Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.09.2017 19:05 Chop etish versiyasi

Buxoro viloyati pillakorlari takroriy pilla yetishtirishdan mo‘l hosil oldi

Mamlakatimizda avgust oyining ikkinchi o‘n kunligidan Xitoy zamonaviy texnologiyasidan foydalangan holda ipak qurti boqishga kirishildi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan yosh pillakor Muhayyoxon Xoliqova bir quti qurt urug‘ini parvarish qilib, 67 kilogramm sifatli “kumush tola” hosili oldi. Albatta, yoz oxirida, ya’ni havo harorati hatto uyda 40 darajaga yetgan kunlarda pilla yetishtirish oson ish emas. Havo harorati 26 darajadan oshdimi, qurtning qimirlashga holi qolmaydi, ozuqaga intilmaydi. Oqibatda u zaiflashib, nobud bo‘lishi mumkin. Demak, qurt boqiladigan xona haroratini mo‘tadil saqlash lozim. Bunga qanday erishiladi?

– Mutaxassislar tavsiyasiga amal qildik, – deydi Muhayyoxon. – Quyosh nuri xonaga me’yoridan ortiq tushmasligi va havo harorati oshib ketmasligi uchun oynalarga tortilgan oq bo‘z material vaqti-vaqti bilan namlab turildi. Ammo buning o‘zi kifoya qilmaydi. Shuningdek, xona burchaklariga suv to‘ldirilgan idish qo‘yildi. Bu xonadagi harorat mo‘tadilligini ta’minlab, qurtning faolligini oshiradi, ishtahasini ochadi.

Ipak qurti ozuqaga qancha yaxshi to‘ysa, hosil shuncha mo‘l bo‘ladi. Ochig‘ini aytganda, yozda barg masalasi sal nozikroq. Gap shundaki, bahorda kesilgani o‘rniga yozda chiqqan yangi novdadagi barglar issiqda ko‘klamdagidan keskin farq qiladi, ya’ni dag‘alroq bo‘ladi. Bunday bargni qurt yaxshi iste’mol qilmaydi. Shuning uchun mutaxassislar oftob nuri tegmaydigan pastki qismida yerga egilib o‘sgan novdalarni kesish yoki ulardagi barglarni qo‘lda terishni tavsiya qiladi.

Albatta, shu o‘rinda ozuqa tejamkorligi ham muhim ahamiyatga ega. Ayni shu jihatdan Xitoy texnologiyasining afzalligi namoyon bo‘ladi.

– Ilgari bahorda qurt boqiladigan xonalarda harorat ko‘tarilganda bargning ancha qismi so‘lib, dimiqib qolardi, – deydi G‘ijduvon "Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Vali Majidov. – Bunday ozuqani pilla qurti xush ko‘rmaydi. Xullas, barg chiqitga chiqardi. Xitoy texnologiyasi bo‘yicha qurtga ozuqa berilgach, ustiga havo kirib turishi uchun bigiz uchi kattaligida teshilgan plyonka tortiladi. Bunday sharoitda plyonka ostidagi barg so‘lmaydi, dimiqmaydi, xushxo‘rligi saqlanib qolgani bois isrof bo‘lmaydi. Ozuqa sarfi 20-30 foizga iqtisod qilinadi. Ozuqani tayyorlashga ketadigan mehnat ham tejaladi.

Pilllakorning pirovard mehnat natijasi rag‘batu manfaatdorlikka ham bog‘liq. Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjatga ko‘ra, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilindi. Uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchilar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lamaydigan bo‘ldi. Pilla boquvchilar va tizim kasanachilarining pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya tayinlashda bir yillik ish staji, deb hisoblanadi. Bu yanada yaxshi natijaga undaydigan manfaat, pilla yetishtiruvchining mo‘l daromadiga omil.

Muhayyoxon bahorgi mavsumda 2 quti ipak qurti boqib, 181 kilogramm hosil olgan edi. Evaziga oila byudjetiga salkam 2 million so‘m pul tushdi. Kuzgi hosilning har bir kilosi uchun qayta ishlovchi “Buxoro Brilliant Silk” qo‘shma korxonasi 12 ming so‘m, jami 804 ming so‘m to‘ladi. Gulshoda Safarova, Feruza Jamolova, Zulfiya Tohirova va boshqa pillakorlarning ham daromadi shunday bo‘ldi.

Buxoro viloyati pillakorlari takroriy qurt parvarishi davrida shartnomaga asosan 2 ming 500 quti qurt boqib, 101 tonna “kumush tola” yetishtirdi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
2 335






Все о погоде - Pogoda.uz