Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 15:41 Chop etish versiyasi

Buyuk Britaniya elchixonasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Poytaxtimizda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik samaralariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Birlashgan Qirollikning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning rivoji, 2016-yilda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan yirik loyihalar haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshib borayotir. Mamlakatimizda Buyuk Britaniya kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 550 korxona faoliyat yuritayotir.

Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi savdo-iqtisodiy hamkorlikni, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishda muhim o‘rin tutmoqda. 2016-yil 17-noyabrda Toshkentda ushbu kengashning 23-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Britaniyaning 30 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

– Buyuk Britaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar ulkan salohiyatga ega, – dedi Kristofer Allan. – O‘zbekistonda Britaniya kompaniyalari audit, moliya va huquq, loyihalarni boshqarish, muhandislik kabi sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 43 foiz o‘sgan. Tobora rivojlanayotgan O‘zbekiston bozorida Britaniya kompaniyalari safi kengayib borayotgani bizni quvontiradi. O‘zbekistondagi qulay sarmoyaviy muhit ko‘plab davlatlar qatori Buyuk Britaniya sarmoyadorlari uchun ham istiqbolli hamkorlikka yo‘l ochayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Buyuk Britaniya parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha guruhi hamda Buyuk Britaniya parlamentining “Britaniya – O‘zbekiston” umumpartiyaviy guruhi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi asosida parlamentarizm sohasidagi hamkorlik ham mustahkamlanib bormoqda.

O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, 2016-yilda bu borada qator loyihalar amalga oshirilgani qayd etildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ingliz tilini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga Britaniya kengashi munosib hissa qo‘shmoqda.

Anjumanda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, huquqiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilgan loyihalar va ularning samaralari, ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Sevara Alijonova, O‘zA
872






Все о погоде - Pogoda.uz