Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.09.2017 16:57 Chop etish versiyasi

Bir tup daraxtda 40 kilogramm xandon pista

Yurtimiz tabiiy iqlim sharoitiga mos, tog‘ va tog‘oldi hududlarida yetishtiriladigan xandon pista farovonlik va salomatlik ramzi hisoblanadi. Farg‘ona viloyatida xandon pista ko‘chatlarini uy sharoitiga moslashtirish ishlari keng quloch yozmoqda.

Mamlakatimizda xandon pistaning “Saroyqo‘rg‘on olmosi”, “Sharq yulduzi”, “Olmos” kabi o‘ttizdan ortiq serhosil navi yaratilgan. Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Andijon, Surxondaryo viloyatlarining tog‘ hududlari iqlim sharoiti xandon pistaning rivojlanishi, yaxshi hosil berishi uchun qulay. “Urojaynaya”, “Zorka”, “Albina” kabi navlar barcha joylarda yaxshi hosil beradi.

Bag‘dod tumanidagi Qo‘shchinor mahallasida tomorqada xandon pista yetishtirayotgan omilkorlar ko‘p. Xususan, aka-singil Usmonjon Ro‘ziqulov va Dilfuza Qodirova ushbu foydali o‘simlikni tomorqasida parvarishlashda ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda.

Uy bekasi Dilfuza opa farzandlar tarbiyasi, ro‘zg‘or yumushlaridan ortib bu borada izlanishlar olib borayotganiga, mana, 10-yil bo‘ldi. O‘zining aytishicha, xandon pista yetishtirish ularga bobomeros. O‘tgan asrning 70-yillarida oila boshliqlari bo‘lgan Abduvali ota hamda Zebiniso aya mazkur bog‘da dastlabki pista nihollarini o‘tqazib, mirishkorlik sirlarini farzandlariga o‘rgatgan. Shu zayl mazkur bog‘ yildan-yilga kengayib bormoqda. Ayni paytda ularning o‘giti va maslahatlari bilan xo‘jalik tomorqasidagi pista daraxtlari soni 1000 tupga yetdi.

Aytish joiz, xandon pista yuqori diyetik mahsulot bo‘lib, tarkibida inson salomatligi uchun foydali mikroelementlarga (49-60 foizgacha yog‘, 15-20 foiz oqsil va 3-8 foiz qand) boyligi bilan xalq tabobatida keng foydalaniladi. Abu Ali ibn Sinoning tabobatga oid asarlarida jigar va oshqozondagi qator kasalliklarni davolashda pistaga tashqi yaralarni bitiruvchi vosita sifatida katta o‘rin ajratilgan. Pista surunkali o‘pka kasalliklarini davolashda ham qo‘llaniladi. Mag‘zi ustidagi qatlamdan tayyorlangan qotishma oshqozon kasalliklarida iste’mol qilinadi. Ming yillar davomida Sharqda pistani odam vujudidan zararli moddalarni chiqaruvchi ajoyib davolash vositasi, deb hisoblashgan.

Yuksak sifatli mazasi tufayli pista mevalari jahon bozorida yong‘oq va bodomdan 3-4 barobar yuqori baholanadi.

Dilfuza Qodirova o‘tgan yili bir tup pista daraxtidan 40 kilogrammga yaqin hosil oldi. Pistaning bugungi bahosi o‘rtacha 20-30 ming so‘m ekanini hisobga olsak, undan tushayotgan sof daromadni o‘zingiz chamalab olavering.

– Xandon pista ko‘chatini parvarishlash dehqondan e’tibor va tajriba talab qiladi, – deydi Dilfuza opa. – Boisi, bu o‘simlikning ham o‘ziga xos injiqliklari bor. Masalan, ko‘chat o‘tqazishda tuproqning sho‘rlanmagani, yer osti suvlari kamida uch metr pastda joylashgani muhim sanaladi. Pista yorug‘likni yaxshi ko‘radi, shuning uchun uni ekishda quyosh nuri ko‘proq tushadigan, ochiq maydon tanlash lozim. O‘simlikni kuz faslida, urug‘ sepish yoki ko‘chat o‘tqazish orqali parvarishlash mumkin. Faqat ko‘chat o‘tqazishda pistaning ikki uyli, ya’ni navi borligini unutmaslik kerak. Odatda, erkak navlar hosil bermaydi, ona navlarning serhosil bo‘lishi esa ularning bir joyda parvarishlanishiga bog‘liq. Shu bois, har o‘nta ona navdan keyin bitta erkak navni shamolning esish tomoniga qarab ekish tavsiya etiladi. Pista injiq bo‘lishi bilan birga, qurg‘oqchil va sovuq havo haroratiga birday chidamli. Yoz va qish oylarida +46 darajadan -40 darajagacha o‘zgargan ekstremal sharoitda ham o‘sish, rivojlanish va meva berishda bodomga raqobatchi hisoblanadi. Asosiysi, pista ming yoshgacha meva beradi.

Darhaqiqat, ko‘p yillik tajribaga ega D.Qodirova ayni paytda faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirish, istiqbolli pista ko‘chatlari yetishtirish, hosildorlik salmog‘ini oshirish harakatida. Ayniqsa, u o‘z tajribasini ayni yo‘nalishda bog‘dorchilikka qo‘l urayotgan mahalladoshlariga ommalashtirayotgani e’tirofga molik. Shu kunga qadar mirishkor yetkazib bergan 1000 tupdan ziyod pista ko‘chati asosida 30 dan ortiq xonadonda pistazorlar barpo etildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 431






Все о погоде - Pogoda.uz