Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 19:21 Chop etish versiyasi

“Biznes ombudsman” tadbirkorlar huquqini himoya qiladi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensiya shaklida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov, Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.Qosimov va boshqalar davlatimiz rahbarining 2017-yil 5-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoni xususiy sektor faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning keng rivojlanishi uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, davlat, huquqni muhofaza etuvchi va nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuviga qat’iy chek qo‘yishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli yurtimizda ta’sis etilgan Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – “Biznes ombudsman” institutining aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tashkil etilishi Vakilning o‘z faoliyatini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan holda amalga oshirishini kafolatlaydi va tadbirkorlar manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishini ta’minlaydi.

– Mamlakatimizda “Biznes ombudsman” institutining faoliyat yuritishi Prezidentimiz tomonidan biz, tadbirkorlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasidir, – deydi poytaxtimizdagi «Premium Alliance Paper» korxonasi rahbari Behzod Muhamedov. – Tadbirkor faoliyatiga keng yo‘l ochilishi – bu xalqimizning yaxshi yashashi va turmush farovonligini ta’minlash demakdir. Bu kabi ezgu ishlar yurtimiz taraqqiyotida, albatta, o‘z natijasini beradi.

Videokonferensiya partiyaning Facebookdagi rasmiy sahifasida ham to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritib borildi. Ijtimoiy tarmoq orqali qonun loyihasiga tadbirkorlardan yuzdan ortiq taklif va fikr-mulohaza bildirildi.

Davron Sunnatov, O‘zA
2 344






Все о погоде - Pogoda.uz