Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 20:35 Chop etish versiyasi

Avtomobil raqamlarini sotish bo‘yicha onlayn-auksion ishga tushdi

"O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi" aksiyadorlik jamiyati avtoraqamlarni sotish bo‘yicha elektron auksionlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan yangi informatsion tizim va veb-saytni ishga tushirdi.

Elektron savdolarning yangi mexanizmi ochiqlik, shaffoflik, raqobatbardoshlik va barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar yaratish tamoyillariga asoslangan. Yangi mexanizm Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 11-iyuldagi "Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi avtomototransport vositalari uchun davlat raqami belgilarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorlariga muvofiq ishlab chiqildi. Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida jismoniy va yuridik shaxslarga oshirilgan to‘lov stavkasi bo‘yicha avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilarini berayotganda "O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi" AJning axborot tizimida auksion o‘tkazish tartibi tasdiqlangan.

"O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi" AJ savdo direktori Aziz Abdug‘aniyevning ta’kidlashicha, tovar-xomashyo birjasining elektron auksionlarni tashkil qilish va o‘tkazish borasidagi ko‘p yillik tajribasiga tayangan holda yangi axborot tizimi va www.avtoraqam uzex.uz veb-sayti ishga tushirilgan. Bu avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilarini elektron auksionda sotish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, mazkur loyiha tovar birjasi faoliyatida yangi yo‘nalish – B2B va B2C elektron tijorat modellarini ishga tushirishga zamin yaratadi. Jadal rivojlanayotgan zamonaviy AKT va mijozlarga xizmat ko‘rsatishda innovatsion yondashuv barcha savdo ishtirokchilari uchun foydali va qulay sharoit yaratish imkonini berdi.

Xususan, birja mijozlari onlayn-auksionda mobil uskunalari orqali ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun "Avtoraqamlar" savdo tizimining maxsus mobil ilovasi ishlab chiqildi. Birja yangi savdo maydonining yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, onlayn-auksionda ishtirok etish jarayoni hech qanday hujjatlar aylanmasisiz, shaxsiy kabinet orqali amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda birjaning onlayn-auksionlariga O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bo‘linmalari tomonidan 50 dan ortiq turli toifadagi avtoraqamlar sotuvga qo‘yilgan. Savdoda ishtirok etish va raqam olish uchun iste’molchilar birjaning veb-saytida onlayn-ro‘yxatdan o‘tishi hamda birjaning Hisob-kitob kliring palatasiga (HKKP) garov pulini "Woy-Wo" elektron to‘lov tizimi orqali to‘lashi lozim. Garov puli miqdori avtoraqam boshlang‘ich narxining 10 foizini tashkil qiladi. Barcha hisob-kitoblar birja HKKP orqali naqd pulsiz to‘lov asosida amalga oshiriladi. E’tiborga molik jihati, tizim mijoz shaxsiy kabinetiga bir vaqtning o‘zida bir nechta plastik kartalarni ulash imkonini beradi.

Amaldagi qoidalarga muvofiq, sotib olingan avtoraqam O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bo‘linmalari tomonidan rasmiylashtiriladi. Moddiy majburiyatlar to‘la qoplangan sanadan boshlab 10 kun ichida mijoz aybi bilan rasmiylashtirish jarayoni amalga oshirilmasa, HKKP kelishilgan summaning teng yarmini shartnoma shartlarini bajarmagani uchun jarima sifatida respublika byudjetiga o‘tkazib yuboradi, qolgan yarmini esa mijozga qaytaradi. Bunday talablar birjada amalga oshirilgan shartnoma shartlari to‘la, to‘g‘ri va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash uchun qo‘llaniladi.

Yangi tizim imkoniyatlaridan bo‘lajak xaridorlarni to‘liq xabardor qilish uchun birjaning qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish markazi operatorlari tomonidan mijozlarga onlayn-auksionda qatnashish shartlari bo‘yicha maslahatlar berilib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, birja veb-saytida onlayn-maslahatxona, anonim onlayn-so‘rovnoma, fuqarolarning elektron murojaati va "ishonch telefonlari" singari interaktiv xizmatlar ham mavjud.

Roman Bondarchuk, O‘zA
1 333






Все о погоде - Pogoda.uz