O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 17:50 Chop etish versiyasi

“Calatrava Grace Corporation” kompaniyasi rahbari Maykl Selman Navoiyda nimani moʻljallamoqda?

“Calatrava Grace Corporation” kompaniyasi rahbari Maykl Selman Navoiyda nimani moʻljallamoqda?
Amerika Qoʻshma Shtatlarining qurilish sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri – “Calatrava Grace Corporation” delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, hududda biznes yuritish imkoniyatlari bilan tanishdi.

Viloyat hokimi Q.Tursunov mehmonlarni tashrif bilan qutlar ekan, ularni vohada tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, biznes yuritish borasida mavjud imkoniyatlar va mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyozlar bilan tanishtirdi.

“Calatrava Grace Corporation” kompaniyasi rahbari Maykl Selman va ijrochi direktor Maykl Kalatrava boshchiligidagi delegatsiya “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida ham boʻlib, u yerdagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Bundan tashqari, investorlar sobiq “UPP” aksiyadorlik jamiyatining boʻsh turgan binolarini koʻzdan kechirdi.

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 iyundagi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish va Navoiy viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan erkin iqtisodiy zonaga sobiq “UPP” va "Avtotransstroymexanizatsiya” aksiyadorlik jamiyatlariga tegishli binolar qoʻshib berildi, – deydi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori Azamat Fayziyev. – Shu bois, erkin iqtisodiy hudud hamda Navoiy shahrida joylashgan mazkur obyektlar oʻrtasida infratuzilma tarmoqlari, xususan, temir yoʻllar va boshqa binolar barpo etiladi. Ayni paytda bu borada loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda. Amerikalik hamkorlarimiz bunga koʻmaklashish maqsadida viloyatda modulli bloklar ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Darhaqiqat, yurtimizda sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar ishbilarmonlik muhitini mustahkamlash, joylarda ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekistonga qiziqishini yanada kuchaytirmoqda.

N.Rahimov, S.Aslonov (surat), OʻzA