Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 15:35 Chop etish versiyasi

Baliqchilik: suvdan xazina qidirmaymiz, uni o‘zimiz yaratamiz

Baliq yetti xazinaning biri sanaladi. Shifokorlar vitamin va minerallarga boy ushbu mahsulotni yil davomida 6-8 kilogramm iste’mol qilishni tavsiya etadi. Demak, baliq mahsulotlarini ko‘p yetishtirish, qayta ishlash va aholi o‘rtasida iste’molini bir necha baravar ko‘paytirish millionlab kishilar salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda asosan daryo balig‘i iste’molda bo‘lgani uchun aholi ko‘proq zog‘ora, laqqa, ilonbaliq kabi turlarni yaxshi biladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurak-qon tomir kasalliklarida, qonda xolesterin darajasi ko‘tarilganda, kamqonlik, behollik va jismoniy zo‘riqishda, nevroz, teri kasalliklari, podagra va revmatizmda, ko‘rish qobiliyati sustlashganda parhezbop go‘sht koni foydadir. Bolalar baliqdan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilishi natijasida kariyes, soch to‘kilishi, bo‘qoq dardlaridan forig‘ bo‘ladi.

Oltmish million baliqchi xizmatimizda

Statistika ma’lumotlariga qaraganda, dunyo aholisining qariyb 60 millionga yaqini baliqchilik sohasida band bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining 9 foizini ushbu suv jonivorlari tashkil etadi. Baliq dunyodagi eng xaridorgir, shu bilan birga tez ayniydigan oziq-ovqat mahsuloti bo‘lgani uchun uni qayta ishlash, konservalash, qadoqlash, saqlash va tashish alohida e’tibor talab etadi. Yevropa, Shimoliy Amerikada iste’molga mo‘ljallangan baliqlarning uchdan ikki qismi odamlarga muzlatilgan, tayyor yoki konservalangan holda yetkazib beriladi. Afrikada baliqlar dudlangan, Osiyoda esa ko‘proq tirik holda sotiladi.

Ochig‘i, yaqin-yaqingacha yurtimizda baliqchilik tarmog‘i istiqboliga shubha bilan qaraydiganlar ko‘pchilikni tashkil etardi. Ular bu yo‘nalishning xarajati daromadidan ko‘proq, tashvishlari ham o‘ziga yarasha ekanini isbotlashga urinishardi. Ammo, mamlakatimizda sohani rivojlantirish uchun yetarli hajmda suv resurslari mavjudligi va baliqchilikka qiziqayotgan ko‘pgina tadbirkorlarning fidoyiligi bois sohada yuksalish boshlandi. Joriy yilda 105 ming tonna baliq yetishtirish ko‘zda tutilgani fikrimiz dalilidir.

Misol uchun, Surxondaryo viloyatida 180 dan ziyod baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. «Termiz agro fish eksport» baliqni qayta ishlash agrofirmasi ulardan biri. Korxonada Vetnam texnologiyasi asosida Afrika laqqasi, karp kabi baliqlar yetishtirilmoqda. Qashqadaryo viloyati baliqchilari ham faollik ko‘rsatmoqda. 260 dan ortiq baliqchilik xo‘jaligida o‘tgan yili 4 ming 450 tonna parhez mahsulot tayyorlandi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6 ming 175 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Andijon viloyati «Ulug‘nor baliq» mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tgan yili ochiq maydonda 925 tonna baliq yetishtirildi. Yil oxiriga qadar esa bir ming ikki yuz tonna baliq yetishtirish mo‘ljallanmoqda.

– Xo‘jaligimizda boqilayotgan olachipor baliqning vazni 8 kilogrammgacha yetadi, go‘shti shirin va qiltanog‘i oz, – deydi korxona rahbari Abdusalom Ro‘zimatov. – O‘txo‘r oq amur baliqni boqish ham ijobiy natija bermoqda. Baliqchilik xo‘jaliklaridagi hovuzlarda qovg‘a o‘simligi, ayniqsa, tez rivojlanadi. Bunday sharoitda oq amur baliqlari ham mazkur o‘t bilan oziqlanadi, ham havzalardagi suvning toza va mo‘tadil saqlanishi uchun sharoit yaratadi. Yaqindan boshlab yapon sazanini tajriba tariqasida parvarishlashni boshladik. Ular sovuqqa va issiqqa chidamli, go‘shti juda mazali. Xorijda xaridorgir.

Huquqiy asos – rivojlanish poydevori 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada yangidan-yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Unga ko‘ra, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Joylarda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiruvchi 13 hududiy “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularga 2023-yilning 1-yanvarigacha urug‘, baliq chavog‘i yetishtirish, baliq mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlarini yagona soliq to‘lovidan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar berildi. Yuqori mahsuldor baliq turlarini iqlimlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish hisobiga Afrika laqqasi, tilyapiya, forel, Vengriya sazani va osyotr kabi baliq turlarini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yiladi.

Baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning tashkiliy-texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, baliq chavoqlarini takror ko‘paytirish va ozuqa bazani mustahkamlash, tabiiy suv havzalari va sun’iy ko‘llar resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullarni va intensiv texnologiyalarni joriy etish «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasining asosiy vazifalari hisoblanadi.

Bundan tashqari, baliqchilik tarmog‘ida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy va texnik yangiliklarni tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirildi. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida hamda boshqa hududlarda uning filiallari ochilmoqda.

– Baliqchilikni rivojlantirishda dunyoning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, ilm-fan yutuqlari va innovatsion yangiliklarga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ruhillo Qurbonov. –Shuningdek, tog‘li hududlarda sovuq suvga moslashgan qimmatli baliq turlari ko‘paytirilmoqda. Misol uchun, Toshkent viloyatida forel, osyotr, losos yetishtirilib, ichki bozor keng turdagi arzon va sifatli baliq mahsulotlari bilan to‘ldiriladi. Ko‘plab tadbirkorlarimiz krevetka, qisqichbaqa kabi import o‘rnini bosuvchi dengiz mahsulotlarini yetishtirishga bel bog‘lagani ham quvonarlidir.

Vetnam tajribasining afzalligi nimada?

– Biz Xiva tumanidagi “Eshon Ravot baliq” fermer xo‘jaligi bilan hamkorlikda baliq yetishtirmoqdamiz, – deydi Vetnamning "Nguen Duc Chi» korxonasi direktori Nguyen Van Chi. – Buning uchun 400 gektarda havza bunyod etish ishlari boshlab yuborildi. Ularni zarur qurilma bilan jihozlab, yangi usulda baliq yetishtirish tajribasini amalga oshiramiz. Kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlab, yangi loyihalarda ishtirok etmoqchimiz.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, baliq eksport qilish bo‘yicha Vetnam dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Bu davlatda baliq mahsulotlari eksporti 7,1 milliard dollarni tashkil etadi. Vetnam texnologiyasi uvildiriqlarni intensiv usulda yetishtirish va havzalarga yuqori tig‘izlikda o‘tkazishga ixtisoslashgan. Bunday usul baliqlarning omixta yem sarfiga nisbatan rivojlanish sur’ati yuqoriligi, salbiy gidrokimyoviy holatlar va kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi.

Odatda, bir gektar havzadan o‘rtacha 15-20 sentner baliq olinadi. Vetnam texnologiyasi samarasida bu ko‘rsatkich 400 sentnergacha yetadi. Vetnamda Osiyo laqqasi (pangasius) yetishtirish yirik sanoatga aylangan. Hozirgi kunda dunyoda yetishtiriladigan Osiyo laqqasining 50 foizi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Pangasius qayta ishlanib, file holiga keltirilgandan so‘ng mahsulot maxsus texnologiyada glazur (maxsus jilo beruvchi qorishma) bilan qayta ishlanib qadoqlanadi va dunyoning o‘nlab mamlakatlariga eksport qilinadi.

– Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga safari chog‘ida xo‘jaligimiz loyihasi bilan ham yaqindan tanishib, bizga qimmatli maslahatlarni berdi, – deydi Xivadagi "Boltaboy oqsoqol" fermer xo‘jaligi rahbari Haydarbek Ollaberganov. – O‘tgan yili aholi dasturxoniga 490 tonna baliq yetkazib berdik. Faoliyatimizni tahlil qilib, samaradorlikni oshirish maqsadida Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirish va uni qayta ishlash choralarini ko‘rishga kirishib ketdik.

Afrika laqqasi iqlimimizga moslashmoqda 

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining yordamchi baliqchilik xo‘jaligida ochiq suv havzalari yo‘q. Aksincha, bu yerda baliqlar yopiq, ya’ni maxsus bino ichidagi hovuzlarda boqiladi. Yana qanaqa baliqlar deng, boshqa joylarda deyarli uchramaydigan Afrika laqqasi!

Mazkur suv jonivori ochiq havoda ham ma’lum vaqt hayotchanlik xususiyatiga egaligi bilan turdoshlaridan tubdan farq qiladi. Aniqrog‘i, u jabrasi ustidagi maxsus a’zosi orqali nafas olib, 14-47 soat davomida yashashga qodir. Muhimi, mahsuldor va boqish muddati ham qisqa. Masalan, sakkiz oy davomida baliqlarning eng kam vazni bir kilogrammni tashkil etadi. Afrika laqqasidan bir kub metr suvda 300 kilogrammgacha mahsulot yetishtirish mumkin. Afrika laqqasi yoz oylarida tez rivojlanadi. Suvsizlikka chidamli bo‘lib, ozuqa tanlamaydi, go‘shti shirin, qiltanoqsiz.

Qafas usulining afzalligi ko‘p 

– Olimlarimiz baliq yetishtirishni rivojlantirish uchun intensiv usulni keng targ‘ib etishmoqda – deydi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ruhillo Qurbonov. – Bunda baliqlar kichik suv havzalari va suvni isrof qilmaydigan yopiq tizimlarda yetishtiriladi. Intensiv usulda kichik hajmli, ixcham basseynlar va suv ta’minoti tez almashinadigan kichik oqar suv hovuzlarida baliqlar yuqori tig‘izlikda parvarishlanadi. Basseynlardagi oqar suvlar isrofsiz irrigatsiya tizimiga qaytariladi. Shuningdek, suv harorati va kislorod miqdori mo‘tadil bo‘lishi orqali qisqa muddatda baliq yetishtirish imkonini beradi.

Qafasda intensiv usulda baliq yetishtirishning afzal jihatlari o‘ziga xos bo‘lib, hovuz suvini yangilab turish imkoniyati bo‘lgan oilalar ham bundan foydalanishi mumkin. Qolaversa, qishloq va uy sharoitida baliq boqishga imkoniyati bo‘lmagan oilalar oilaviy tadbirkorlik asosida banklardan kredit olib, sadok usulida baliq yetishtirishi mumkin.

Markaziy Farg‘ona suv omborida «Dolina Liana» korxonasi 40 dona sadokda 100 tonna baliq yetishtirib, 132,2 million so‘m foyda oldi. Korxona joriy yilda sadoklar sonini 90 taga yetkazib, 270 tonna baliq yetishtirishni rejalashtirmoqda.

Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinadiki, bu usulning imkoniyatlari va istiqboli katta. Misol uchun, Vetnamda 4 ta sadokka bitta oila qaraydi. Demak, 4 ta sadok butun oilani boqadi. Ta’kidlash joizki, vetnamliklar bu ishga ilmiy asosda yondashgani bois, bir qafasda 3,5 tonnadan 4,5 tonnagacha, ayrim hollarda 5 tonnagacha baliq olinadi.

Baliqchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijalari bugun bozorlarimizda aks etmoqda. Baliq mahsulotlari mo‘l-ko‘lligi ularning narxi oshib ketishiga yo‘l qo‘ymayapti. Aholi o‘rtasida ushbu parhez mahsulot iste’molining o‘rtacha ko‘rsatkichlari ham izchil o‘smoqda.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 236






Все о погоде - Pogoda.uz