O‘zA O`zbek

21.01.2019 Chop etish versiyasi

Bir yilda 400 milliard soʻm daromad

Bir yilda 400 milliard soʻm daromad Fargʻona viloyatida aholi tomorqasidan samarali foydalanishni tashkil qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. Ayni kunlarda Beshariq tumanida 40 mingta xonadon boʻlib, tuman hokimligi tashabbusi bilan har bir xonadon tomorqasidan bir yilda oʻrtacha 10 million soʻmdan daromad olish evaziga yiliga 400 milliard soʻm daromad manbaiga ega boʻlish mumkinligi hisob-kitob qilindi.

Bu bejiz emas, albatta. Boisi, keyingi yillarda tumanda aholi tomorqasidan samarali foydalanish borasida oʻziga xos tajriba maktabi yaratildi. Oilalarda yildan-yilga zamonaviy issiqxonalar tashkil etish, sitrus mevalar yetishtirish, gulchilik, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik singari serdaromad yoʻnalishlar boʻyicha tadbirkorlik ortib bormoqda.

Toshariq mahallasida yashovchi Murodjon Yusupov oilasi xonadondagi 6 sotix issiqxonada yiliga 100 ming tupdan koʻproq 8 turdagi bir yillik gul koʻchatlari yetishtiradi. Fargʻona vodiysida mashhur boʻlib ulgurgan oila gullarining bir tupi oʻrtacha 5-25 ming soʻmdan sotiladi. Oila bekasi Matluba Yusupova yana 20 sotixda issiqxona tashkil etib, gulchilikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratish harakatida ekanini taʼkidlaydi.

“Yuqori Tovul” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Shirinxoʻja Mansurovlar oilasida 3 sotixli issiqxonada tomchilatib sugʻorish usuli joriy etilgan. Issiqxonadan yiliga 2-3 marta hosil oladigan xonadon aʼzolari yaqinda bodringni sotib tugatishdi. Shu kunlarda pomidor koʻchati ekish rejalashtirilyapti. Tomorqadagi moʻjazgina bogʻ, chorvachilik tarmogʻi oilaning qoʻshimcha daromadi hisoblanadi.

Hasanjon Obidovlar oilasi Tovuldagi qarovsiz yotgan eski avtogaraj oʻrnida 40 sotixli issiqxona barpo etgan. 15 sotixdagi limon hosili salmoqli, 25 sotix yerdagi bodring-pomidor daromadi ham oila farovonligini yuksaltirmoqda. Hozir oila aʼzolari mandarin va apelsin kabi sitrus mevalar parvarishini yoʻlga qoʻyish, asalarichilik tarmogʻini rivojlantirishni koʻzlab turibdi.

– Eng namunali tomorqa yer egalari ishtirokida targʻibot guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, barcha mahallalarda yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazilyapti, ilgʻor tomorqachilar oʻz tajribasini gapirib bermoqda, – deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Beshariq tumani kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Zafarjon Obidov. – Tomorqadan samarali foydalana olmayotgan oilalar mahallaning oʻzida muhokama qilinib, mahalladoshlar koʻmagida ishini oʻnglab olishiga koʻmaklashilyapti. Xalqimiz “Otang – mahalla, onang – mahalla“, deb bejiz aytmagan, axir.

Yaqinda viloyat hokimligi koʻmagida “Vodiy naslli parranda” xususiy korxonasi uchun boʻsh bino va yer maydoni ajratilib, parrandachilik klasteri tashkil etilmoqda. Shu tariqa korxonada joʻja ochirish, parvarishlash, sogʻlomlashtirish-profilaktika ishlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengaytiriladi. Bugungi kunda korxona mutaxassislari tomonidan mazkur tarmoqni rivojlantirish istagida boʻlganlar uchun tuman hokimligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan reja asosida mahorat darslari oʻtkazib borilayotgani eʼtiborga loyiq.

Shu sababli tumanda bir paytning oʻzida tadbirkorlikning bir necha tarmoqlarini rivojlantirayotgan oilalar koʻpayib bormoqda. Bobomurod Saidahmedovlar oilasi yillar davomida foydalanilmay kelgan salkam 1 gektar tap-taqir va toshloq yerda eng soʻnggi texnologiyalar yordamida gidroponika usulida issiqxona tashkil etgan. Bugungi kunda “Nur fayz” dehqon xoʻjaligida yetishtirilayotgan bodring va pomidor yilning toʻrt faslida ham ichki bozorga chiqarilib, bir qismi qoʻshni respublikalarga eksport qilinishi taʼminlanmoqda. Issiqxonaga yondosh hududda esa oila aʼzolari tashabbusi bilan parrandachilik tarmogʻi rivojlanmoqda.

Beshariq tumanida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish va shu orqali har bir oilaning muqim daromad manbaiga ega boʻlishiga erishish uchun koʻplab ezgu tashabbuslar hayotga tatbiq etilayotir. Mahallalarda tomorqachilik madaniyati yuksalib borayotgani nafaqat aholi bandligini taʼminlash, balki oilalar farovonligini yuksaltirish, pirovardida iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

photo5346255336375430629.jpg

photo5346255336375430630.jpg


6 858
Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA