O‘zA O`zbek

19.09.2018 Chop etish versiyasi

Arab muvofiqlashtirish guruhi Oʻzbekistondagi loyihalarga qiziqish bildirmoqda

Arab muvofiqlashtirish guruhi Oʻzbekistondagi loyihalarga qiziqish bildirmoqda

Toshkentda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tijorat banklari va Arab muvofiqlashtirish guruhi aʼzolari – Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi, Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi, OPЕK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi, Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi vakillari ishtirokida davra suhbati oʻtkazilmoqda.

photo5264857283685361946.jpg

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston bilan Arab muvofiqlashtirish guruhi oʻrtasidagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. Oʻtgan yillar davomida Islom taraqqiyot banki koʻmagida mamlakatimizda qiymati 926 million dollarga teng loyihalar amalga oshirildi. 2017 yili Oʻzbekiston va ITB oʻrtasida imzolangan 300 million dollarlik moliyaviy kelishuvga koʻra, bank taqdim etgan mablagʻlar “Qishloq joylarida turar joy qurilishini rivojlantirish“ loyihasining 2-bosqichini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan. 

Bundan tashqari, bugungi kunda Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi bilan qiymati 100 million dollarga teng 4 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan 2 tasi tibbiyot muassasalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlashni koʻzda tutadi. 

Tadbirda Oʻzbekiston tomonidan “Har bir oila tadbirkor”, “Obod qishloq” dasturlari, taʼlim, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, uy-joy kommunal xoʻjaligi sohalari boʻyicha investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. 

Ayni damda tomonlar ushbu loyihalarning Arab muvofiqlashtiruvchi guruhi tomonidan moliyalashtirilishi masalasini muhokama etmoqda. 

Anjuman davomida Arab muvofiqlashtirish guruhi aʼzolari bilan istiqbolli hamkorlikka oid qator hujjatlar imzolanishini kutilmoqda. 

Eslatib oʻtamiz, Arab muvofiqlashtirish guruhining 2014 yili Toshkentda oʻtgan yigʻilishida mamlakatimiz umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ziyod boʻlgan energetika, yoʻl infratuzilmasi, kommunal xoʻjalik, taʼlim, ekologiya, irrigatsiya, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish kabi sohalarga oid jami 25 ta loyiha taqdimotini oʻtkazgan. 

4 769
Malohat Husanova, OʻzA