O‘zA O`zbek

17.09.2019 Chop etish versiyasi

Chirchiq shahrida yangi fabrika ish boshladi

Chirchiq shahrida yangi fabrika ish boshladi

Chirchiq shahrida “Uztex Group” kompaniyasining MDHda yagona bo‘lgan xom ipni bo‘yashga ixtisoslashgan fabrikasi ishga tushdi.

Keng jamoatchilik vakillari qatnashgan tantanali tadbirda Chirchiq shahar hokimi Qahramon Rashidov va boshqalar so‘zga chiqib kompaniyaning o‘n yillik faoliyati davomida erishgan yutuqlari va yangi korxonaning ishga tushirilishi mamlakat to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining ravnaqida muhim o‘rin egallashini ta’kidladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati rivojida “Uztex Group” kompaniyasining ham alohida o‘rni bor. Kompaniya 2009 yildan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bugun u o‘nta korxonani o‘zida jamlagan. Bu korxonalarda 10 mingdan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Korxonalar faoliyatida klaster shaklidagi ish tartibi joriy etilgan bo‘lib, unda paxta yetishtirishdan to tayyor kiyimgacha bo‘lgan jarayon amalga oshiriladi.

Ayni kunda “Uztex Group” mahsulotlarining 95 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxonalarda ip, matolar, kiyim-kechaklar, momiq sochiqlar, paypoqlar ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Italiya, Germaniya, Angliya, Fransiya kabi dunyoning 45 davlatiga eksport qilinmoqda. Ichki bozorga esa matolar chiqarilayotir.

– Bugungi talab va ehtiyojlar “Uztex Group” jamoasini faqat izlanishga hamda yangidan-yangi g‘oyalar ustida ishlashga undamoqda, – dedi “Uztex Group” kompaniyasi bosh direktori Fazliddin Sirojiddinov. – Bir joyda to‘xtab qolish esa mumkin emas. Xom ipni bo‘yashga mo‘ljallangan yangi fabrikamiz shu izlanishlarimiz natijasi, qolaversa, “Uztex Group” faoliyatining o‘n yilligiga munosib tuhfadir. Bu yerda 300 dan ziyod ish o‘rni yaratildi va u sutkasiga 50 tonna xom ipni bo‘yash quvvatiga ega. Yana bir ahamiyatli jihati, korxonamiz Shveysariya, Germaniya va Turkiyaning eng zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlanganidadir.

4 147
Nasiba ZIYoDULLAEVA, O‘zA