Buxoro qorako‘li: kelajakka tikilgan sarmoya
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 190 mamlakatida parvarishlanayotgan qo‘ylarning umumiy soni taxminan ikki milliard boshga yetib, ular mahsulot berish yo‘nalishiga qarab 570 zotga bo‘linadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 190 mamlakatida parvarishlanayotgan qo‘ylarning umumiy soni taxminan ikki milliard boshga yetib, ular mahsulot berish yo‘nalishiga qarab 570 zotga bo‘linadi.
Olimlarning ta’kidlashicha, turli maqsadlarda boqiladigan qo‘y zotlari orasida eng ko‘p mahsulot beradigani – qorako‘l qo‘y zoti hisoblanadi. Qorako‘l terisi farmatsevtika va pishloq sanoati uchun shirdon, sifatli ta’m va maza beruvchi, tez hazm bo‘ladigan go‘sht, yengil sanoat uchun jun va boshqa mahsulotlar berishi bilan ajralib turadi.
Tarixiy kitoblarda qorako‘l qo‘y zoti eramizning VIII asrida arab qo‘y zotlari bilan chatishtirish tufayli vujudga kelgani qayd etilgan. Olingan yangi zotlar terisining yengilligi, yupqaligi, kigizbop junining yuqori sifati, juda lazzatli ta’mli go‘shti sababli odamlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Yangi zotni o‘sha davrda Buxoro yaqinidagi Qorako‘l mavzesida yashovchilar «Qorako‘l qo‘yi» deb atay boshlagan. Shundan buyon bu qo‘y zotlari shu nom bilan atab kelinadi.
Ayni paytda Buxoro viloyatida saqlanib qolgan qorako‘l qo‘ylari o‘sha zamonlarda mavjud bo‘lgan shunday qo‘ylarning dumbali, dag‘al junli zotlari bilan chatishtirilishi natijasida paydo bo‘lgan. Yangi tug‘ilgan qorako‘l qo‘zilarining juni xilma-xil ranglar yig‘indisidan iborat ekani shundan dalolat beradi.
Qorako‘l qo‘ylaridan olinadigan teri qadimdan juda qadrlangan. Dastlab undan gilam, kigiz sifatida foydalanilgan bo‘lsa, 1845-1865 yillarda savdogarlar qorako‘l teriga mo‘ynalik sifatida katta e’tibor bera boshlagan. Ularni Buxorodan Rossiyaning yirik shaharlari va boshqa xorijiy mamlakatlarga olib ketishgan. Bu mahsulotga talabning keskin oshib ketishi natijasida qorako‘l qo‘ylarini yetishtirish qiyinlashgan.
Hozir qorako‘l zoti butun jahondagi qo‘ylar sonining 2,6 foizini tashkil etadi, xolos. Dunyoning 16 mamlakatida, MDHning 5 davlatida qorako‘l qo‘ylari parvarish qilinadi.
Ma’lumotlardan shu narsa ayon bo‘ladiki, qorako‘lchilikning o‘ziga xos tarixi bor, bu serdaromad soha. Keyingi yillarda bu sohaning e’tibordan chetda qolgani qo‘ylar nasli buzilishiga olib keldi. Bir paytlar butun dunyoga eksport qilingan qorako‘l terilarining asl sifatini saqlab qolish uchun olimlarimiz tinimsiz mehnat qilmoqda. Bunga davlat miqyosida e’tibor berilayotgani esa, sohani qayta tiklash va mavjud an’analarni davom ettirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida hududda qorako‘lchilikni daromadli va ish o‘rinlari yaratadigan tizimga aylantirish bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi.
Aslida davlatimiz rahbari bu boradagi ishlarni ancha oldin boshlagan edi. Ya’ni, 2017 yil 16 martdagi «Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasi tashkil etilgan edi. Uyushma zimmasiga qorako‘lchilik tarmog‘ini rivojlantirish, qorako‘l zotli qo‘ylarning sara genofondini saqlab qolish va takomillashtirish maqsadida ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan seleksiya-naslchilik dasturlarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim vazifalar yuklatilgan.
Bundan tashqari, jahon bozorida qorako‘lchilik mahsulotlariga bo‘lgan talab va taklifni o‘rganish, qorako‘l juni va terisini qayta ishlash, eksport uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini amalga oshirish, tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga ko‘maklashish, yaylovlar unumdorligini oshirish hamda yaylov o‘simliklari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yishga ilmiy, amaliy va metodik yordam ko‘rsatish kabi muhim tadbirlar belgilangan.
Hozirgi davrda qorako‘l terisiga va uning boshqa mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj kundan-kun ortib bormoqda. Keyingi paytlarda yurtimizdagi qorako‘lchilik xo‘jaliklarida sovliqlarning seleksiya va naslchilik ishlariga katta e’tibor berilayotir.
– Bu sohaga, avvalo, ilmiy yondashuv yetishmayapti, – deydi O‘zbekiston qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nasrullo Boboqulov. – Shu kungacha qo‘chqorlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilmagani, sun’iy urug‘lantirish imkoniyati cheklangani, urug‘lantirish mavsumi qisqarib, muzlatilgan urug‘ bilan urug‘lantirish samaradorligi pastligi, sun’iy urug‘lantirish uchun reaktivlar yetishmasligi, yer osti suv quduqlarining aksariyati nosozligi oqibatida qorako‘lchilik rivojlanmay qoldi. Endi sohaga ilmiy yondashuvni shakllantirib, zotli qo‘chqorlar olib kelish, sun’iy urug‘lantirishni yo‘lga qo‘yish uchun asbob-uskunalar keltirish, keyinchalik bu texnologiyani yurtimizda ishlab chiqarishni tashkil etish kerak. Prezidentimiz istiqboldagi rejalar bilan tanishar ekan, qorako‘lchilik bo‘yicha yangi institut va jamg‘arma tashkil qilish yuzasidan topshiriq berdi. Bu soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qorako‘lchilikning asl ildizlari yurtimizda bo‘lsa-da, bugungi kunda qo‘shni davlatlar bizdan ilgarilab ketgan. Birgina Afg‘onistonda qorako‘l qo‘zilari terisining sathi 16-20 dm.2 bo‘lsa, bizda 8,5-10 dm.2 ni tashkil etadi. Ko‘rinib turibdiki, bu boradagi ishlar hali talab darajasida emas.
Ayni paytda bunga tabiiy omillar ham ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlash lozim. O‘zbekistonda cho‘l va yarim cho‘l tabiiy yaylovlari 32 million gektar. Shundan 30 foizga yaqini qorako‘lchilik yaylovlari maydoni hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekiston qorako‘lchilik yaylovlarining qariyib 40 foizida turli darajadagi inqiroz yuz bergan. Faqat quduqlar atrofidagi kuchli inqirozga uchragan yaylovlar maydoni 0,5 million gektar, ko‘chma qum massivlari maydoni esa 2 million gektarni tashkil qiladi. Shundan 14 foizi suv bilan ta’minlangan emas.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, suv quduqlarini inventarizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalar asosida ishlovchi quduqlarni yo‘lga qo‘yish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish talab etiladi. Bundan tashqari, qari qo‘ylarni bo‘rdoqiga boqib, go‘sht ishlab chiqarish hajmi va yaylovlar hosildorligini oshirish uchun cho‘l va yaylovlarda urug‘lar ekish tizimini joriy etish, izen, teresken, saksovul kabi chidamli o‘simliklarni ko‘paytirish zarur. Bunday muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish yurtimizda qorako‘lchilikni yana serdaromad sohaga aylantirish imkonini beradi.
Mutaxassislar yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga chiqarish xususida ko‘p gapirishmoqda. Bu yaxshi, avvalo, ichki ehtiyojni ta’minlasak-chi? Deylik, qorako‘l teridan tikilgan issiq qishgi liboslarni ayollarimiz kiyib yursa, qorako‘l telpak yigitlarimiz boshida g‘urur timsoli sifatida tursa, qanday bo‘ladi?! Bu bizning mulohazalar, yanayam mutaxassislar buni yaxshi biladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida qorako‘lchilik sohasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bilan tanishar ekan, bir fikrni alohida ta’kidladi: “Biz ishlab chiqarish sohasida ko‘p narsalarni yangidan tashkil qilishga harakat qilamiz, bu yaxshi. Lekin mavjud, daromad topsa bo‘ladigan tarmoqlarni saqlab qolish va rivojlantirish ham asosiy e’tiborimizda bo‘lmog‘i lozim”.