O‘zA O`zbek

20.09.2018 Chop etish versiyasi

Asakada elektrokar ishlab chiqariladi

Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov Asaka tumanida tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan muloqot oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 11-sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasidaoʻtkazilgan tadbirda tuman, shahar hokimlari oʻrinbosarlari, bank va soliq idoralari rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar va xorijiy investorlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda viloyatda 2018-2019 yillarda amalga oshirilishi belgilangan, lekin banklar tomonidan moliyalashtirilishi kechiktirilayotgan 31 ta investitsiya loyihasi muhokama qilindi. Loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirishga toʻsiq boʻlayotgan, xususan, kredit ajratish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish boʻyicha choralar belgilandi.

Yer maydonlari va boʻsh turgan bino-inshootlarni belgilangan tartibda ajratish, kreditlar berilishi, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq qator muammolar koʻtarildi. Ularning ayrimlari joyida hal etildi. Bundan tashqari, 14 tadbirkorning yer soʻrab qilgan murojaati qanoatlantirilib, shu yerning oʻzida yer ajratish boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, viloyat hokimi meva-sabzavotni qayta ishlash, toʻqimachilik mahsulotlari va elektrokar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan Rossiya, Janubiy Koreya va turkiyalik investorlar bilan ham muloqot oʻtkazdi.

– Oʻzbekistonda tadbirkorlar, ayniqsa, investorlarga keng imkoniyatlar yaratilgani uchun ham yurtingizda ish olib borishga qaror qildik, – deydi “Rooper teikom Co. Ltd” kompaniyasi direktori Sung In Song. – Hamkorlarimiz bilan umumiy qiymati 2 million AQSH dollari boʻlgan loyiha doirasida kelgusi yil oxiriga qadar Asakadaelektrokar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldik.

Muloqot davomida yangi loyihalarni amalga oshirishga toʻsiq boʻlayotgan muammolarning aksariyati hal etildi, ayrim masalalar boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

3 158
Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA