Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 13:24 Chop etish versiyasi

Buxoro tumanida yangilangan namunaviy loyihadagi uylar o‘z egalariga topshirildi

Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘inida yangilangan namunaviy loyihalar asosida har biri 16 xonadonga mo‘ljallangan ikkita qo‘shqavatli va maydoni 2 sotixdan iborat o‘nta bir qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida namunaviy loyihalar asosida uy-joylar barpo etishga qaratilgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda qishloqlarimiz tobora chiroy ochib, aholi turmush farovonligi muttasil yuksalib bormoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori qishloq aholisining zamonaviy va arzon turar joyga bo‘lgan ehtiyojini imtiyozli kreditlar ajratish hisobidan ta’minlash, shu orqali aholi turmush darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Sharoiti shaharnikidan qolishmaydigan bunday uylar narxi nisbatan arzonligi bilan barchaning e’tiborini tortmoqda, – deydi yangi uy sohibalaridan biri Nargiza Sharipova. – Biz istiqomat qilayotgan uch xonali uy uchun to‘lovning boshlang‘ich badali atigi 15 foiz. Narxning qolgan qiymati “Qishloqqurilishbank”dan 15-yil muddatga ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan qoplanishi yosh oilalar uchun juda qulay. Bundan tashqari, qishloq sharoiti inobatga olinib, tandir qurish, mevali daraxt o‘stirish, parranda boqish imkoniyati mavjud.

– “Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘inida uy-joy qurilayotganini eshitib, tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qildim, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali shifokori Suhrob Kenjayev. – Bank ham kredit ajratdi. Mana, oilamiz bilan uch xonali uyga ko‘chib o‘tdik. Uyimiz Buxoro shahriga yaqin bo‘lib, ishga borib kelish ham qulay. Kecha otam mehmon bo‘lib keldi. Shahardagidan qolishmaydigan sharoitlarni ko‘rib, “Ta’riflaganlaricha bor ekan. Yosh oilalarni qo‘llayotgan davlatimizga, Prezidentimizga rahmat”, deb duo qildi.

Rabotak mahallasidagi 2017-yil dasturi hisobidan yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylar hududda davom etayotgan bunyodkorlik ishlarining debochasi. Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayramiga qadar bu yerda har biri 4 sotixdan iborat yana 130 dan ziyod to‘rt xonali uy o‘z egalariga topshiriladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
2 295






Все о погоде - Pogoda.uz