Kollej bitiruvchilariga 362 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit ajratildi
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda.Har yili kasb-hunar kollejlarini bitirgan minglab yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Endilikda kollej bitiruvchilarining nafaqat ishga joylashishi, balki bank krediti evaziga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratishi ham odatiy holga aylandi. 2016-yilda o‘z xususiy ishini ochib, biznes bilan shug‘ullanishga qaror qilgan kollej bitiruvchilariga 362 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli mikrokreditlar ajratildi.
Keyingi yillarda turli tashkilotlar hamkorligida yosh mutaxassislar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazilib, ularning ishga va o‘z kelajagiga munosabati, mehnatga layoqati muntazam o‘rganilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining asosiy qismi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlash niyatida. Ularning bir qismi oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan bo‘lsa, yana bir qismi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan.
Tadbirkor bo‘lish uchun ishni nimadan boshlash kerak? Kredit qanday tartibda olinadi? Buning uchun qanday hujjatlar lozim? Bu kabi savollar tadbirkorlik qilish istagidagi har bir kishida tug‘ilishi tabiiy.
– O‘z biznesimni boshlash maqsadida tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatdan o‘tib, “Agrobank”ning Guliston filialida hisobraqam ochdim, – deydi yosh tadbirkor Shuhrat Bashmanov. – So‘ngra sarmoya olish uchun buyurtmanoma, biznes-reja topshirdik. Bank tashkil etgan bazaviy seminarda ishtirok etib, bank va kredit oluvchining huquq va majburiyatlari, ajratiladigan sarmoyalar va ko‘rsatiladigan lizing xizmatlarining turlari va mexanizmlari bilan yaqindan tanishdik. Qisqa fursatda mebel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va zaruriy materiallar sotib olishga oid loyiham uchun 15 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditga ega bo‘ldim. Mazkur mablag‘ sabab, ham tadbirkor bo‘ldim, ham yangi ish o‘rinlari yaratdim.
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi Mardonabonu To‘raqulova xususiy sektor rivoji uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, korxona tashkil etgan yoshlardan. Yosh tadbirkor bundan ikki yil muqaddam Qo‘qon pedagogika kollejini bitirgan. Kollejni tugallash arafasida u «Asaka bank»ning Farg‘ona viloyati filiali tomonidan o‘tkazilgan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda mamlakatimizda yaratilgan huquqiy-iqtisodiy kafolatlar hamda ishbilarmonlik muhitiga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etdi. Natijada Mardonabonuda o‘z biznesini boshlash istagi paydo bo‘ldi. Orzusining qisqa fursatda amalga oshishida bankdan olingan imtiyozli kredit unga qo‘l keldi.
– Xalqimiz dasturxonini sifatli qishlok ho‘jalik mahsulotlari bilan to‘ldirish niyatida ota-onam bilan maslahatlashib, issiqxona tashkil etgan edik, – deydi yosh tadbirkor. – Zamonaviy talablarga javob beruvchi issiqxonamizda yil davomida, ayniqsa, qishda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘n nafar tengdosh dugonalarim ish bilan ta’minlandi.
Kechagina kollejni bitirgan yoshlar bugun banklarning imtiyozli kreditlari evaziga xususiy korxona ochib, tengdoshlarini ham ish bilan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘layotganlari kimni quvontirmaydi deysiz?
O‘z biznesini boshlash va uni rivojlantirish istagida bo‘lgan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida banklar har yili imtiyozli shartlar asosida kichik biznes subyektlari va kollej bitiruvchilari o‘rtasida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazmoqda. “Mening biznes g‘oyam”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihalari shular sirasidandir. “Qishloq qurilish bank”dan ma’lum qilishlaricha, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun 2016-yilda 2015-yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘p miqdorda imtiyozli mikrokreditlar ajratilgan.
– Banklarning yoshlarga imtiyozli sarmoyalar berishi va buning uchun biznes-reja zarurligi bizning oilamizda ham katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Buxoro iqtisodiyot va bank kolleji bitiruvchisi Sarvinoz Hamidova. – Maslahatlashib, kredit olishga qaror qildik. Qisqa muddatda biznes-rejamiz istiqbolli deb topildi va bankdan uch yuz million so‘m kredit oldik. Mazkur mablag‘ga qog‘oz qutilar ishlab chiqarish uskunalari xarid qilib, bozorga qog‘oz quti yetkazib berayotirmiz.
Dastlabki sarmoyani maqsadli ishlatgan yoshlar kelgusida banklardan yana moliyaviy madad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Joylarda yoshlar rahbarlik qilayotgan yuzlab korxona va firmalar tashkil etilib, ularda tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki bozorimizni to‘ldirishga xizmat qilmoqda.
– Tadbirkorlik subyektining turiga ko‘ra mikrokreditning miqdori turlicha bo‘ladi, – deydi "Mikrokreditbank" aksiyadorlik tijorat banki kreditlash departamenti direktori Alisher Suyumov. –Boshlang‘ich sarmoyani shakllantirishga ajratiladigan mikrokreditlar tashkil topganiga 6 oydan oshmagan kichik tadbirkorlik subyektlariga 18 oygacha bo‘lgan muddatga ajratiladi. Bu davrda tadbirkor faqat foiz to‘lovlarini, so‘ng asosiy qarz miqdorini oyma-oy to‘lab boradi. Mikrofirmalar, kichik korxonalar, dehqon va fermer xo‘jaliklari uchun eng kam oylik ish haqining 500 baravarigacha, yillik yetti foiz ustama bilan, 24 oygacha muddatga ajratiladi. Mahsulotlar ishlab chiqarish, xomashyo va materiallarni qayta ishlash, hunarmandchilikni rivojlantirish, kasanachilik mehnatini tashkil etish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga eng kam oylik ish haqining 200 baravari hamda mikrofirma va kichik korxonalarga eng kam oylik ish haqining 1000 baravari miqdorida 3-yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Har qanday tadbirkorlik, avvalo, puxta biznes-reja, so‘ngra moliyaviy mablag‘ orqali shakllantiriladi. Tadbirkorning ishi moliya muassasasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Har ikki tomon o‘rtasidagi ishonchli hamkorlik muvaffaqiyatlar garovi bo‘ladi. Eng muhimi, yosh tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularni himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.