Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.12.2017 19:18 Chop etish versiyasi

Biznesning o‘z «qanotlari» bo‘ladi yoki biznes aviatsiyasi haqida

Ishbilarmonning har daqiqasi g‘animat. Zero, yuzlab ishchi-xodimlarning maoshi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashdan tortib strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ham biznesmenning vaqti, moddiy va moliyaviy resurslaridan oqilona foydalanishi bilan chambarchas bog‘liq. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda ishbilarmonlik aviatsiyasining tashkil etilishiga start berilishi vaqt tizginini qo‘ldan bermaydigan ana shunday tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘ldi, deyish mumkin.

Havo yo‘llari boshqa turdagi transport vositalariga nisbatan manzilga tez yetib borishni ta’minlasa-da, birmuncha qimmatligi bois hammaning ham cho‘ntagi ko‘tarmasligiga e’tibor berish zarur. Shu ma’noda biznes aviatsiyasiga mamlakatimizda aynan bugun asos solinayotganini tabiiy jarayon sifatida baholash mumkin. Qolaversa, Osiyo mamlakatlarining jadal rivojlanayotgani, ular o‘rtasidagi integratsiyalashuvning jadallashayotgani Yevroosiyo mintaqasida qulay jo‘g‘rofiy o‘rinda joylashgan O‘zbekistonning xalqaro tranzit imkoniyatlarini oshirib yubormoqda.

Bu o‘rinda qo‘shni davlatlar, xususan, Tojikiston, Afg‘oniston bilan havo qatnovlarining yo‘lga qo‘yilgani natijasida endilikda ushbu mamlakatlar fuqarolari uzoq safarlarga O‘zbekiston havo bandargohlari va samolyotlaridan foydalangan holda chiqishlari mumkinligini keltirib o‘tishning o‘zi kifoya.

Ta’kidlash kerakki, biznes aviatsiyasi fuqaro aviatsiyasining eng yosh tarmoqlaridan biri sanaladi. Agarda MDH hududini olib qaraydigan bo‘lsak, bunday turdagi xizmatlarni ko‘rsatishga qodir infratuzilma bir necha yirik havo bandargohlaridagina mavjud ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Ular orasida Moskvadagi «Vnukovo-3» havo bandargohini ko‘rsatish joiz. Rossiya hamda Sharqiy Yevropadagi eng yirik biznes aviatsiyasi markazi hisoblangan mazkur aeroport ikkita VIP terminali, avtoturargoh hamda qo‘riqlanadigan hududga ega. Perron va angar majmualari bir vaqtning o‘zida 250 dan ziyod havo kemalarini sig‘dirib, ularga xizmat ko‘rsata oladi. Angarlar isitish, ventilatsiya, yoritish hamda avtomatik tarzda yong‘inni o‘chirish tizimlari bilan jihozlangan. Sakkizta muzokaralar xonasi, bankomatlar, barlar va «Duty Free» do‘konlari yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratadi.

Dunyoda globallashuv jarayonlarining jadallashuvi, transmilliy korporatsiyalar ko‘lamining kengayishi bilan havo bandargohlarida «uchar limuzinlar», ya’ni mijozning istagiga ko‘ra har daqiqada havoga ko‘tarilishga tayyor samolyotlarning hissasi tobora ortmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ishbilarmonlik aviatsiyasi bozorining dunyo bo‘yicha yillik daromadi 250 milliard dollarni tashkil etadi.

«Bombardier Business Aircraft» kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo iqtisodiyotining o‘sishi bilan biznes aviatsiyasiga bo‘lgan talab ham ortib boradi. Kompaniya prognozlariga ko‘ra, 2016-2025-yillarda 8 ming 300 ta yengil, o‘rta va og‘ir biznes samolyotlari yetkazib beriladi. Bunda AQSh va Yevropa mamlakatlari an’anaviy ravishda asosiy xaridorlar bo‘lib qolsa-da, MDH davlatlari va Xitoy fuqarolarining ham mazkur turdagi samolyotlarga talabi ortishi kutilmoqda.

Sirasini aytganda, ishbilarmonlik aviatsiyasining «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida qad rostlaydigan yangi havo bandargohida tashkil etilishi qator masalalarga oqilona yechim topish imkonini beradi. Eng avvalo, yo‘lovchilar oqimining ortishi tufayli bugungi kunda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining xorijiy delegatsiyalarni oliy darajada kutib olish imkoniyati cheklanmoqda. Ayni paytda yangi aeroportning qad rostlashi nainki oliy darajadagi mehmonlar va ishbilarmonlar, balki yurtimizga tashrif buyurayotgan ko‘plab xorijlik sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatish, poytaxt havo bandargohining tranzit imkoniyatlarini oshirish imkonini beradiki, bu kelgusida iqtisodiyot tarmoqlariga o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatishi tayin.

– Bugun Toshkent va Samarqand, Buxoro singari yurtimizning tashrif qog‘oziga aylangan shaharlarimiz o‘rtasida harakatlanayotgan «Afrosiyob» poyezdlari yoki O‘zbekiston bayrog‘i tusiga bo‘yalgan Nyu-York – Toshkent va boshqa xalqaro yo‘nalishlarda uzluksiz parvozni amalga oshirayotgan «Dreamliner» samolyotlarini ko‘rgan har qanday xorijlikning mamalakatimiz salohiyati haqidagi tasavvurlari boyimoqda, – deydi «Dentafill Plus» korxonasi rahbari Sarkor Isanboyev. – Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi tizim, ya’ni yakka tartibdagi va korporativ parvozlarni amalga oshirish uchun barcha zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan havo bandargohining bunyod etilishi, ishonamizki, bugungi kunda chet el bozorlarini zabt etayotgan, xalqaro savdo munosabatlarida tobora faollashib borayotgan tadbirkorlarimiz uchun muhim qulaylik bo‘ladi.

Yangi turdagi aviatashuvlarning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz aviatsiyasi tarixida muhim o‘ringa ega bo‘lishi, shubhasiz. Zero, bugungi kunda dunyoning eng peshqadam mamlakatlarida yo‘lga qo‘yilgan mazkur xizmat aviatashuvlar bozorida O‘zbekistonning mavqeini yanada mustahkamlash, mamlakatimiz tranzit salohiyatini oshirish va eng asosiysi yurtimiz hamda xorijlik tadbirkorlarining uzog‘ini yaqin qilishda muhim omil bo‘ladi.

Behzod Bozorov, O‘zA
6 030