O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

“Asaka” bank YETTB bilan hamkorlikda moliyaviy savodxonlikni oshirishga bel bogʻladi

“Asaka” bank YETTB bilan hamkorlikda moliyaviy savodxonlikni oshirishga bel bogʻladi

Mamlakatimizda xalqaro moliya institutlari bilan iqtisodiy hamkorlik yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bu jarayonda koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, bugungi kunda bank mahsulotlari va xizmatlaridan toʻgʻri foydalanish moliyaviy bozorni rivojlantirishning zarur sharti hisoblanadi.

Bu jihatlarni eʼtiborga olgan “Asaka” bank rahbariyati kichik va oʻrta biznes vakillari, shuningdek, xususiy tadbirkorlar moliyaviy savodxonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Shu maqsadda “Asaka” bank Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan hamkorlikda seminar oʻtkazdi. Тadbirda YETTB vakili Jahon Shamsiyev ishbilarmonlarni, endi ish boshlayotgan tadbirkorlarni savdoni moliyalashtirish vositalari bilan tanishtirdi. Shuningdek, “Asaka” bankning mazkur xalqaro moliya tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqqan moliyaviy vositalar va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash loyihasi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

YETTB vakili zamonaviy bank xizmatlarini oʻzlashtirish va ulardan foydalanishga boʻlgan qiziqish, shubhasiz, moliyaviy bozorlarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Turli sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar, yangi samarali moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlari, tovarlar eksportini rivojlantirish muhokama qilindi.

Seminarda, shuningdek, YETTB savdoni rivojlantirish dasturi, kafolatlarni taqdim etish, qisqa muddatli moliyalashtirish, ichki va tashqi faktor, kichik va oʻrta biznes vakillariga maslahat berish kabi mavzular boʻyicha ham maʼlumotlar taqdim etildi.

Toʻqimachilik sanoati vakillari biznesni muvaffaqiyatli yuritish tajribasi bilan oʻrtoqlashdi, bank bilan mustahkam aloqalarni rivojlantirish, zamonaviy bank mahsulotlaridan foydalanish, biznes masalalarining samarali yechimlari va kelajakdagi istiqbollar haqida soʻzlab berdi.

Taʼkidlash joizki, “Asaka” bank YETTB bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududlarida biznesdagi moliyaviy savodxonlikni oshirish boʻyicha tadbirlarni davomli tashkil etishni maqsad qilgan.

“Asaka” bank Matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida

12 956
O'zA