O‘zA O`zbek

11.01.2019 18:45 Chop etish versiyasi

Berlinda Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmonlari biznes-forumi oʻtkaziladi

Berlinda Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmonlari biznes-forumi oʻtkaziladi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi oldidan joriy yilning 14 yanvar kuni Berlinda Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forum, nemis kompaniyalari, bank-moliya institutlari ishtirokida hamkorlikka doir ikki tomonlama muzokaralar tashkil etiladi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forumda Germaniya iqtisodiyot va energetika federal vazirligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Germaniya Savdo-sanoat palatasi uyushmasi rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari bilan bir qatorda, Germaniyaning 250 dan ortiq yetakchi, jumladan, “ThyssenKrupp”, “MAN”, “Knauf”, “Linde”, “Takraf”, “Deutsche Bahn”, “Siemens”, “CLAAS”, “Deutsche Lufthansa” va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Unda mamlakatlarimiz oʻrtasida investitsiyaviy, savdo, neft-kimyo va kimyo sanoati, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish va turizm sohalaridagi manfaatli sheriklik istiqbollari, shuningdek, ushbu yoʻnalishda qoʻshma loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.

Forum doirasida Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmonlari ishtirokida “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuv hamda investitsiya, savdo sohalariga oid qator bitimlar imzolanishi kutilmoqda.



Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA
4 393