O‘zA O`zbek

23.01.2019 Chop etish versiyasi

Bozor iqtisodiyoti: asl mohiyat, tartib va tamoyillar

Bozor iqtisodiyoti: asl mohiyat, tartib va tamoyillar Har bir mamlakat iqtisodiyotining ravnaqi xalqiga munosib turmush tarzi yaratib berilgani bilan belgilanadi. Olimlarimiz oʻtgan asrda mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishining Amerika, Yevropa, Yaponiya, Janubiy Koreya, Janubi-Sharqiy Osiyo, Osiyo va Afrika davlatlari modellarini oʻrganib, tahlil qilgan. Lekin ushbu mamlakatlar tajribasini toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq etib boʻlmasligi amaliyotda isbotlangan. Bu davlatlarda bozor munosabatlarining rivojlanishi tekis va benuqson kechmaganligi esa tahlillarda koʻrsatib oʻtilgan.

Oʻzbekistonda iqtisodiy rivojlanishning milliy strategiyasi ishlab chiqilgan. U yurt manfaati, shart-sharoitiga toʻla mos keladigan bozor iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

– Mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar xalqimizning orzu-intilishlari, manfaatlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan, – dedi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi dotsenti Sharif Qobilov. – Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida bu borada ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, oʻzaro manfaatli, amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish bozor iqtisodiyotiga oʻtishning muhim tamoyillaridan sanaladi. Mamlakatimiz iqtisodiy islohotlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bozor iqtisodiyotining asosini tashkil etadi. Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida hamda 2018 yilning 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratgani bejiz emas. Negaki, bora-bora mamlakat iqtisodiy rivojlanishida tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchilarning hissasi yuqori boʻlib boraveradi. Bugun davlat tomonidan yaratilayotgan qulayliklar ular faoliyatini yoʻlga qoʻyish va muvaffaqiyatlarga erishish uchun katta imkoniyatdir.

Demak, bozor iqtisodiyoti turli xil mulk shakllari, yagona moliya, tovarlar, kapital va ishchi kuchi bozori, tovar ishlab chiqaruvchining maksimal mustaqilligi, davlatning xoʻjalik yuritish faoliyatiga aralashuvining chegaralangani va erkin raqobatga tayanadigan iqtisodiy oʻsish jarayonidir.

Mamlakat iqtisodiy oʻsishiga bir nazar va xalqaro tajriba

Yaqin tarixdan maʼlumki, Oʻzbekiston resurslarga boy mamlakat boʻlsa-da, iqtisodiy taraqqiyotda koʻplab Sharq mamlakatlaridan orqada qolgan edi. 1989-1990 yillarda ishlab chiqarish koʻrsatkichi juda past boʻlgan. Ishlab chiqarish, iqtisodiyotning oʻsish surʼati, modernizatsiya va diversifikatsiya jihatdan dunyo talablaridan ancha orqada qolgandi. Ana shunday davrda Oʻzbekiston iqtisodiy jihatdan yangilanishi uchun har tomonlama pishiq va puxta yoʻlni tanlash zarur edi.

Mamlakatimiz istiqlolning ilk davridan boshlab, bozor iqtisodiyotiga oʻtishning oʻziga xos yoʻlini tanladi va bu yoʻl MDHning boshqa davlatlaridan farqli oʻlaroq, yurtimizning ichki va tashqi qarzi oshib ketishiga imkon bermadi.

Maʼlumotlarga koʻra, mustaqillikning dastlabki yillarida yurtimiz yalpi ichki mahsulotining bor yoʻgʻi 1,5-2 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Buning sababi esa oʻsha davrda xususiy tadbirkorlik qoʻllab-quvvatlanmagan, ularning faoliyatini rivojlantirish boʻyicha chiqarilgan farmon va qarorlar korrupsiyaga berilgan buyruqboz amaldorlarning keskin qarshiligiga duch kelgan. Ayniqsa, bunda fermerlikni rivojlantirishda koʻrilgan choralarni eslash kifoya.

Mamlakatda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar natijasida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 6 marotaba oshgan. Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotning 1991-2017 yillarda oʻrtacha yillik oʻsish surʼati 4,5 foizni tashkil etgan. Iqtisodiy oʻsishning oʻrtacha yillik surʼati 1996-2017 yillarda 6,4 foizni koʻrsatgan. Bunday koʻrsatkichlarga erishishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar amaliy ahamiyat kasb etadi.

Xorijiy mamlakatlar iqtisodiy oʻsishida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari ulushini kengaytirishga ahamiyat berilgan. Masalan, BMT Taraqqiyot dasturi Inson taraqqiyoti toʻgʻrisida maʼruzani tayyorlash boʻlimining maʼlumotiga koʻra, 1990-2010 yillarda oʻrta sinf boʻyicha janub mamlakatlarining ulushi 26 foizdan 58 foizgacha oʻsgan. 2030 yilga borib jahonda oʻrtahol aholining 80 foizi janubiy mamlakatlarga toʻgʻri kelishi va ularning jami isteʼmol xarajatlaridagi ulushi 70 foizga yetishi tahlillarda oʻrganilgan.

– Janubiy mamlakatlar texnikaviy innovatsiyalar yaratishda ulkan yutuqlarga erishmoqda, – dedi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti katta oʻqituvchisi Ulugʻmurod Rayhonov. – Bu davlatlardagi kompaniyalar mahalliy talabga mos keluvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda novatorlikni kengaytirmoqda. Misol uchun, Afrikaning aksariyat mamlakatlari eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishni tashkil etish va investitsiyalar jalb qilishni ragʻbatlantirishda Malayziya tajribasini keng qoʻllamoqda. 2008 yildan Xitoy, Hindiston va Turkiyaning toʻqimachilik kompaniyalari global bozordan ichki bozorga koʻproq eʼtibor qaratmoqda. Ichki bozorga tayanish mazkur mamlakatlar iqtisodiyotining yuqori surʼatlar bilan oʻsishiga olib keldi.

Bundan koʻrinadiki, xorijiy mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyotdagi tajribasi Oʻzbekiston uchun muhim boʻlib, ularni tahlil qilish, oʻrganish va maqbulini amaliyotda sinab koʻrish lozim. Bu kabi tahlil asosida yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishbilarmonlar qatlami safini kengaytirish va aholi daromadlarini oshirish imkonini bermoqda. Misol uchun, 2017 yilda yangi sanoat korxonalari qurish, xizmat koʻrsatish obyektlarini ishga tushirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 336 mingdan ziyod yangi ish oʻrni tashkil etilgan. 2017 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 57095,6 milliard soʻmni, yaʼni jami sanoat ishlab chiqarishning 39,6 foizini tashkil etdi. Bu esa 2016 yilga nisbatan 102,1 foizga oʻsish demakdir.

Bozor iqtisodiyotini qaror toptirishda qonuniy hujjatlarning ahamiyati katta. Deylik, 1996 yilda iqtisodiy munosabatlarning huquqiy negizini barpo etadigan 100 ga yaqin, 2010 yil yakuniga koʻra, milliy iqtisodiyotni isloh qilish boʻyicha 400 dan ortiq, birgina Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosiga muvofiq 100 dan ziyod qonuniy hujjatlar ishlab chiqilgan.

Iqtisodiy rivojlanishda islohotlarning ahamiyati

Erkin bozor tamoyillarini oʻrnatishda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini isloh qilish va rivojlantirish zarur. Buning natijasida esa sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadga muvofiq. Bunda mulkiy, agrar, narx, moliya-kredit, tashqi iqtisodiy faoliyat va nihoyat ijtimoiy yoʻnalishlarda islohotlarni amalga oshirish bozor munosabatlariga oʻtishda keng qulaylik yaratadi.

Shu bilan birga, soha ravnaqida ochiq iqtisodiyot, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy sektorni jadal rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, malakali kadrlarni tayyorlash kabi bir qator masalalar muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 3 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori mamlakat iqtisodiyotida yana bir muhim qadam boʻlib, raqamli iqtisodiyot ravnaqida innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish sohasida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining yaqin hamkorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

– Tahlillarga koʻra, raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga oʻstirish, korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini beradi, – dedi Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Oʻtkir Boʻtayev. – Bu jarayonda tadbirkorlik faoliyatining alohida hissasi bor. Shu sababli, mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Masalan, 700 dan ortiq huquqiy-meʼyoriy hujjatlar ekspertiza qilindi. Palata tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qiladigan normalarni olib tashlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va tegishli vazirliklarga takliflar kiritildi. Bundan tashqari, 2017 yilda 3 ming 419 nafar tadbirkor palata koʻmagida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda oʻqitilgan boʻlsa, 2018 yilda 9 ming 368 nafar tadbirkor oʻz bilimini mustahkamladi. Ulardan 53 nafari esa xorijda taʼlim olishga muvaffaq boʻldi. “Obod qishloq“ va “Obod mahalla“, “Har bir oila – tadbirkor“, “Yoshlar – kelajagimiz“ kabi davlat dasturlari ijrosi boʻyicha qilinayotgan ishlar ham nafaqat tadbirkorlar manfaati, balki mamlakatimiz iqtisodiy ravnaqi yoʻlida dadil qadamdir.



14 437
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA