O‘zA O`zbek

26.08.2020 Chop etish versiyasi

Attestatsiya, ekspertiza jarayonlari ham elektron tarzda amalga oshiriladi

Attestatsiya, ekspertiza jarayonlari ham elektron tarzda amalga oshiriladi

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, xususan, raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishdagi saʼy-harakatlarga muvofiq, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish jarayoni ham bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda.

Milliy matbuot markazida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tashkil etilgan brifingda “Elektron OAK” xususida batafsil maʼlumot berildi.

Ayni paytda OAK faoliyatida 7 ta axborot tizimi amaliyotga joriy etilgan boʻlib, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda yana 5 ta axborot tizimi ishlab chiqildi va hozir tizimlar test rejimida sinovdan oʻtkazilmoqda.

Ushbu axborot tizimlari global va korporativ tarmoq asosida himoyalangan tartibda ishlaydi. Ularning bazasi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yaratilib, interfeyslari oʻzbek, rus va ingliz tillarida lokalizatsiya qilingan. Ulardan foydalanish masofasi chegaralanmagan, barcha attestatsiya jarayonlarini masofaviy tashkil qilish imkoniyati mavjud.

“Elektron OAK” tizimining yaratilishi ilk bor milliy darajada ilmiy darajalar, ilmiy unvonlar boʻyicha attestatsiya ishlari, jumladan, ekspertiza jarayoni ham elektron tarzda amalga oshiriladi. Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar va OAK oʻrtasidagi barcha hujjatlar korporativ elektron hujjatlar aylanish kompleks-tahliliy axborot tizimi asosida amalga oshiriladi. Ilk bor milliy darajada dissertatsiyalar internet tarmogʻi orqali ilmiy jamoatchilikning elektron ekspertizasidan oʻtkaziladi va uning ijobiy natijasi asosida himoyani tashkil etish yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, attestatsiya jarayonlarini uzluksiz va onlayn shaklda tashkil qilishning ilmiy-tashkiliy va dasturiy bazasi yaratiladi va ilmiy unvonlar, ilmiy darajalar boʻyicha doimiy ravishda oʻsib boruvchi maʼlumotlar bazasiga ega boʻlgan idoraviy axborot tizimlari “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahliliy tizimi” dasturiy-apparat kompleksiga integratsiya qilinadi.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimiga joriy etilayotgan mazkur axborot tizimlari soha faoliyatining sifati va natijadorligini oshirishda, attestatsiya jarayonining shaffofligini va mazkur jarayon ishtirokchilarining masʼuliyatini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

18 942
B.Meliqulova, OʻzA