklovchi talablarni kiritishi taqiqlangan. “O‘zRTXB” AJning maxsus axborot portali ushbu elektron tizimning onlayn rejimida faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi. Bunda sof raqobat sharoitida eng past narxlarni taklif qilgan tadbirkorlik subyektlari savdolarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, byudjet tashkilotlarining 100 ming AQSh dollari ekvivalentigacha bo‘lgan buyurtmalarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.