O‘zA O`zbek

04.08.2020 Chop etish versiyasi

Bular boshqa-boshqa narsalar: taʼlim kredi va kredit-moduli

Bular boshqa-boshqa narsalar: taʼlim kredi va kredit-moduli

Shuni taʼkidlash lozimki, kundalik turmush tarzimizda “kredit-modul”, “ECTS” “modul tizimi” kabi tushunchalarga bir necha marotaba duch kelamiz. Ayrim insonlar oliy taʼlimdagi kredit-modul tizimini taʼlim krediti (toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga banklar tomonidan ajratiladi) bilan bir xil tushuncha deya baholaydi. Bu ikkala soʻz birikmasi bir-biriga bogʻliq boʻlmagan ikkita mustaqil tushunchalardir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan, mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejalarini kredit-modul tizimiga oʻtkazish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2020-yil 29-apreldagi Farmonga asosan, Toshkent davlat yuridik universitetida (keyingi oʻrinlarda — TDYUU) ushbu oʻquv yili sentyabr oyidan boshlab ECTS Yevropa kredit tizimi standartlarini joriy etish tartibi belgilandi. Xoʻsh, kredit-modul tizimi yuridik taʼlimga qay tarz joriy etiladi va uning qanday oʻziga xos jihatlari bor?

Kredit-modul tizimi nimani nazarda tutadi? Bugungi kunda taʼlim dasturlarini amalga oshirish uchun dunyo tajribasida kredit tizimi deb nomlangan amaliyotdan keng foydalaniladi. Kredit tizimi oʻz ichiga taʼlim va uning uchun sarflanadigan umumiy mehnat xarajatlari miqdorini qamrab oladi. Jahon amaliyotida Amerika Qoʻshma Shtatlari kredit tizimi (USCS), Kreditlarning toʻplash va oʻtkazishning Britaniya tizim (SATS), Yevropa kredit tizimi (ECTS), Universitet kreditlarini oʻtkazishning Osiyo - tinch okeani tizimi (UCTS) eng keng tarqalgan tizimlar hisoblanadi. Shu oʻrinda mavzuning mohiyatidan chetga chiqmagan holda, Oʻzbekiston Respublikasida joriy etilishi rejalashtirilayotgan Yevropa kredit tizimining (ECTS) ahamiyati, zarurati va oʻziga xos jihatlariga toʻxtalib oʻtishni maʼqul deb bilamiz.

Qisqacha tarixi. Yevropa kredit tizimi (ECTS) dastlab SOCRATES/ERASMUS (1988-1995) dasturi doirasida ishlab chiqilgan. Mazkur tizim 6 yillik muddatda sinov asosida Yevropa Kengashiga aʼzo mamlakatlar 145 ta oliy taʼlim muassasasining 5 ta MVA (Biznes boshqaruvi), Kimyo, Tarix, Texnik mexanika va Tibbiyot taʼlim yoʻnalishiga joriy etildi. Tizim sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi va 1999-2000-yillarda 1200 dan ortiq oliy taʼlim muassasasining 6000 ta oʻquv dasturi boʻyicha universitetlararo talabalar almashinuvi ECTS tizimi doirasida amalga oshirildi. Bugungi kunga kelib mazkur tizim gʻarbda Portugaliyadan sharqda Rossiya va Qozogʻistongacha boʻlgan hudud oraligʻidagi 48 ta mamlakat oliy taʼlimi tomonidan tan olingan.

ECTS tizimining zarurati. Ushbu tizimning zarurati bir qator mezonlarda ifodaladi. ECTSning oʻziga xos jihatlarini tahlil qilar ekanmiz, ular quyidagilardan iborat:

birinchidan, oliy taʼlim kurslari shaffofligini oshiradi.

Mazkur mezon talabalarning oʻqish bilan bogʻliq masalalarda bir davlatdan boshqa davlatga erkin koʻchib oʻtishi, oʻz mamlakatida olgan akademik malakasining xorijiy oliy taʼlim muassasalari tomonidan tan olinishi, shu bilan bir qatorda chet elda oʻqigan davrining oʻz mamlakatida toʻsiqlarsiz eʼtirof etilishida namoyon boʻladi. Masalan, oʻtgan ikki yil davomida 60 kreditdan jami 120 kreditni toʻplab TDYUUning 2-kursini tamomlagan talaba kelgusida oʻqishini Gumbolt nomidagi Berlin universiteti yuridik fakultetida davom ettirmoqchi. TDYUUda joriy qilingan oʻquv dasturining ECTS tizimi talablari asosida ishlab chiqilganligi oʻqishni Germaniyada 3-kursdan davom ettirishga toʻliq imkon beradi. Natijada talaba qolgan 120 kreditni Gumbolt universitetida oʻzlashtirish orqali 3 va 4-kurslarni tamomlab diplomga ega boʻladi.

Sodda qilib tushuntiradigan boʻlsak, standartlarning yagonaligi turli mamlakatlar taʼlim tizimlari oʻrtasidagi toʻsiqlarning bartaraf etilishini taʼminlaydi.

Ikkinchidan, milliy taʼlim tizimini xalqaro taʼlim standartlariga integratsiyalashtiradi.

Ushbu jihat Boloniya jarayonining markaziy yoʻnalishi sifatida baholanadi. Uning oʻziga xos tomoni shundaki, ECTSdan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatning milliy taʼlim standartlarini xalqaro standartlarga integratsiya qilishdir. Bunda oliy taʼlimni bitirganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarning (diplom va ilovalar) mazmuni nisbatan sodda hamda oddiy tushunilib, ular turli mamlakatlar tomonidan erkin tan olinadi. Masalan, ECTS tizimi joriy etilmagan A mamlakat universiteti talabasi 4 yil davomida oʻquv rejasida qatʼiy belgilangan 30 ta mutaxassislik va 20 ta nomutaxassislik jami 50 ta fanni majburiy asosda oʻzlashtiradi. ECTS tizimi joriy etilgan B mamlakat universiteti asosiy boʻlgan 20 ta mutaxassislik va ixtiyorga koʻra mutaxassislik yoki mutaxassislik oid boʻlmagan 5 ta tanlov jami 25 ta fanni oʻzlashtiradi. Oʻz-oʻzida koʻrinib turibdiki, universitetlar oʻquv dasturida nazarda tutilgan fanlarning turlichaligi va ularga ajratilgan soatlar hajmi orasidagi tafovutlar oʻzaro talaba almashish, diplomlarni tan olish kabi jarayonlarga toʻsqinlik qiladi.

ECTS Yevropa oliy taʼlim hududidagi aksar koʻpchilik mamlakatlar tomonidan milliy kredit tizimi sifatida qabul qilinib undan keng doirada foydalaniladi. Mamlakatimizda ECTSning joriy etilishi natijasida oliy taʼlim imkoniyatlarini Yevropa hududida toʻsiqlarsiz qoʻllashga zamin yaratadi.

Uchinchidan, ECTS tizimi oʻquv dasturidagi fanlar amaliyot ehtiyoji va talabaning qiziqishi asosida shakllantiriladi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad shuki, bugungi kunda oʻzining dolzarbligini yoʻqotgan, ahamiyati juda ham muhim sanalmagan hamda talabalar qiziqish doirasidan tashqari boʻlgan fanlar oʻquv dasturiga kiritilmaydi. Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, 2010-yildagi Yurisprudensiya sohasiga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasi oʻquv dasturida Madaniyatshunoslik, Ekologiya kabi sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqador boʻlmagan fanlar kiritilgan edi. Bu fanlarning yuridik amaliyotda qoʻllanilish ehtimoli va talabalar uchun qiziqarlilik darajasini yuqori deya baholab boʻlmaydi. Eʼtiborli jihati shundaki, Madaniyatshunoslik fanidagi aksar mavzular Oʻzbekiston tarixi, Ekologiya fanidagi ayrim mavzular esa Ekologiya huquqi va Yer huquqi modullarda takror oʻrganilgan.

Zamon talablari asosida oʻquv dasturni ishlab chiqish amaliyotini misol orqali ochib berishga harakat qilamiz. Gollandiyaning VRIJE universiteti yuridik fakulteti oʻquv dasturiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, unda Sunʼiy ong (Artificial Intelligence) fani nazarda tutilgan. Bugungi raqamli iqtisodiyot sharoitida sunʼiy ongni yurisprudensiya sohasiga joriy etish chora-tadbirlari rivojlangan mamlakatlar tomonidan keng qoʻllanilmoqda. Yuridik sohadagi murakkab masalalarning inson omilidan xoli tarzda sunʼiy ong yordamida hal etilishi prognoz qilinayotgan hozirgi sharoitda mazkur fanning oʻquv dasturiga kiritilishini dolzarb deya baholash mumkin. Italiyaning LUISS Guido Carli universiteti oʻquv dasturida barcha kurslar uchun Yuridik laboratoriya (Legal Laboratory) moduli joriy etilgan. Mazkur kurs orqali talabalar fuqarolarning real hayotdagi muammolarini oʻrganib, fuqarolarga yuridik yordam koʻrsatadi. Buning natijasida qonunlarni amaliyotda qoʻllash, mijozlar bilan ishlash kabi tajriba oʻzlashtiriladi. Bu ularni kelgusida kasbiy amaliyotga bosqichma-bosqich tayyorlab borishga xizmat qiladi.

Kredit miqdorlari va ularni hisoblash tartibi. Kreditlar miqdori haqida soʻz yuritar ekanmiz, avvalo “kredit” va “oʻquv soati” kabi oʻlchov birliklari nima ekanligini aniqlashtirib olishi lozim. Kredit oʻquv soatlari miqdoridan kelib chiqib belgilanadi. Oʻquv soatlari esa bitta fanni oʻzlashtirish uchun yetarli boʻlgan dars mavzulari soni asosida shakllantiriladi.

Masalan, TDYUU 3-kursida oʻqitilishi rejalashtirilgan Mehnat huquqi fani jami 11 ta mavzudan iborat. Mazkur mavzularni oʻzlashtirish uchun 60 soat auditoriya mashgʻulotlariga (22 soat maʼruza, 38 soat seminar) va 90 soat mustaqil taʼlimga vaqt ajratilgan. Auditoriya soati va mustaqil taʼlimga ajratilgan soatlar toʻplanib 6 ECTS kreditini tashkil etadi. Demak Mehnat huquqi fanini toʻliq oʻzlashtirgan talaba 6 ECTS miqdordagi kreditni toʻplagan hisoblanadi.

Har bir talaba universitetdagi toʻliq bir oʻquv yili davomida jami 60 ECTS kreditni oʻzlashtirishi lozim. Bu 1500-1800 oʻquv soatiga teng boʻlgan hajmdagi birlikdir. Shunda 1 ECTS kredit 25 dan 30 soatgacha (Buyuk Britaniyada istisnolar mavjud) boʻlgan miqdorni tashkil etadi. Turli mamlakatlarning oʻquv soatlari miqdori bir-biridan farqlanib turadi.

Masalan:

Buyuk Britaniyada 60 ECTS = 1200 oʻquv soati, 1 ECTS = 20 oʻquv soati;

Avstriya, Italiyada 60 ECTS = 1500 oʻquv soati, 1 ECTS = 25 oʻquv soati;

Finlyandiya, Litvada 60 ECTS = 1600 oʻquv soati, 1 ECTS = 27 oʻquv soati;

Gollandiya, Portugaliyada 60 ECTS = 1680 oʻquv soati, 1 ECTS = 28 oʻquv soati;

Germaniyada 60 ECTS = 1800 oʻquv soati, 1 ECTS = 30 oʻquv soatini tashkil etadi.

Kreditlar qayerdan toʻplanadi? Kreditlarni toʻplash – bu universitet oʻquv rejasida nazarda tutilgan oʻquv jarayonlari yaʼni maʼruza, seminar, attestatsiya, mustaqil taʼlim, amaliyot hamda yakuniy davlat imtihonlarini oʻzlashtirish orqali yakunlanadigan jarayondir. Misol asosida batafsilroq tushuntiramiz. Toshkent davlat yuridik universiteti yurisprudensiya taʼlim yoʻnalishi oʻquv rejasi loyihasiga koʻra, talaba 4 yil davomida 240 ECTS kredit toʻplashi zarur. Talaba mazkur jarayonda 27-28 ta fanni oʻzlashtirishi, bitiruv malakaviy ishi (kompleks davlat imtihoni) topshirishi, kasbiy amaliyotni oʻtashi lozim. Kredit toʻplashda eng katta ball beradigan oʻquv jarayoni bu oʻquv dasturida nazarda tutilgan fanlarni oʻzlashtirish hisoblanadi.

Oʻquv dasturidagi fanlar qanday shakllanadi? Oʻquv dasturidagi fanlar ahamiyati va zaruratidan kelib chiqib, Asosiy fanlar, Tanlov fanlar va Ixtiyoriy fanlar kabi uch guruhga ajratiladi.

Asosiy fanlar. Bir kurs davomida oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan jami 8 ta fandan 6 tasi Asosiy fan boʻlib, ularni oʻzlashtirmagan talaba keyingi kursga oʻtish uchun zarur boʻlgan 60 ECTS kreditni toʻplay olmaydi. Har bir asosiy fanga 6-10 ECTS kredit miqdorida yuklama ajratiladi. Amaliyotchi yurist bilishi shart boʻlgan jinoyatchilik, shartnomaviy munosabatlar, mehnat munosabatlarini oʻrganuvchi Jinoyat huquqi, Fuqarolik huquqi, Mehnat huquqi kabi fanlar ikkinchi kurs oʻquv rejasiga Asosiy fan sifatida kiritilgan.

Tanlov fanlar. Bir kurs davomida oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan jami 8 ta fandan 2 tasi Tanlov fan boʻlib, talaba oʻzi xohlagan 2 ta fanni oʻrganishi uchun universitet sharoit yaratib beradi. Har bir asosiy fanga 3-5 ECTS kredit miqdorida yuklama ajratiladi. Ikkinchi kurs oʻquv rejasida jami 9 ta Tanlov fani nazarda tutilgan boʻlib, ular orasida xalqaro aloqalar, ekologiya sohasi, inson huquqlariga oid munosabatlarni oʻrganishga moʻljallangan Xalqaro ommaviy huquqi, Ekologiya huquqi, Inson huquqlari fanlari mavjud.

Ixtiyoriy fanlar. Bir kurs davomida oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan jami 8 ta fan doirasiga ixtiyoriy fanlar uchun oʻrin ajratilmagan. Ixtiyoriy fanlar talaba tomonidan xohishga koʻra oʻzlashtirilishi yoki oʻzlashtirilmasligi ham mumkin. Har bir asosiy fanga 1 ECTS kredit miqdorida yuklama ajratiladi. Ikkinchi kurs oʻquv rejasida jami 4 ta Ixtiyoriy fan nazarda tutilgan boʻlib, ular Jamoatchilik faoliyati, Xorijiy mutaxassislarning qisqa kurslari, Ilmiy-amaliy toʻgaraklar, Yuridik klinika shular jumlasidandir. Bunda talabalar universitetning jamoat ishlari, turli tadbirlarida qatnashadi; yuridik klinikada fuqarolarga maslahatlar beradi; ilmiy toʻgaraklarda faoliyat olib boradi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, yuridik taʼlimga ECTS Yevropa kredit tizimini joriy etish talabalarning mobilligini oshirishga, akademik malakani tan olinishiga, oliy taʼlim tizimi shaffofligini taʼminlashga shuningdek, universitetlarning oʻquv rejalarni belgilashdagi mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shu bilan bir qatorda mazkur tizim yordamida mamlakat manfaatlarini xalqaro miqyosda himoya qilishga qodir boʻlgan yurist-kadrlarni tayyorlash nazarda tutilgan.

Miryoqub Rahimov ,
Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi oʻqituvchisi

12 679
O'zA