O‘zA O`zbek

11.12.2017 20:34 Chop etish versiyasi

Bu yil voha dehqonlari davlatga 1 million tonnadan ziyod g‘alla topshirdi

Bu yil voha dehqonlari davlatga 1 million tonnadan ziyod g‘alla topshirdi Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilangani sohaga qaratilayotgan ulkan e’tiborning yorqin namunasi bo‘ldi. Ushbu sana munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab "Hosil bayrami" o‘tkazildi. Qashqadaryolik dehqonu fermerlar ham bu shodiyonani ko‘tarinki ruhda nishonladi.

Bayram tadbirida fermerlar, mexanizatorlar, irrigatorlar, agronomlar, tomorqa yer egalari va boshqa qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda 2017-yilda viloyat agrar sektorida erishilgan yutuqlar e’tirof etilishi bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil qilindi.

Bu yil voha dehqonlari davlatga 420 ming tonna sifatli paxta xomashyosi, 1 million tonnadan ziyod g‘alla topshirdi. Qolgan tarmoqlarda ham jiddiy sifat o‘zgarishlariga erishildi.

2 (1).jpg

– Uzoq yillardan buyon qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritaman, – deydi Kitob tumanidagi “Husniddin Xoliq Sharopovich” fermer xo‘jaligi rahbari Sharof Xoliqov. – Bu soha odamlari doim mehnatning mashaqqatini his etib yashagan. Sobiq tuzum davrida dalada mehnat qilayotganlarga bepisand munosabatda bo‘lindi, mehnati qadr o‘rniga toptaldi. Mustaqillik yillaridagina bunday munosabatga barham berildi. Ularning mehnati qadr topdi. Bugun esa u yangi bosqichga ko‘tarildi. Kuni kecha Prezidentimizning ma’ruzalarini tinglab, ko‘zlarga yosh keldi. Ko‘nglimdan nimalar kechganini qishloq xo‘jaligi xodimlari yaxshi anglaydi. Ma’ruzani tinglay turib, fermerligimdan faxrlanib ketdim. Sohaga qaratilayotgan e’tibor, xodimlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillarimiz tog‘dek ko‘tarildi. Fermer xo‘jaligimiz bog‘dorchilikka ixtisoslashgan. 4 gektar anorzorimiz bor. Joriy yilda 30 tonna anor oldik. Nasib etsa, bu hosildan 70 millionga yaqin daromad qilishni mo‘ljallayapmiz. Tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha yaratilayotgan qulayliklardan foydalanib, kelgusi yili hosilimizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilishni rejalashtirib turibmiz.

6 (2).jpg

Mo‘l hosil – aholi farovonligi, bozorda to‘kinlik demak. Qishloq xo‘jaligi yumushlaridan asosiy maqsad ham aslida shu – yuksak xirmon ko‘tarish, rizq serobligiga erishish. Ushbu ezgu niyat ro‘yobi esa mamlakat ravnaqiga xizmat qiladi. Shu ma’noda, viloyatda o‘tkazilgan "Hosil bayrami"da ham qishloq xo‘jaligi sohasida jonbozlik ko‘rsatayotgan insonlarga yuksak hurmat ko‘rsatish, ular mehnatini munosib rag‘batlantirish alohida o‘rin tutdi. Qarshi shahrida tashkil etilgan marosimda omilkorligi bilan ajralib turgan bir guruh qishloq xo‘jaligi xodimlari taqdirlandi. Tumanlar hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga xizmat avtomobillari topshirildi.

Viloyat musiqali drama teatrida qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun konsert dasturi namoyish etildi. Taniqli san’atkorlar ijrosida bobodehqonlarimizning zahmatli mehnati, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, mo‘l-ko‘lchilik madh qilingan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
8 039